“Hukumat soati”: vazir deputatlar savollariga javob berdi

00:18 16 Fevral 2023 Jamiyat
652 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” boʻlib oʻtdi. Unda xalq vakillari “Pedagogika oliygohlarida zamonaviy pedagoglarni tayyorlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masalani muhokama qilishdi.

Mazkur masala yuzasidan deputatlarning savollariga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri I.Abdurahmonov javob berdi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda yurtimizda pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarini tizimli rivojlantirish va ularda boshqaruv faoliyatini takomillashtirish, ilgʻor xorijiy tajribalarni joriy qilgan holda zamonaviy taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, yuqori malakali professional kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga koʻtarish, pedagogika sohasida taʼlim, ilm-fan va amaliyot uygʻunligini taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlar qilinmoqda.

“Hukumat soati”da deputatlar pedagogika oliygohlarida pedagoglarni tayyorlash metodikasi zamonaviy taʼlim-tarbiya talablariga uygʻun olib borilayotgani bilan qiziqdi.

I. Abdurahmonov qayd etganidek, bugungi kunda mamlakatimizda 14 ta pedagogika oliygohida 27 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha pedagog kadrlar tayyorlanyapti. Mazkur taʼlim muassasalarida pedagoglarni tayyorlash metodikasi zamonaviy taʼlim-tarbiya talablariga muvofiq olib borilmoqda. Jumladan, 2022/2023-oʻquv yili uchun taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarining 59 ta oʻquv reja va 1004 ta fan dasturi mazmuni toʻliq qayta koʻrib chiqildi va xalqaro talablar asosida takomillashtirildi.

Shuningdek, oʻquv rejalar va fan dasturlarini tayyorlashda xorijiy oliy taʼlim muassasasi mutaxassislari ekspert hamda fan dasturlariga hammuallif sifatida jalb etildi. Oʻquv reja va fan dasturlari Taʼlimning xalqaro standart klassifikatsiyasi (MCKO+2011) va halqaro baholash dasturlari (PISA, TIMSS, PIRLS, TALIS)ga muvofiqlashtirildi.

Pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasasida tahsil olayotgan 2-4 bosqich talabalarining malakaviy amaliyotini oʻtashlari uchun Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan, umumtaʼlim va maxsus maktablarda, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “4+2” tartibda amaliyot tashkil etilmoqda. Bu oʻz navbatida, taʼlim-tarbiya hamda nazariya va amaliyotning uygʻunligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Deputatlar sohada olib borilayotgan ishlarni eʼtirof etib, jahon tajribasida uzogʻi bilan uch yilda pedagoglarni tayyorlashga erishilayotgan bir paytda, pedagoglarni tayyorlash uchun toʻrt yillik taʼlim dasturi asoslimi, degan savol bilan vazirga yuzlandi.

Vazir I.Abdurahmonov taʼkidlaganidek, oliy maʼlumotli pedagog mutaxassislar tayyorlash jarayonini optimallashtirish natijasida 2020/2021-oʻquv yilidan musiqa, jismoniy madaniyat, texnologik taʼlim, chaqiriqqacha harbiy taʼlim, tasviriy sanʼat va muhandislik grafikasi, maktabgacha taʼlim, maktabgacha va boshlangʻich taʼlimda jismoniy tarbiya va sport kabi taʼlim yoʻnalishlarining oʻqish muddati uch yil etib belgilangan.

Pedagogika sohasining boshqa taʼlim yoʻnalishlariga davlatimiz rahbarining “2022-2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida” Farmoni koʻra, 2022/2023-oʻquv yilidan oʻquv dasturlari oʻzaro yaqin boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha asosiy va qoʻshimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish, xususan, joriy oʻquv yilida 4 ta taʼlim yoʻnalishi: Matematika va informatika (qoʻshimcha informatika fani oʻqituvchisi), Pedagogika (qoʻshimcha tarbiya fani oʻqituvchisi), Biologiya (qoʻshimcha tabiiy fanlar oʻqituvchisi), Maxsus pedagogika: surdopedagogika (qoʻshimcha surdotarjimon) boʻyicha asosiy va qoʻshimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish tartibi joriy qilindi.

Shuningdek, asosiy va qoʻshimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish boʻlajak pedagog kadrlarni pedagogik faoliyatlarini samarli tashkil etishda katta xizmat qiladi. Shundan kelib chiqib pedagoglarni tayyorlash uchun toʻrt yillik taʼlim dasturi asosli deb hisoblaymiz.

“Hukumat soati”da xalq vakillari umumiy oʻrta taʼlim maktablarida Tarbiya darsliklarini oʻqitish uchun maxsus pedagogik, psixologik koʻnikmalarga ega pedagoglarni tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan qiziqdilar.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri aytib oʻtganidek, 2022/2023-oʻquv yilidan oʻquv dasturlari oʻzaro yaqin boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha asosiy va qoʻshimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish tartibi joriy etildi.

Xususan, Pedagogika va psixologiya taʼlim yoʻnalishi negizida 2022-2023 oʻquv yilidan boshlab Pedagogika (qoʻshimcha tarbiya) taʼlim yoʻnalishi tashkil etildi. Boʻlajak tarbiya fani oʻqituvchilari uchun oliy tʼlim muassasasi professor-oʻqituvchilari tomonidan “Pedagogika nazariyasi va tarixi”, “Kreativ pedagogika”, “Ijtimoiy pedagogika”, “Milliy tarbiya”, “Tarbiya diagnostikasi va korreksiyasi” va “Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida Tarbiya fanini oʻqitish metodikasi” mutaxasislik fanlaridan yangi avlod oʻquv adabiyotlari yaratilmoqda.

Bundan tashqari, Tarbiya oʻqituvchilarini tayyorlash uchun “Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida Tarbiya fanini oʻqitish metodikasi” fani boʻyicha oʻquv adabiyotlar yaratildi. Ushbu oʻquv adabiyotlarida bir qator taʼlim texnologiyalari va metodika xamda uni oʻqitish uchun maxsus pedagogik, psixologik koʻnikmalarga ega boʻlajak pedagoglarni tayyorlashda situativ taʼlim, badiiy pedagogika, buktreyler, vitagen taʼlim, event taʼlim imkoniyatlaridan foydalanib dars oʻtishlari uchun tavsiyalar berib oʻtilgan.

Kreativ yondashuv asosida metod va texnologiyalarni tanlash, milliy mentalitetga mosligini taʼminlash, taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etishning zamonaviy va yordamchi shakllaridan unumli foydalanishga hamda kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan maʼruza va amaliy mashgʻulotlar olib borilmoqda.

Savol-javoblarga boy boʻlgan “Hukumat soati”da deputatlar soha istiqboliga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berishdi.

Muhokamalar soʻnggida kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini taʼminlashga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?