Har bir mahallada elektr taʼminoti yaxshilandi

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Xoʻjaobod tumanida elektr energiyasi taʼminoti sifatini yaxshilash maqsadida 212,6 km. elektr tarmoqlari va 109 ta transformatorlar mukammal va joriy taʼmirlandi.
– Elektr taʼminotidagi muammolar insonlar hayotini ogʻirlashtirmasligi kerak, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning tumandagi filiali muhandisi Rahmatillo Baxtiyev. – Har bir mahallada boʻlib, yoʻnalishdagi muammolar oʻrganildi. Natijada koʻplab manzillarda taʼminot sifatini yaxshilash chorasi koʻrildi. Misol uchun, “Solpi” MFYda 61 ta temir beton tayanchlar oʻrnatilgan boʻlsa, 1,9 km. havo tarmogʻi qurildi. “Ipakchilik” mahallasida 5 dona temir-beton tayanchlar, 1 dona transformator oʻrnatilib, 120 metr havo tarmogʻi tortilishi tufayli aholining muammosi ijobiy yechim topdi. Bu kabi saʼy-harakatlar oʻnlab mahallalarda davom etmoqda. Natijada 3 mingga yaqin xonadonlarda sifatli taʼminotni yoʻlga qoʻyildi.
Tumanda aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash ishlari ham sifatli amalga oshirildi. Buning uchun 11 ming 500 metrga tarmoq tortilib, 47 ta nosoz nasoslar soz holatga keltirildi. Shuningdek, 1 ta yangi suv qudugʻi va 6 ta nasoslar ishga tushirildi.
– Mahallamizda ichimlik suvi taʼminotida muammolar mavjud edi, – deydi “Beshkaram” MFYda yashovchi Abdurahmon ota Isomiddinov. – 1-1,5 km. masofadan suv tashib kelishga majbur edik. Shu yil 5 km. masofaga yangi suv tarmogʻining tortilishi tufayli qoʻshni mahallada yashovchi hamyurtlarimizning ham muammolari ijobiy yechim topdi. Natijada 500 ta xonadon ilk bor toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Bularning barchasi aholi turmush sharoitini yaxshilashga boʻlgan eʼtibor ifodasidir.
Odatda, hududlar obodligi haqida soʻz ketganida eng avvalo, ularning yoʻliga razm solamiz. Masalaga shu nuqtayi nazardan yondashadigan boʻlsak, Xoʻjaobod tumani haqiqatdan ham obod manzillardan biridir.
– Qachonlardir loy kechib yurgan mahalladoshlarimiz bugun ravon yoʻldan yurmoqda, – deydi “Solpi” MFYda istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Sanobarxon Ahmadaliyeva. – Bu baxtga bira toʻla 6 ta koʻchamizning 3 km.dan iborat ichki yoʻlida asfaltlash ishlari olib borilishi natijasida erishdik. Bu biz uchun kutilmagan voqea boʻldi! Negaki, shu mahallaga koʻchib kelganimga 30-yildan oshgan boʻlsa, ortda qolgan shu davr mobaynida yoʻlimiz biror marta taʼmirlanmagandi. Bugun shu yoʻldan yurar ekanman, mana shunday farovon davrlarga yetkazgani uchun shukrona keltiryapman.
Avvallari Xoʻjaobod tumani haqida soʻz ketgudek boʻlsa uning sanoati va sayyohlik salohiyati nechogʻli rivojlanganligi haqida fikr yuritilardi. Bugunga kunga kelib viloyatdagi eng obod manzillardan biri ekanligi alohida eʼtirofga munosibdir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring