Ichimlik suvi uchun asossiz hisoblangan toʻlovlar uchun qancha miqdorda kompensatsiya toʻlanadi?
Maʼlumki, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy oʻsish va barqaror rivojlanish yoʻlida ildam qadam tashlamoqda. Tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik va ishonchning mustahkamlanishi, hamkorlikning rivojlanishi albatta, ikki mintaqa davlatlarining manfaatiga toʻgʻri keladi.
Joriy yilning 15-16-iyul kunlari Poytaxtimizda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro anjumanning oʻtkazilishi ham ikki mintaqa oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni yangi bosqichga koʻtarish uchun qulay imkoniyat boʻldi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mazkur xalqaro konferensiyada soʻzlagan nutqidan kelib chiquvchi asosiy vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Yigʻilishni parlament quyi palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari A.Haitov kirish soʻzi bilan ochar ekan, partiya oʻz amaliy saʼy-harakatlarida Oʻzbekistonning tashki siyosiy yoʻnalishini qoʻllab-quvvatlagan holda oʻta muhim boʻlgan vazifa - Markaziy Osiyoni barqarorlik, izchil rivojlanish va yaxshi qoʻshnichilik hududiga aylantirish vazifasini amalga oshirishga koʻmaklashish uchun partiyaviy, parlament va xalqona diplomatiyaning barcha imkoniyatlarni ishga solishga intilayotganini taʼkidladi.
— Biz elektoratimizning tub manfaatlaridan kelib chiqqan holda, yaqin va uzoq xorij mamlakatlari bilan tinchlikparvar, ochiq va oqilona siyosat doirasida samarali hamkorlikni davom ettirishni muhim, deb hisoblaymiz, - dedi A.Haitov. - Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent shahrida yuqori darajadagi xalqaro anjumanning oʻtkazilishi ana shunday siyosatning namunasi boʻldi.
Fraksiya yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” qonun loyihasi ham koʻrib chiqildi.
Mazkur hujjat bilan Agentlik va uning hududiy boʻlinmalarining voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasini amalga oshirish sohasidagi vakolatlari va vazifalari belgilanmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 14-sentyabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonuniga Agentlik yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatli davlat organi sifatida belgilanib, uning yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlarini belgilovchi normalar nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi Yoshlar ishlari agentligining yoshlarga oid davlat siyosati, yoshlarning nazoratsizligi va huquqbuzarligi profilaktikasi, vasiylik va homiylikdagi yoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohalaridagi vakolatlari huquqiy jihatdan belgilanishiga hamda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda aholining 65 foizi markazlashgan ichimlik suvi va 17 foizi oqova suv xizmatlari bilan taʼminlangan boʻlib, 17 ta suv taʼminoti tashkiloti tomonidan 9 408 ta suv taʼminoti, 58 ta kanalizatsiya inshooti, 72 ming km ichimlik suvi hamda 8,6 ming km oqova suv tarmoqlari orqali xizmatlar koʻrsatilib kelinmokda.
Lekin ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv chiqarish eng muhim sohalardan biri boʻlib, ushbu masalalar bugungi kunga qadar qonun darajasida tartibga solinmagan. Amaldagi qonunchilikda ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari isteʼmolchilarining majburiyatlari aniq belgilangan boʻlib, suv taʼminoti tashkilotlarining majburiyatlari esa mustahkamlanmagan.
Cyv taʼminoti tashkilotlari faoliyatida intizomning sustligi oqibatida quvurlarda nosozliklar vujudga kelmokda va isteʼmolchilar tomonidan ularga noqonuniy ulanish holatlari kuzatilmokda.
Yigʻilishda koʻrib chiqilgan “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv chiqarish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasida suv taʼminoti tashkilotlarining ushbu sohadagi majburiyatlari va huquqlari belgilanmoqda.
Mazkur hujjat bilan ichimlik suvi va oqova suv quvurlarining isteʼmolchi hududiga tutashgan qismigacha ichimlik suvi taʼminoti tashkiloti masʼul hisoblanishi nazarda tutilib, isteʼmolchilarga asossiz hisoblangan toʻlovlarning 50 foiziga teng miqdorda ichimlik suvi taʼminoti tashkilotidan kompensatsiya (penya) talab qilish huquqi berilmoqda.
Taklif etilayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida sohani barqaror rivojlantirish va xizmatlar sifatini oshirishga moʻljallangan taʼsirchan huquqiy baza yaratilishi, suv taʼminoti tashkilotlari faoliyatida intizomni kuchaytirish orqali nosozliklar okibatida ichimlik suvi isrof qilinishining oldi olinadi.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan oʻz takliflarini bildirgan holda, uzoq tortishuv, bahs va munozaralardan soʻng ushbu loyihani birinchi oʻqishda qoʻllab-quvvatlashdi.
Yigʻilishda muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring