Hayot, bu – vaqt mashinasi

13:52 14 Noyabr 2022 Jamiyat
876 0

Foto: Халқ сўзи

“Men erta bolaligimdanoq baʼzi yumushlarni qandaydir boshqacha tarzda bajarish mumkinligi haqida koʻp bosh qotirardim”, degan edi XX asrning buyuk muhandislaridan biri, ishlab chiqarishda oqim-konveyer yoʻlini joriy etgan, AQSH avtomobil sanoatining “otasi”, milliarder Henri Ford. Shu sabab 12 yoshli bolakayga har kuni ertalab aylanma zinadan suv toʻla chelaklarni koʻtarib kelish yoqmas, ogʻir mehnat oʻrniga yerostidan suv quvurlari oʻtkazish mumkinligi haqida xayol qilardi. Uning kichik ixtirolari 12 yoshga toʻlgan kunida otasi sovgʻa qilgan choʻntak soatidan boshlandi. Soatni ochdi va koʻz oʻngida ajabtovur moʻjiza paydo boʻldi. Mexanizm qismlari bir-birini harakatga keltirar, bitta jajji gʻildirak boshqasini ishga tushirar, har bir murvatcha muhim vazifa bajarardi. Soatni qismlarga boʻlgan, soʻng qayta yigʻib chiqqan bola uzoq vaqt oʻylanib qoldi: ushbu mexanizmni kattalashtirsa boʻlmaydimi? Oʻsha savolga umri davomida javob izladi va topdi, natijada u mashina yaratdi, mashinasozlik sanoatiga asos soldi.

Bolaligida velosiped, avtomobillarni haydab koʻrishdan ham koʻra, uni boʻlaklarga ajratib, yana qayta yigʻishga ishqiboz boʻlgan Abdumannon Muhammedjonov ham Henrining oʻzbekistonlik izdoshlaridan. Hozirda u “Navoiyuran” davlat korxonasi “Zafarobod” kon boshqarmasi transport boʻlimi boshligʻi. “Bolalikdagi orzularimga yetdim. Faoliyatim davomida minmaganim bir samolyot qoldi”, deydi u kulib.

— Biz Tojikistonda yashardik. Oʻgʻlim 2 yoshga toʻlar-toʻlmay turmush oʻrtogʻim avtohalokatda vafot etdi. Haydovchi edi. Soʻng Navoiyga qaytishga majbur boʻldik. Baʼzan unga oʻyinchoq olib berishga imkonim boʻlmasdi. Lekin nechta mashina oʻyinchogʻi boʻlsa, hammasini avaylab, buzmasdan oʻynardi. Mashinaga ishqibozlik unga ota meros, nazarimda, — deya xotirlaydi qahramonimizning onasi Mavluda opa.

Navoiy shahridagi 7-maktabda ilk taʼlimini boshlagach, oʻyinchoq mashinalar oʻrnini haqiqiylariga boʻlgan qiziqish egallab oldi. Faol, aʼlo baholarga oʻquvchi kichik Abdumannonning maktabdan tashqari mashgʻuloti koʻpincha velosiped va mashinalarni “operatsiya” qilish boʻlgan. Tabiatan uyatchan, kamsuqum bola hayotidagi ilk moʻjizalarni, hayratlarni ulardan olgan. Bobosi bilan uzoq suhbatlar qurgan.

— Abdumannon yoshligidan juda tartibli, mehnatkash boʻlib oʻsdi. Men kechalari bilan sexda tikuvchilik qilardim. Asosan bobo-buvisining qaramogʻida boʻldi. Buvisining vafotidan soʻng esa dadamga qattiq bogʻlanib qoldi. Har kuni kiyimlarini oʻzi yuvib kiydirar, uy ishlariga ham ulgurar edi. Abdumannon juda erta masʼuliyatni oʻz boʻyniga oldi. Bu xislati oʻqishida ham, ish faoliyati, oilasiga munosabatida ham yaqqol sezilib turadi. Bir kuni 5-sinfda oʻqir edi, koʻpincha ishdan kech qaytardim, ovqat tayyorlashga ulgurmasdim. Uyga borishimga osh damlab qoʻyibdi. Oilasiga, odamlarga juda mehribon, — deydi hayotini yolgʻiz oʻgʻliga bagʻishlagan ona Mavluda Muhammedjonova.

— Bobom — Sharifjon Mahmudov — ustozim, doʻstim, otam edi. Hayotimdagi eng ogʻir kun ularni yoʻqotgan kunim boʻlgan, — deydi Abdumannon Muhammedjonov. — Hozirgacha u insonning doʻstona maslahatlari, oʻgitlari, mehri yetishmaydi.

 

Bobo!

Siz – bunda,

Men – unda,

Ikki tanho dil,

Bir umr toʻlmasmi mehrning gʻori?

Bilmaysiz, moʻrtlashgan suyagingizdek,

Toʻrt fasl zirqirab yuragim ogʻrir... (J.Jondor)

 

Qahramonimiz hayot falsafasini oilada, ilmda koʻradi. U uchun oiladan muqaddas qadriyat, ilmdan buyuk maqsad, najot yoʻq.

— Zamon rivojlanyapti, yangi texnika, texnologiyalar joriy qilinyapti. Har kuni oʻz ustingizda ishlamasangiz, oʻqib-oʻrganmasangiz, zamon sizni kutib turmaydi, — deydi u. — Sira esimdan chiqmaydi, yangi ish boshlagan paytim, hali yarim tirkama mashina haydamaganman. Dekabr oyi, sovuq, yoʻllar muzlama. Rulga oʻtirdimu, oyoq-qoʻlim qaltirayapti, yuk olib kelishim kerak. Yonimdagi hamrohim — yoʻlboshlovchiga sezdirmaslikka harakat qilyapman. Bir amallab yetib bordimu, darvozadan ichkari kirgizolmayman. Har yoʻlini qilib koʻrdim ham eplay olmadim. Ancha vaqt oʻtdi. Oxir-oqibat bir haydovchiga iltimos qilib, yukni yuklab chiqib olganman. Oʻsha paytdagi bilmay qolganim — hayotimdagi eng katta saboq boʻlgan. Oʻzimga oʻzim aytganman: “Abdumannon, bunaqasi ketmaydi, oʻz kasbingni ipidan-ignasigacha puxta oʻrganasan!” va bir haftalik mashqlardan soʻng bahaybat mashinani yoʻrigʻimga yurgiza olganman. Shu sabab tushkunlikka tushib, arosatda turgan shogirdlarimga ham takrorlashdan charchamayman: “Bugun oʻxshamadimi, eplolmadingmi? Ertaga albatta oʻrganasan. Faqat oʻz ustingda tinimsiz ishla!”

Bu marralarga chiqishda ustozlarining oʻrni beqiyos ekanini taʼkidlagan Abdumannon Muhammedjonov ularni nomma-nom sanay ketdi: Orzu Normatov, Gʻani Arslonov, Tursun Tamatov... Ustozlarning etagidan mahkam tutgan qahramonimiz ham bugun ustozlik maqomiga yetgan. Shogirdlari koʻp, hammasi transport sohasida, biri temiryoʻl, biri avtomobil, yana biri samolyotda boʻlib, shu Vatan ravnaqi, insonlar manfaati yoʻlida xizmat qilmoqda.

— 2000-yildan beri Abdumannon aka bilan birga ishlaymiz, — deydi avtomobillarni taʼmirlovchi mexanik Odil Mirzayev. — Taniganimdan buyon ustozlik qiladi, toʻgʻri yoʻl koʻrsatadi. Shogirdlariga nisbatan qattiqqoʻl, talabchan, bosiqlik bilan tushuntiradi. Oʻzi ham dunyoqarashi keng, bilimli, madaniyatli inson.

— Tugʻilganimdan temir-tersakning ichidaman. Maktabni bitirgach, sohadagi ilk faoliyatimni “Turon” aksionerlik jamiyatida avtochilangarlikdan boshladim, soʻng Navoiy Politexnika instituti (hozirgi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti)da texnologiya mashinasozlik yoʻnalishida tahsil oldim. 1998-yildan hozirgacha Navoiy kon metallurgiya kombinatida turli lavozimlarda ishlab kelyapman. Texnika — hayotim mazmuniga aylangan, tanlagan kasbimdan afsuslanmayman. Hamma ishning ham ogʻir-yengili boʻladi, kasbimni sevganim uchunmi, menga negadir hech mashaqqati sezilmaydi, — deydi qahramonimiz.

Uning oiladan ham iqboli kulgan. Nilufar Muhammedjonova bilan turmush qurishgach bir oy oʻtib, ish faoliyatida yaxshi oʻzgarishlar boʻlganini kulib esladi: “Rafiqamning qadami qutlugʻ kelgan”. Abdumannon Muhammedjonov bolalikdagi orzusi — Navoiy kon metallurgiya kombinatida ish boshlagan. Hozirda rafiqasi ham shu dargohda xoʻjalik boʻlimida faoliyat yuritadi. Uch nafar farzandi bor. Toʻngʻich qizi Ruxshona ham ota izidan borib, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetini tamomladi. Axborot texnologiyalari boʻyicha mutaxassis. Kamola esa Samarqand tibbiyot bilim yurti talabasi, kenja oʻgʻil Muzaffarjon 18-maktab oʻquvchisi. Hammasi ilmning etagini ushlagan, tarbiyali. Bu oilaga koʻpchilikning havasi keladi. Chindan ibrat olgulik, havas qilgulik qoʻrgʻon.

— Koʻp vaqtim ishda oʻtadi, baʼzan shanba-yakshanba kunlari ham ishdan ortolmaymiz. Lekin baribir oilamga vaqt ajratishga, suhbatlashish, koʻproq ularni tinglashga harakat qilaman. Televizor, internetni oʻchirib, bir kunni oila kuni sifatida maroqli oʻtkazishga intilamiz, — deydi Abdumannon Muhammedjonov.

— Dadam — mening birinchi ustozim, ideal ota. Koʻpchilik mubolagʻaga yoʻyishi mumkin, lekin chindan eng goʻzal, baxtli xotiralarim dadam bilan bogʻliq. Bola boʻlib biz bilan oʻyinchoqlarni oʻynardi, vaqtim yoʻq yoki yosh bola bilan oʻynaymanmi, demagan. Qayerga borsa, doimiy hamrohi edim. Har yakshanba dadamning qoʻlidan palov yeyish oilaviy anʼanamizga aylangan. Hozir ham yakshanba kelishini intiq kutaman, — deydi qizi Ruxshona.

Otasining bagʻrikenglik, liderlik, mehnatsevarlik fazilatlariga havas qilib, otasidek inson boʻlish uchun u oʻqigan universitetda bakalavr, hozirda magistraturada oʻqiydi. Navoiy kon metallurgiya kombinatida ish taqsimlovchi vazifasida ishlaydi. Chindan qiz erkak obrazini, timsolini otada koʻradi. Ruxshonaning baxti ham shunda.

Sport insonni ham jisman, ham ruhan chiniqtiradi, irodasini toblaydi deguvchi qahramonimiz bolaligida boks, hozirda esa futbol va suzish bilan muntazam shugʻallanib keladi. Oʻgʻli Muzaffarjonning basketbol darslariga sherik boʻladi.

— Soʻnggi ikki-uch yil ichida faoliyatimizda sezilarli oʻzgarishlar boʻldi, — deydi qahramonimiz. — 2017-yildan transport boʻlimiga rahbarlik qilayotgan boʻlsam, deyarli eski texnikalar, qiyinchiligi koʻp edi. Bugungi kunga kelib ularning 80-90 foizi yangilandi, yonilgʻi tejamkorligi 4 baravargacha farq qiladi. Albatta, texnikalarning yangilanishi oʻz-oʻzidan bilimlarning yangilanishini ham talab qiladi. Agregatlari boshqa, mexanikdan elektron boshqaruvga oʻtishda koʻproq oʻrganish, sohadagi yangi bilimlarni oʻzlashtirish kerak. Shuning uchun aytamanki, beshikdan qabrgacha ilm izlash – har bir inson, shu qatori mening ham hayotdagi bosh aʼmolim. Shuningdek, boʻlimdagi besh nafar xodim bilan 6 ta avtobaza, 4 ta texnologik kondagi transport uchastkalariga metodik yordam koʻrsatish, chora-tadbir tuzish, qisqacha aytganda, olgan bilimlarimizni boshqalar bilan boʻlishish ham kishiga zavq, kuch bagʻishlaydi.

Abdumannon Muhammedjonov orzulari, maqsadlari ortidan borib, bugun jamoada va jamiyatda obroʻ-eʼtibor qozondi. 2019-yili mehnatlari qadrlanib, III darajali “Konchilik shuhrati” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Hayot mashinaga oʻxshaydi, vaqt mashinasiga. Tizginni oʻz qoʻlingga olmasang, u seni boshqaradi. Ulkan mashinalarnida, hayot mashinasinida toʻgʻri yoʻlga, katta yoʻlga chiqarib olgan qahramonimizga yangi manzillar, yangi marralar yor boʻlsin.

Sevara ALIJONOVA, jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?