Hayotimni Oʻzbekistonsiz tasavvur etolmayman

12:56 27 Avgust 2024 Jamiyat
179 0

Ota-onam ish taqozosi bilan Oʻzbekistonga, Muborak shahriga koʻchib kelishgan, men oʻshanda 8 yoshda edim. Maktabni tugatgach, Buxoro davlat pedagogika institutiga hujjatlarimni topshirdim.

Oʻsha palladagi bir voqea hech yodimdan koʻtarilmaydi. Abituriyentman. Uyimiz Buxorodan chamasi 100 kilometr olisda. Endi qayerda yashasam ekan, degan muammo tugʻildi. Shunda oʻzimga oʻxshagan abituriyent qizlardan biri kutilmaganda uyiga taklif qilib qoldi. Yelkamdan togʻ agʻdarilgandek boʻldi. “Ota-onang rozi boʻlisharmikan?”, debman deng andishaga borib.

Bu kichik voqeani eslaganim bejiz emas. Men oʻz hayotim davomida oʻzbeklarning mehr-oqibatli, mehmondoʻst, oʻzgalar tashvishini xuddi oʻzinikidek qabul qiladigan xalq ekanligiga juda koʻp bor guvoh boʻldim. Ularga mehrim oʻn chandon ortdi. Aytmoqchi, turmush oʻrtogʻimning millati oʻzbek. Ikki farzandni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazdik. Oʻzbekistonsiz hayotimni tasavvur qila olmayman. Taqdirim shu serquyosh yurt bilan bogʻlanganidan mamnunman.

Salkam oʻttiz yildirki, yosh avlodga taʼlim-tarbiya berib kelyapman. Milliy sertifikatga ega oliy toifali oʻqituvchiman. Shogirdlarim orasida iqtidorli, intiluvchan oʻgʻil-qizlar koʻp. Ular fan olimpiadalari, turli koʻrik-tanlovlarda koʻplab muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Pedagogik tajribam ommalashtirilgan. Oyiga 1000 dollar miqdorida maosh olayotgan muallimlar qatoridaman.

Adabiyot darsliklarida nafaqat jahon va rus, balki oʻzbek adabiyoti namunalari ham oʻrin olgan. Rusiyzabon yoshlarga Alisher Navoiy, shuningdek, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon, Gʻafur Gʻulom singari oʻzbek adiblari ijodini qunt bilan oʻrgatib borayapman. Shu oʻrinda zamonaviy oʻquv darsliklarimizning afzalligini ham taʼkidlamoqchiman. Darsliklarda u yoki bu yozuvchi ijodiga mansub ixcham asarlardan namunalar berilgan. Bu oʻquvchida ularni oʻzlashtirishga qulaylik yaratadi. Oʻqituvchini esa izlanishga, oʻsha ijodkorning boshqa asarlarini ham oʻqib oʻrganib oʻquvchiga yetkazishga undaydi.

Mamlakatimiz mustaqilligining qutlugʻ 33-yilligini maktabimiz jamoasi, oilamiz aʼzolari bilan oʻzgacha bir kayfiyatda qarshi olyapmiz. Bu sana men uchun bir umr yodda qoladigan boʻldi. Negaki, Prezidentimizning tegishli Farmoni bilan bir guruh yurtdoshlarimiz qatorida davlatimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlandim. Mehnatim qadr topganidan mamnunman. Bundan soʻng ham yosh avlod taʼlim-tarbiyasi yoʻlida bilimim, kuch-gʻayratimni ayamayman.

Liliya TOVSTENKO,

Buxoro shahridagi 21-umumiy oʻrta taʼlim maktabining

rus tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi,

“Doʻstlik” ordeni sohibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?