Hovuchi dur, qalbi hur diyor

16:35 26 Avgust 2025 Jamiyat
124 0

Bu goʻsha ne-ne taʼrifu eʼzozga, eʼtiboru ehtiromga munosib koʻrilmagan, deysiz?! U muqaddas, moʻtabar, azizu mukarram, muazzam deya qadrlangan. Maʼnaviyat va maʼrifat beshigi sanalgan. ”Ilm jamuljam boʻlgan joy” deyilgan. Uning Numijkat, Bumichkat yaʼni Yangi qoʻrgʻon, Al – Madina as–sufriyya (Mis shahar), Madinat at–tajjor (Savdogarlar shahri), Foxira yaʼni Faxrli shahar kabi nomlar bilan atalgani ham tarixiy manbalarda muhrlangan.

Avlodlar ardogʻida boʻlib kelgan bu tabarruk zamin istiqlol yillarida yangilandi, chiroy ochdi, yanada koʻrkamlashdi. Bunyodkor el gʻayratu shijoati, matonati bilan koʻhna va navqiron shahar —ismi jismiga monand goʻsha qiyofasini oldi. Hovuchi dur, qalbi hur diyorga aylandi. Gap Buxoroyi sharif haqida borayotganini allaqachon angladingiz, albatta.

Sayohat uchun eng jozibador manzil

Keyingi yillarda Buxoroning turistik salohiyati keskin oʻsdi. Sayyohlik manzillari koʻpaydi. Yangi va muhtasham mehmonxonalar qad rostladi. Gʻijduvondagi “Qoʻrgʻon” mahallasi, Vobkentdagi Shirin, Kogon tumanidagi Qasri Orifon, Jondor tumanidagi Ushot qishloqlari turizm goʻshasi maqomini oldi. Buxoro shahri hamda Jondor tumanida gastronomik koʻchalar barpo etilmoqda. Bu yoʻnalishdagi keng qamrovli ishlar oʻz mevasini beryapti. Chunonchi, viloyatda yillik sayyohlar soni 1 million 700 ming nafarga yetdi. “THE NEW YORK TIMES”dek nufuzli nashr “Buxoro sayohat uchun eng jozibador manzillardan biri” deya eʼtirof etganicha bor-da.

—Bolalagimiz shu zaminda oʻtgan, shuning uchun bu yer biz uchun juda qadrdon,— deydi Qoʻrgʻon mahallasida tugʻilib oʻsgan taniqli kulol, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Abdulla Narzullayev. – Ota makonim bilan har qancha faxrlansam arziydi. Ayniqsa, “Biz turizm mahallasida yashayapmiz”, deyishsa allanechuk boʻlib ketaman. Eʼtiborlisi, mahallamiz koʻchalarida moziy nafasi ufurib turibdi. XIV asrda barpo etilgan toshhammom, XVI asrda qurilgan “Boborahim”, XVII asrda qad rostlagan “Bozori qaymoq”, “Bolo qassobon” masjidlari, ikkita qadimiy quduq, 300 yoshli tut daraxti, oʻnta koʻhna uy uning qadimiyligidan dalolat beradi. Sal narida esa Yetti pirning dastlabkisi – Abdulxoliq Gʻijduvoniy qadamjosi joylashgan.

Mahallada yashovchi odamlarni aytmaysizmi? Ular juda mehnatkash, zehni oʻtkir, qoʻli tekkan joy gullaydi. 512 ta xonadonning 317 tasi u yoki bu hunar etagidan tutgan. Gʻijduvonning mashhur bozoriga shirmoy non, patir, holva, parvarda, turli pishiriqlarning eng sarasini ular yetkazib berishadi. Kabobpazlik, temirchilik, kulolchilik, quroqchilik, beshiksozlik bilan shugʻullanadigan sulolalar bor.

Turizm qishlogʻi maqomiga ega Shirinda esa ayni damda 55 oʻrinli mehmonxona, 6 ta oilaviy mehmon uyi, 14 ta oʻtov va shu kabi qator shoxobchalar mehmonlarga sifatli xizmat koʻrsatmoqda. Hududda baliqchilik klasteri ham tashkil etilyapti.Oʻnga yaqin hunarmandchilik markazi, milliy taomlar tayyorlovchi oshxonalar, yangi mehmon uylari, xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun zamonaviy aloqa xizmatlari faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.

Yevropoyu, Amerikani zabt etgan soʻzanalar

Saodat buvi yoshligidan kashtachilikka mehr qoʻydi. Hatto milliy hunarmandchilikka yot koʻz bilan qaralgan davrlarda ham uyda soʻzana tikishni kanda qilmadi. Milliy koʻrpa-yostiq, choyshab, sochiq, soʻzanalar mehmonlarga moʻljallangan xonaga oʻzgacha bir fayz bagʻishlab turar, qoʻshni ayollar atayin kirib, milliylik ufurib turgan uydan koʻz uza olmay turishardi.

Chindan ham ipak matolardagi gullar jilosi, tokchalardagi rang- barang soʻzanalarni koʻrgan kishining yuragi hapriqib ketar, bir paytlar yoʻqotib qoʻygan narsasini topib olganday ruhan yengil tortardi. Muhabbat ana shunday muhitda voyaga yetdi. Onasiga ergashib, qoʻliga igna tutdi. Mustaqillik esa uning orzu havaslari ushalishiga keng yoʻl ochdi.

—Taqdirimdan mingdan-ming roziman,—deydi Shofirkon tumani Talija qishlogʻida yashovchi Muhabbat Qoʻchqorova.— Kashtachilik ortidan elda obroʻ-eʼtibor topdim. Respublika va xalqaro miqyosda oʻtkazilgan koʻplab koʻrgazmalar ishtirokchisiman. Amerika Qoʻshma Shtatlarining Santa-Fe shahrida anʼanaviy tarzda tashkil etiladigan xalqaro hunarmandlar festivalida ikki bor gʻolib chiqdim. Koʻplab shogirdlar tayyorladim. Ular orasida qizlarim ham bor.

Shularning biri Yulduz Qoʻchqorova allaqachon usta hunarmandga aylanib ulgurdi. Sabr-toqat, qunt, sinchkovlik, koʻz nuri, chuqur mushohada, ijodiy yondashuvni talab qiladigan kashtachilik sir-asrorlarini oʻrgangan sulolaning bu vakili hozir Shofirkondagi qator mahallalardan 200 dan ziyod xotin-qizni kasanachilik asosida ishga jalb etgan. Bogʻiafzal, Pashmon, Chuqurak, Joʻyrabod, Savrak kabi qishloqlarda yashovchi bu kasanachilar shu tariqa uyda ishlab oʻz oilalariga qoʻshimcha daromad olib kelishmoqda. Ular orasida oʻz biznesini yoʻlga qoʻyganlari ham bor.

—Soʻzanalarda ona-tabiatimizning betakror manzaralari, orzularimiz, niyatlarimiz mujassam, — deydi sulolaning yana bir vakili Aziza Tojiyeva. — Sinchiklab razm solsangiz ularda qalb haroratini tuyasiz. Barchasi qoʻl mehnati mahsuli sanaladi. Ana shu jihatlari bilan ular qadrli. Buxoroga, jumladan Shofirkonga kelgan sayyoh borki, mehnatimizni koʻrib, tasanno aytadi. Mahsulotlarimizdan xarid qiladi.

Qizigʻi, yurtimizning ixchamgina bir goʻshasi sanalgan Talijada jilo topgan soʻzanalarga Yevropaning Ispaniya, Italiya, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlari, hatto okeanorti – AQSHdan xaridor chiqmoqda. Shuni hisobga olgan Aziza Etsy, Instagram va eBay orqali onlayn savdoni yoʻlga qoʻydi. Bu hunarni mushkul damlarda tishining kavagida asrab kelgan Saodat buvining nevaralari shu tariqa teran bilim, aql-zakovatlari bilan dunyoni zabt etishmoqda.

Aytmoqchi, Aziza joriy yilda davlatimiz rahbarining yoshlar bilan muloqotida ishtirok etish baxtiga muyassar boʻldi.

—Qizim oʻz faoliyati haqida soʻzlab berganida Prezidentimizning “Kelajakda katta-katta bozorlarda “Aziza qizingizning mahsuloti” degan nomingiz chiqsa, juda minnatdor boʻlardim va shu kunlarga yetishga ishonaman”, degan soʻzlari haligacha shundoq qulogʻim ostida jaranglab turibdi,— deydi Muhabbat Qoʻchqorova.— Bu sulolamizga bildirilgan yuksak ishonch, albatta.

Taʼlim va amaliyot uygʻunligi

Qay bir sohani olmang, unda kadrlar malakasi hal qiluvchi kuch sanaladi. Joriy yil 9-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining bandligini taʼminlash, taʼlim jarayonidagi uzviylikni taʼminlash va sohada mavjud muammolarni bartaraf etishga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishda ham bu alohida taʼkidlandi. Buxoro davlat texnika universiteti tomonidan amalga oshirilgan ishlar alohida eʼtirof etildi.

—Yurtimizdagi uglevodorod xomashyosining salmoqli qismi Buxoro – Xiva mintaqasida joylashgan,— deydi mazkur universitet rektori Sadoqat Siddiqova. — Viloyatdagi 3450 ta korxonaning 193 tasi kimyo va neft – kimyo sanoatiga ixtisoslashgan. Ularning samarali faoliyat yuritishi uchun xorijdan 300 nafar malakali mutaxassis jalb qilingan. Shu bilan birga mahalliylashtirish talab etiladigan 200 turdan ziyod materiallar, butlovchi qismlar va texnologik reagentlarga ehtiyoj bor. Shulardan kelib chiqib, “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda universitetimiz qoshida sohaga ixtisoslashgan ilgʻor muhandislik maktabiga asos solindi.

Malayziya, Xitoy, Janubiy Koreya, Germaniya, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlarning yetakchi oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan taʼlim dargohida “Tarmoq – korxona – oliygoh” dasturi ijrosiga alohida eʼtibor qaratilyapti. Unga koʻra, ishlab chiqarish korxonalarida kafedralarning 58 ta filiali tashkil qilingan. 500 nafardan ziyod talaba haq toʻlanadigan amaliyot va dual taʼlim dasturlariga jalb etilgan. Bu esa taʼlim va amaliyot uygʻunligini taʼminlashda muhim oʻrin tutmoqda.

Yana bir diqqatga molik dalil: 2024-yilning 31-may kuni Prezidentimiz rahbarligida “Gas Chemical Complex MTO Central Asia LLC” korxonasi qurilishiga tantanali tarzda start berilgan, marosimda universitetning bir guruh professor-oʻqituvchilari ham ishtirok etgandi. Endilikda bakalavriat va magistratura talabalarining bitiruv malakaviy ishlari, shuningdek, doktorantlarning dissertatsiya mavzulari aynan MTO majmuasining ishlab chiqarish jarayonlari, texnik va texnologik yechimlarini tadqiq etishga yoʻnaltirilmoqda.

Ahamiyatlisi, bu yirik korxona jamoasi tashabbusi va koʻmagi bilan universitetda “MTO Central Asia LLC” maxsus oʻquv-ilmiy auditoriyasi tashkil etildi. Bu auditoriya talabalar va tadqiqotchilar uchun zamonaviy texnologiyalar asosida bilim olish, malaka oshirish, sohaviy muammolarni oʻrganish va innovatsion yechimlar taklif etishda ilmiy-intellektual maskan vazifasini oʻtaydi.

Roʻzgʻori but, dasti uzun jamoa

“Parvoz Xumo Ravnaq Trans” masʼuliyati cheklangan jamiyatida xorijiy buyurtmachilarni uchratish odatiy hol. Bu korxona mahsulotlarining jahon bozori talablariga mosligi bilan izohlanadi, albatta. Chamasi 20-yilcha qarovsiz yotgan sobiq toʻqimachilik fabrikasi oʻrnida ish boshlagan ushbu subyekt zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Dastgohlar yiliga 1,5 milliard soʻmlikdan ziyod elektr energiyasini tejash imkonini bermoqda. Oʻrnatilgan transformatorlar esa tokni meʼyorlashtirib berish funksiyasiga ham ega.

Shu kabi zamonaviy texnologiyalarni dadil joriy etish, tashqi bozordagi talab va ehtiyojni oʻrganib borish korxonaning eksport salohiyatini oshirmoqda. Agar 2021-yilda 16 million AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilingan boʻlsa, endilikda bu koʻrsatgich ikki baravarga koʻpaydi. Roʻzgʻori but, dasti uzun jamoa ijtimoiy loyihalarga ham qoʻl ura boshladi. Chunonchi, klaster tomonidan koʻp qavatli uy-joylar qurilib, ular 33 ta kam taʼminlangan oilaga va 17 nafar ishchi-xodimga begʻaraz ajratildi.

—Davlatimiz rahbarining 2017-yil 12-yanvardagi tegishli Farmoni asosida tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonamizda bu kabi yirik loyihalar yil sayin koʻpayib bormoqda, — deydi “Gʻijduvon” EIZ rahbari Farhod Umarov.— Bugungi kunda iqtisodiy zona uchun Gʻijduvon, shuningdek, Buxoro, Kogon, Romitan va Qorovulbozor tumanlaridan jami 686, 5 gektar yer maydoni ajratilgan. Bu hududlarda ham bir qator sanoat korxonalari samarali faoliyat koʻrsatmoqda.

Iqtisodiy zonada oʻtgan yilda qiymati 17,3 million AQSH dollarilik 6 ta loyiha ishga tushirildi. Joriy yil oxiriga qadar esa umumiy qiymati 35 million AQSH dollar boʻlgan 8 ta yoʻnalishda mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan. Jumladan, “TEKHNOCHEM” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qoʻshma korxona 26,1 million AQSH dollariga teng piroliz gazolin va piroliz distilyatni qayta ishlashni, “BUKHARA NEXT GENERATION PRODUCT” MCHJ esa 2,5 million AQSH dollariga teng penoplast mahsulotlaridan maishiy texnika va elektronikani qadoqlashni yoʻlga qoʻyadi.

Shuningdek, umumiy qiymati 177,2 million dollarlik 21 ta istiqbolli loyiha takliflari ishlab chiqilgani eʼtiborga molik. Negaki, mazkur maqsadlarning amalga oshirilishi natijasida 1300 dan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi. Bu esa erkin iqtisodiy zonaning eksport salohiyatini oshiribgina qolmay, oʻnlab oilalar turmush sharoitining yaxshilanishiga olib keladi.

Umuman, viloyatda xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish, eksport hajmini koʻpaytirish borasida muayyan natijalarga erishilmoqda. Jumladan, joriy yilning dastlabki yarmida 1 293,4 million AQSH dollari miqdorida chet el sarmoyasi oʻzlashtirilib, 181 ta loyiha amalga oshirildi. 6 oyda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 7,3 foizga oshdi. Yalpi hududiy mahsulot hajmi 6,4 foizga oʻsdi. Bu yil 2024-yildagiga qaraganda 3 baravar koʻp xorijiy investitsiyani oʻzlashtirish koʻzda tutilyapti. Oʻz navbatida eksport yoʻnalishida olti oylik reja 110 foizga bajarildi. Yil oxiriga qadar eksport hajmini 2024-yildagiga nisbatan 133 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Shunday goʻsha doim bor boʻlsin...

Romitan tumanidagi Oʻtabek mahallasida salkam uch ming aholi istiqomat qiladi. Ularning 64 nafarini nogironligi boʻlgan shaxslar tashkil etadi. 35 ta oila esa kam taʼminlangan.

—Nogironligi boʻlgan fuqarolar alohida eʼtiborimizda, — deydi mahalla ijtimoiy xizmat xodimi Maftuna Bobomurodova. — Ular biror bir dard bilan aziyat chekishganida shifokorlar koʻmagiga tayanamiz. Shukrki, viloyatimizda tibbiyot tobora rivojlanyapti. Eng soʻnggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan zamonaviy shifoxonalar xalqimizga beminnat xizmat koʻrsatmoqda. Dardning kelishi oson, ketishi mushkul, degan gap nazarimda, eskirmoqda.

Maftuna Bobomurodovaning aytganicha bor. Sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar el salomatligini muhofaza etish, odamlarning tashvishini yengillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatli. ”Inson qadri uchun” tamoyili mazmun-mohiyatida ham aynan shu jihat mujassam.

—Xalqimiz salomatligini muhofaza qilish mustaqillik yillarida eng ustuvor vazifalardan biriga aylandi,— deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Shuhrat Teshayev. — Buxoro davlat tibbiyot institutining zamonaviy kampusi barpo etilgani, oʻnlab davolash-profilaktika muassasalari uchun koʻrkam binolar qurilgani, eng murakkab jarrohlik amaliyotlarining ham viloyatning oʻzida bajarilayotgani fikrimizning amaliy tasdigʻidir. Yaqinda Buxoro shahrida foydalanishga topshirilgan endokrinologiya dispanseri binosi ham yurtimizda inson salomatligiga eʼtibor yuksak ekanidan dalolat beradi.

Qiymati salkam 48 milliard soʻm boʻlgan mazkur loyiha davlatimiz rahbarining viloyatga qilgan tashrifi doirasida berilgan topshiriq asosida amalga oshirildi. Yangi bino tufayli ixtisoslashgan boʻlimlar soni koʻpaydi. Endilikda shifo maskanida jarrohlik, bolalar va oʻsmirlar, diabetologiya-tireodologiya va diabetologiya-nefrologiya boʻlimlari faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi. Hududda endokrinologik xastaliklarning soni sezilarli darajada kamayishida bu inshootning oʻrni katta boʻladi.

Koʻhna va hamisha navqiron Buxoro bugun bayram ogʻushida. Eng ulugʻ, eng aziz ayyomimiz —Vatanimizning shonli 34-yillik toʻyini shodu xurramlik bilan qarshi olayotgan vohaliklar mamlakatimizda keyingi yillarda aholining hayotidan rozi boʻlishi yoʻlida olib borilayotgan izchil islohotlarga xayrixohligini namoyon etishmoqda. Buxoro shahriga yondosh hududda “Yangi Oʻzbekiston” massivi va bogʻi, zamonaviy xalqaro aeroport barpo etilayotgani, viloyatning yangi maʼmuriy markazi qad rostlayotgani buxorliklar dilida shukronalik hissini uygʻotmoqda. Odamlar koʻz oʻngida yuz berayotgan bunday yangilanish va hayotbaxsh oʻzgarishlar ularda Istiqlolimiz kuch-qudrati hamda Yangi Oʻzbekistonning kelajagiga katta umid va ishonch baxsh etayotganiga shubha qilmasa ham boʻladi. Zotan, bugun vohada 10 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilayotgani, yaqin istiqbolda 32 ming ish oʻrni yaratish imkonini beradigan 21 ta biznes loyiha ishlab chiqarishga tatbiq etilayotgani ham hazilakam ish emas. Bular yurtda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning naqadar hayotiy ekanini tasdiqlab turibdi.

Eh-he, Buxoroga ulkan va mislsiz imkoniyatlar goʻshasi, deya taʼrif bersak ham kam. Quvonarlisi shuki, Progressiv islohotlar markazi (PIM) tadqiqotlari ham aynan shu fikrni tasdiqlamoqda. Markaz tomonidan 2024-yil yakuni boʻyicha tuzilgan reyting natijasiga koʻra, viloyat kuchli uchlikka kirdi. Reytingda sogʻliqni saqlash, taʼlim, iqtisodiyot, infratuzilma, tabiiy muhit kabi omillar nazarda tutilgan. Koʻrinib turibdiki, Buxorai sharif qadimiy osori atiqalari, buyuk tarixi, ulugʻ ajdodlari bilan birga bugungi taraqqiyot sari tashlayotgan dadil qadami orqali ham faxrlanishga arzigulik zaminga aylanmoqda.

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер