Ikki yil qidiruvda boʻlgan qizaloqlar onasining bagʻriga qaytarildi

12:16 19 Noyabr 2024 Jamiyat
178 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Ikki yil bir qarashda unchalik katta muddat emas. Ammo bu yillar mushtipar ona uchun xuddi ikki asrdek tuyulgani ayni haqiqatdir.

Ona ushbu yillar davomida bolalari bilan biror marta ham koʻrisha olmadi. Ustiga ustak ota hozirda ikkinchi sinf oʻquvchisi boʻlishi kerak boʻlgan toʻngʻich qizini taʼlim olish huquqidan ham mahrum etgandi.

Fuqarolik ishlari boʻyicha Qoʻqon tumanlararo sudining 2023-yil 22-avgustdagi hal qiluv qaroriga koʻra, qarzdor Nodirbekdan undiruvchi Kamolaxonga voyaga yetmagan qizlarini onasi tarbiyasiga olib berish toʻgʻrisidagi ijro hujjati MIBning Qoʻqon shahar boʻlimiga kelib tushgan.

— Bir necha marotaba ogohlantirilishiga qaramay qarzdor farzandlarini onasiga qaytarish masalasini asossiz ravishda koʻp marotaba ortga surib yuraverdi, — deydi Majburiy ijro byurosining Qoʻqon shahar boʻlimi boshligʻi Kamolxon Eshonxonov. — Natijada joriy yilning 14-mart kuni sud qaroriga asosan, unga nisbatan maʼmuriy jarima chorasi qoʻllandi.

Ijro harakatlariga qarshilik qilgani uchun Nodirbek shu yilning 9-avgust kuni JIB Qoʻqon shahar sudining hukmiga binoan toʻqqiz oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Afsuski, bu jazoni ham unga yetarli saboq boʻlmadi va farzandlarini onasiga qaytarib bermadi.

Joriy yilning 12-noyabr kuni MIBning qidiruv shoʻbasi xodimlari tomonidan olingan tezkor xabarga koʻra, ikki qizaloq Qoʻqon shahridagi psixolog qabulida ekanligi aniqlandi. Natijada qidiruv shoʻbasi davlat ijrochilari hamda IIB xodimlari hamkorligida qizaloqlar oʻz onasiga qaytarildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?