Hojatxona qogʻozlari bilan xavfli tryuk qilgan bloger jarimaga tortildi

10:31 03 Yanvar 2025 Jamiyat
369 0

“Jasjan” taxallusi bilan tanilgan bloger J.Sh.ning Toshkent tumanida olgan videosi ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab boʻldi.

Mazkur videoda bloger hojatxona qogʻozlaridan foydalanib kontent tayyorlab, uning ortidan vayn tasvirga olingan hududda hojatxona qogʻozlarini qoldirib ketgan.

Mazkur holat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi va Toshkent shahar IIBB tomonidan oʻrganildi. Natijada J.Sh. atrof-muhitni ifloslantirib, belgilanmagan joyga chiqindi tashlash bilan bogʻliq huquqbuzarlikni qasddan, jamoaviy sodir etgan deb topildi.

Unga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 91-1-moddasi bilan bayonnoma rasmiylashtirildi. Huquqbuzar bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari — 1 million 875 ming soʻm miqdorida jarimaga tortildi.

“J.Sh. tomonidan bunday huquqbuzarlik avval ham sodir etilgan. Hozirda ichki ishlar organlari tomonidan holatga huquqiy baho berilmoqda va qatʼiy choralar koʻriladi. Shuningdek, huquqbuzarning hamrohlari shaxsiga aniqlik kiritilmoqda va ularga ham qonuniy chora koʻrilishi taʼminlanadi”, – deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?