Hech bir uchinchi davlat, shu jumladan, Rossiya ham NATOga kim qoʻshilib, kim qoʻshilmasligini hal qila olmaydi — Islandiya va Estoniya Finlyandiya va Shvetsiyaning Ittifoqqa qabul qilinishini maʼqulladi

00:21 07 Iyul 2022 Dunyo
848 0

Foto: Reuters

Islandiya NATOga aʼzo mamlakatlar ichida birinchi boʻlib Finlyandiya va Shvetsiyaning harbiy alyansga qabul qilinishi maʼqulladi. Bu haqda Finlyandiyaning “Yle” teleradio portali xabar bermoqda.

Islandiya prezidenti Gudni Torlatius Yoxannesson chorshanba kuni bu boradagi tegishli hujjatni imzolaganidan keyin u AQSH Davlat departamentiga yuborilgan.

Shuningdek, Shimoliy Atlantika shartnomasining Finlyandiya va Shvetsiyaning qoʻshilishi haqidagi protokollarini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror chorshanba kuni Estoniya parlamenti tomonidan qabul qilindi. Chorshanba kuni chaqirilgan parlamentning navbatdan tashqari sessiyasida 101 deputatdan 79 nafari Shimoliy Atlantika shartnomasining Finlyandiya va Shvetsiyaning qoʻshilishi haqidagi bayonnomalarini tasdiqlashni yoqlab ovoz berdi. Eʼtiborlisi, qarshi hamda betaraf ovozlar ham boʻlmadi.

“Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qoʻshilishi va ikkala davlatning NATOning siyosiy va harbiy tuzilmalariga muammosiz integratsiyalashuvi Estoniya manfaatlariga mos keladi. Sizni ishontirib aytamanki, NATO eshiklari quyidagi davlatlar, jumladan, Ukraina uchun ochiq qoladi. Hech bir uchinchi davlat, shu jumladan Rossiya ham NATOga kim qoʻshilib, kim kirmasligini hal qila olmaydi”, dedi Estoniya tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi, tadbirkorlik va axborot texnologiyalari vaziri Andres Sutt.

Joriy yilning 5-iyul kuni Bryusselda NATOga aʼzo davlatlarning doimiy vakillari aʼzolik protokollarini imzolagan edilar. Shundan soʻng, NATOga aʼzo davlatlar oʻzlarining milliy qonunchiligiga muvofiq protokollarni tasdiqlashlari kerak edi. Shu tariqa, Islandiya va Estoniya birinchilardan boʻlib, Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qabul qilinishiga oʻz xayrixohligini bildirdi.

Taʼkidlash joizki, Finlyandiya va Shvetsiya alyansning barcha aʼzo davlatlari qoʻshilish protokollarini ratifikatsiya qilgandan soʻng rasman NATO aʼzolariga aylanadilar. 

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg protokollarni imzolashdan oldin aytganidek, bu jarayon bir necha oy davom etishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?