Hashar ixtiyoriy koʻmakmi yoki majburiy mehnat?

17:57 29 Avgust 2024 Jamiyat
158 0

Suyuunduk Mamirov/“Xalq soʻzi”. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, soʻnggi paytlarda hashardan gap ochilsa, “Axir bu majburiy mehnatku” deb eʼtiroz bildiradigan bilagʻonlar koʻpayib ketdi. Ijtimoiy tarmoqlarda shanbalikka jalb etilgan turli soha vakillari haqida qanchadan-qancha videotasvirlar tarqatildi va ular obdon muhokama qilindi. Shundan ham ayon boʻladiki, yurtdoshlarimiz hasharga emas, majburiy mehnatga qarshi. Ha, bu ikki tushunchani bir-biriga aralashtirib yuborish mantiqan notoʻgʻri.

Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 5-moddasiga koʻra, Majburiy mehnat biror-bir jismoniy shaxsdan jazoni qoʻllash tahdidi ostida talab etiladigan, bajarilishi uchun ushbu shaxs ixtiyoriy ravishda oʻz xizmatlarini taklif qilmagan har qanday ishni yoki xizmatni anglatadi.

Jazo deganda jismoniy shaxsning ixtiyoriy roziligi mavjud boʻlmagani holda, ushbu shaxsga nisbatan uni mehnat faoliyatini amalga oshirishga majbur qiladigan har qanday moddiy, jismoniy yoki ruhiy taʼsir choralarini qoʻllash yoki qoʻllash tahdidi tushuniladi.

Albatta, biz yaqin oʻtmishda hashar yoʻli bilan yurtimizda kanallar qazilib, bogʻ-rogʻlar barpo etilganini, yoʻllar, koʻpriklar qurilib, yoʻlovchilarga qulaylik yaratilganini, maskanlar obodonlashtirilib, chiroyli goʻshaga aylantirilganini bugun majburiy mehnatga yoʻyib oʻtirsak insofdan boʻlmaydi. Aytaylik, 1939-yil avgust oyida boshlangan Katta Fargʻona kanali qurilishi hashar yoʻli bilan 45 kunda bunyod etilganidan hamon faxrlanamiz. Koʻpchilik sevib tomosha qiladigan “Suyunchi” filmida Anzirat buvi qishloq koʻprigi qurilishga bosh-qosh boʻlgani, unda hatto xoʻjalik raisi “Hasharga keldik” deb ishtirok etgani bejiz tasvirga muhrlanmagan. Xalqimizning hamjihatlik, ahillik, mehr-oqibat, saxovat va muruvvat kabi fazilatlarini oʻzida mujassam etgan hashar barchaga mehnat zavqini bagʻishlaydi.

Milliy mentalitetimizda jamoaviylik xususiyati ustun boʻlgani sababli mahalla oqsoqollari hasharga chorlaganda hech kim oʻzini chetga olmaydi, el xizmatiga kamarbasta boʻlishiga intiladi, baholi qudrat koʻmaklashishni oʻzining burchi deb biladi. Shaharu qishloqlarimizni obodonlashtirish, koʻchalarini saranjom-sarishta qilishda ham hashar muhim ahamiyat kasb etadi. Axir “Bu falon tashkilot xodimlarining ishi, ular shunga yarasha maosh oladi” deyish bilan ish bitmaydi. Shu hududda oʻzimiz yashaymiz, farzandlarimiz, nabiralarimiz oʻsib-ulgʻayadi, demak, uning obod boʻlishiga hissa qoʻshishimiz zarur.

Bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilishda hikmat koʻp. Hashar odamlar orasida ahillik, hamjihatlikni mustahkamlaydi. Shu tarzda kam taʼminlangan oilalar, nogironligi insonlar, yolgʻiz qariyalarga moddiy yordamlar beriladi. Oylab bitkazish qiyin boʻlgan katta hajmdagi qurilish, bunyodkorlik ishlarini koʻpchilik hashar yoʻli bilan qisqa fursatda uddalaydi.

Elimizda bayramlar, katta tadbirlar oldidan hashar uyushtirish anʼanaga aylandi. Bu barcha-barcha — keksayu yoshga koʻtarinki kayfiyat, yaratuvchanlik ishtiyoqini baxsh etadi.

Xabaringiz bor, mamlakatimiz mustaqilligining 33-yillik bayrami arafasida “Mahalla obod — yurt obod” shiori ostida 24-25-avgust kunlari umumxalq xayriya hashari oʻtkazildi. Bundan koʻzlangan maqsad mahallalar, aholi turar joylari, xiyobonlar, istirohat bogʻlari, ziyoratgohlar va boshqa maskanlari obodonlashtirishga, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga yordam koʻrsatishga qaratildi. Hasharning birinchi kuniyoq 15 372 gektardan ortiq maydonlar obodonlashtirilgani, 10 964 ta kam taʼminlangan oilaning uy-joylari taʼmirlangani, 18 ming 431 ta ehtiyojmand oilaga moddiy yordam berilgani va boshqa xayrli ishlar amalga oshirilgani eʼtirofga molik.

Muxtasar aytganda, ildizi uzoq oʻtmishga borib taqaladigan, mazmun-mohiyatida ahillik, mehr-oqibat, beminnat koʻmak, xayru saxovat kabi fazilatlar mujassam boʻlgan hashar ezgu qadriyatlarimizga hamohang va umrboqiydir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?