Har bir ishga qunt, ilm va aql bilan yondashsak, muammolarni bartaraf eta olamiz

Illyustrativ foto
2020-yilgi “koʻrinmas yov” xalqimizni turli sinovu imtihonlardan oʻtkazdi. Oʻtgan oʻtdi, qolganlar oyoqqa turish, yoʻqotishlar oʻrnini toʻldirish ustida bosh qotirmoqda. Mamlakat rahbariyati pandemiya asoratlarini bartaraf etishga intilmoqda. Bu borada davlatning bosh islohotchilik mahorati yana bir karra oʻzini oqlayotir, deyishga haqlimiz.
Oʻtgan yilning mart oyida boshlangan pandemiya xalqimiz uchun juda mashaqqatli kechdi, albatta. Sardobadagi texnogen, Buxorodagi tabiiy ofatlar... Ammo qishloqlardagi odamlar bilan jonli muloqotni kechiktirib boʻlmasligini anglagan rahbariyat olimlar, adiblar, shoirlar, sanʼatkorlardan iborat guruhlarni shakllantirib, tumanlarga yubordi. Bundan koʻzlangan maqsad — odamlarga maʼnaviy va ruhiy madad berish, kelajagiga ishonch tugʻdirish va ijtimoiy faollikka undash edi.
Mehnatkash, sabr-irodali xalqimizning mentalitetida ulkan qudrat yashiringan. Tarixdan ayonki, har qanday davlat xalq bilan kengashib ishlagandagina koʻzlagan maqsadiga erishadi. “Saltanatda toʻrt narsaga amal qilgin, yaʼni: birinchisi, kengash; ikkinchisi, mashvaratu maslahat; uchinchisi, qatʼiy qaror, tadbirkorlik va hushyorlik; toʻrtinchisi, ehtiyotkorlik. Shunda qilgan ishlaring boshga pushaymonlik va nadomat keltirmagay”, deydi buyuk davlat arbobi Amir Temur oʻz tuzuklarida.
Mamlakatimizda ham Sohibqiron bobomizning oʻgitlariga amal qilinib, xalq bilan maslahatlashish, qonun va qarorlarni muhokama qilish jarayonlari kechmoqda. Xalq qabulxonalari, Prezidentning virtual qabulxonasi, viloyatlarda navbati bilan sayyor qabullar tizimi ishlayotgani, jumladan, keyingi toʻrt yilda aholining 4 milliondan ziyod murojaatlari yuqori idoralar tomonidan koʻrib chiqilib, aksar qismi ijobiy hal qilingani fikrimizning isboti boʻla oladi.
Ammo vaqt kutib turmaydi. Globallashuv jarayoni hokimiyatdan tezkorlik va aniqlikni talab qiladi. Biz, fuqarolar 2020-yil soʻngida oʻtkazilgan bir qancha siyosiy tadbirlar, jumladan, dekabr oyida Oʻzbekiston yoshlari forumi, Prezidentimizning parlamentga Murojaatnomasi shohidi boʻldik. Televideniye ekranlaridan koʻz uzmay xalqimiz boʻladigan oʻzgarishlarning dastlabki sadosini eshitdi: Oʻzbekistonda siyosiy islohotlardan nima kutilmoqda? Nega qarorlar ijrosi sekin ketmoqda? Biz zamon talabi darajasida qachon oʻzgaramiz? Albatta, bu savollar bugun koʻpchilikni qiziqtirmoqda.
Fevral oyida “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosini samarali tashkil etish masalasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz yuqoridagi savollarga mufassal javobni aytdi: bu dasturni hanuz davom etayotgan pandemiya sharoitida, global inqiroz kuchayib borayotgan murakkab bir vaziyatda amalga oshirishimizga toʻgʻri keladi. Har qancha qiyin boʻlmasin, 500 ming nafar yosh va 200 ming ayolni ish bilan taʼminlash hamda 300 ming aholini kambagʻallikdan chiqarish lozim. Agar mahallabay tizimini joyiga qoʻyib, davlat idoralari dasturdagi vazifalarni qunt bilan, ilm bilan, aql bilan bajarsa, keskin oʻzgarish boʻladi.
Pandemiya sharoitida, haqiqatan ham, Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasi oshdi. Bugungi kunda “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”ga kiritilgan yurtdoshlarimizni ulardan chiqarishda qunt bilan, ilm bilan, aql bilan ishlashimizga toʻgʻri kelmoqda.
Jahon tajribasi shuki, har qanday sharoitda ham inson resursi, shaxs omili, rahbarlarning bilim darajasi va salohiyati, professionalizm mavjud muammolarning kalitini topishga muvaffaq boʻladi. Noshud, bilimsiz, loqayd va bugungi siyosatdan bexabar rahbarlardan voz kechiladi, albatta. Zero, Sohibqiron taʼbiri bilan aytganda, “Ishbilarmon, mardlik va shijoat sohibi, azmi qatʼiy, tadbirkor va hushyor bir kishi ming-minglab tadbirsiz, loqayd kishilardan yaxshidir”. Demak, jamiyat hayotiga dadil kirib kelayotgan iqtidorli, fidoyi yoshlardan umidimiz katta.
Jamiyat hayotining joni va ruhi — maʼnaviyat
Koʻpchilik kutganidek, 2021-yil mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida tub burilish davri boʻladi. “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan shiordan kelib chiqib, kadrlar siyosatida keskin qadamlar tashlanadi.
Fuqaro fikrlash tarzi, dunyoqarashi, odamlar bilan munosabatida yangi qarashlar paydo boʻlishi lozim. Huquqiy demokratik davlatning qonun-qoidalari bizdan shuni talab qilmoqda. Agar fuqaro jamiyatda kechadigan jarayonlar oqimidan orqada qolgudek boʻlsa, davlat hokimiyati tomonidan qabul qilingan qonunlar “ishlamaydi”, har qanday jamoatchilik nazorati ham kutilgan natija bermaydi. Qachonki, fuqaro dunyoqarashi va intilishi amaldagi davlat hokimiyati faoliyatidan oldinda boʻlsagina, millat hamda yurt rivojlanadi, aks holda, jamiyat hayotida bitta joyda depsinish, turgʻunlik yuz beraveradi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga koʻra, maktab, litsey va institut muallimlarining maoshi oshirilib, jamiyatda oʻqituvchining obroʻ-nufuzini yuksaltirishga eʼtibor qaratilayotgani naqadar toʻgʻri qaror ekanligini koʻpchilik chuqur anglab yetdi.
Har bir mamlakat taqdiri muallimga, taʼlim tizimining sifatiga bogʻliq. Maktablar sust ishlasa, darslar xoʻjakoʻrsinga oʻtilsa, farzandlarimiz muhitdan beziydi va saviyasi tushib ketadi. Oʻqituvchi — kelajak bunyodkori.
Ilm va maʼrifatsiz odam yoʻlini yoʻqotishi, orzularini roʻyobga chiqarishiga aqli hamda tajribasi yetishmasligini Behbudiy, Ibrat, Fitrat, Avloniy singari jadid bobolarimiz erta anglashgan, ahvolni oʻnglashga urinishgan va afsuski, qattol tuzum ularni mukofotlash oʻrniga jazolagan edi.
Jadidlarning ichki ogʻriqlari va bugungi kun muammosi milliy-maʼnaviy uygʻonish jarayonining kechikayotganida, deb bilamiz. Shaxs ichki dunyosi, tafakkurini oʻzgartirish bilan bogʻliq bunday nuqsonlarni faqat maktablarimiz tuzata olishga qodir.
Janubiy Afrika Respublikasidagi universitetga kiraverishda: “Har qanday millatni yoʻq qilish uchun atom bombasi yoki uzoq radiusga taʼsir qiladigan raketalarga hojat yoʻq. Faqat taʼlim sifati pasaytirilsa va imtihonlarda talabalarga aldash uchun imkoniyat yaratilsa bas”, deb yozib qoʻyilgan ekan. Naqadar achchiq haqiqat.
Maktabda fikr charxlanadi. Fikrsizlik — madaniyat kushandasi, fikri yoʻq odamning qiyofasi boʻlmaydi. Tafakkur yoʻq joyda olomonlik va johillikni koʻramiz. Jahonning turli mintaqalarida yuz berayotgan talatoʻplar, toʻntarishlar ildizlariga chuqur razm solaylik. Oʻqimagan, uyushmagan yoshlarga jiddiy eʼtibor qaratish zarurligi shuning uchun kun tartibiga chiqmoqda. Xalq taʼlimi tizimidagi eng katta nuqson — yoshlar oʻrtasida oʻz fikriga ega boʻlmaganlarning paydo boʻlayotganidir.
Jamiyatda fikr boʻlsagina, u yangilanadi, degan gap toʻgʻri, ammo sharqona bosiqlik, vazminlikda gap koʻp. Ijtimoiy tarmoqlarni oʻqiganda baʼzi yurtdoshlarimizning manmanligi, nokamtarligi tafakkurdagi noqislikdan boshqa narsa emas.
Maʼrifatli mamlakatga aylanish yoʻli
Azaldan allomalar yurti boʻlgan Oʻzbekistonni maʼrifatli mamlakatga aylantirish yoʻlida yana-da jipslashishimiz lozim. Buning uchun esa yangi taʼlim muassasalari, ona tilidagi adabiyotlar, yoshlar birlashmalari va volontyorlar xizmati kerak boʻladi.
Nega oʻquvchilar adabiy asarlarni oʻqimay qoʻyishdi? Kitob doʻkonlari yopilishiga sabab nima? Buning boisi shuki, badiiy asarlar mazmunida oddiy xalq hayoti, oʻy va tuygʻulari aks etmaydi. Soxtalik, bachkanalikning televideniye, internet saytlarida urchib ketishi odamlarning bilimsizligi, moddiyunchilikka ishonib qolishi boisidandir.
Oʻquvchi va tomoshabin didini oʻstirish masalasi negizida ham kitob oʻqimaslik muammosini koʻramiz. Deylik, Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanida, Togʻay Murodning asarlarida, yaponlarning “Oshin” filmida tasvirlangan haqqoniy dramatik hayot voqealari, odamlar turmushidagi oddiylik, tabiiylik hammaga birday yoqadi. Oldi-qochdi, yengil-yelpi narsalar bugun oʻqiladi, ertaga unutiladi, chunki u inson qalbidan oʻrin ololmaydi. Jamiyatda inson ichki olamida inqiloblar yasaydigan, uni ruhan oʻzgartiradigan kitoblar hamda filmlarga katta ehtiyoj sezilmoqda. Buning uchun Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda telekanallar tahririyatlarida millat ruhini tarbiyalovchi badiiy filmlar, yuksak saviyadagi adabiyotlar roʻyxati boʻlishi tarafdorimiz.
“Oila kutubxonasi” loyihasi haqida tegishli vazirlik, idora va yoshlar markazlari allaqachon oʻylab koʻrish vaqti keldi. Oliy maʼlumotli har bir oʻzbek xonadoni maʼnaviyatni, oʻz kasbiy mahoratini oshiruvchi yangi adabiyotlarni koʻplab miqdorda xarid etishi darkor.
“Oʻzbekiston pochtasi” AJ yangi xizmatlarni yoʻlga qoʻyishi, kitoblar, gazetalarning (volontyorlar xizmati) uyga yetkazilishini zamon talablariga mos tarzda, tezkor tashkil qilmogʻini soʻrardik. Shu tariqa majburiy-ixtiyoriy ravishda kutubxonalar tizimiga asos solamiz. Tugʻilgan kun, toʻy, maktabni bitirish singari turli sabablarga koʻra, kitoblarni xonadonma-xonadon ulashish anʼanasi yuzaga keladi (bir-biriga kitoblarini sovgʻa qilish ham yaxshi anʼana). Tahlillar shundan dalolat beradiki, uyda kitoblar qanchalik koʻp boʻlsa, bolalar ham ulardan shunchalik koʻproq foydalanishi mumkin.
Ayrim mutasaddi agentlik va idoralar yordamida shaharlarda hamda qishloq hududlarida aylanib yuruvchi koʻchma kutubxonalarni ham tashkil qilish imkoniyatini unutmaylik. Agar shunday tashabbuslarga qoʻl urilsa, fuqarolarimizning yana-da maʼrifatli boʻlishiga imkoniyatlar oshadi...
Kitob — fikr bulogʻi, maʼnaviy yuksalish va keng mushohada etish quroli. Nashrlar hamda ommaviy axborot vositalarining xalqqa yetib borishini taʼminlash — davlat rahbari gʻoyalari va tashabbuslarining toʻlaqonli roʻyobga chiqishi, inson omili ishga tushib ketishining garovi hisoblanadi.
Yurtboshimizning “Yangi Oʻzbekiston — maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan hayotbaxsh gʻoyasida ulkan maʼno mujassam. Yangi Renessans mohiyatiga yetish va tushunishda baribir kitobxonlik, maʼrifiylik, ilmlilik asosiy rolni oʻynaydi.
Toʻrt yil muqaddam jamiyatda boshlangan erkinlik va oshkoralik shamollari oliy taʼlim tizimiga ham yetib keldi. Qisqa vaqt ichida institutlar soni qariyb ikki barobar koʻpaydi. Abituriyentlar uchun bir necha oliygohni tanlash va test topshirish sharoiti yaratildi. Xorij institutlarining oʻttizdan ziyod filiallari ochildi. Nazarimizda, endi oliy oʻquv yurtlaridagi korrupsiya holatlariga barham beradigan tizimga doir qonunchilikni takomillashtirish lozim.
Jahonda boʻlganidek, universitetlar tizimida maqsadli institut, texnikum, amaliy laboratoriyalarni ochish, ularni ishlab chiqarish korxonalari bilan bogʻlash, bitiruvchilarni ishga toʻgʻridan-toʻgʻri joylashtirish singari masalalar ustida bosh qotirish zarurga oʻxshaydi. Shundagina taʼlim iqtisodiyotning “drayver”iga aylanadi va jamiyatga naf keltiradi. Shu niyatda “Osiyo ajdarlari” nomini olgan Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari (Malayziya, Singapur, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya, Tailand)ning milliy rivojlanish modellarini oʻrganuvchi ilmiy-amaliy markazlarni davlat tomonidan ochish maqsadga muvofiq, deb oʻylaymiz.
Mamlakatimizda oliy taʼlim tizimi tarqoqligi, parallel boʻlgan mutaxassis institutlarning mavjudligi va ilmiy tadqiqot ishlari uchun yetarli darajada zamonaviy talablarga javob beradigan muhitni yaratishga qodir emasligini hisobga olib, aynan bir shaharda joylashgan yetakchi oliy oʻquv yurtlarini birlashtirishni (ham iqtisodiy, ham maʼnaviy, ham psixologik foydali) davrning oʻzi taqozo etmoqda.
Oliy taʼlimda shu orqali universitetlar va iqtisodiyot tarmoqlari oʻrtasida rivojlangan hamkorlik tarmogʻini kuchaytirish, ixtirochilikni, innovatsiyalarni rivojlantirish, yangi xalqaro hamda ilmiy aloqalar yoʻlga qoʻyilsa, boshqa mamlakatlardan katta miqdorda talabalarni qabul qilish imkoni yaratiladi, qoʻshimcha mablagʻlar ham tushadi.
Yoshlarimizni sifatli taʼlimdan mahrum etar ekanmiz, ularni kelajakdan mahrum qilgan boʻlamiz. Ammo farzandlarimizga yaxshi ilm berish, ularning dunyoqarashini shakllantirish biz, katta avlodning qoʻlida. Sohaga salmoqli investitsiya jalb etilayotgan bugungi davrda taʼlim tizimimiz tubdan yangilanishi va jahon andozasiga moslashishi joiz.
Prezidentimizning 2020-yil 29-oktyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida qayd etilishicha, mamlakatimizning ilm-fan sektori 100 dan ortiq akademik va tarmoq ilmiy muassasalaridan iborat boʻlib, hozirgi kunda 65 ta ilmiy-tadqiqot instituti, 31 ilmiy markaz (shundan 14 tasi ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markaz) va 8 ta boshqa turdagi ilmiy tashkilot faoliyat koʻrsatmoqda.
Bunday keng imkoniyatdan toʻlaqonli foydalanish hozirdan boshlanishini xohlaymiz. Yaqinda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga kreativ fikrlaydigan rahbar tayinlandi. Biz millat kelajagini oʻylagan yangi vazirning ilgʻor tashabbuslarini har jihatdan qoʻllashimiz kerak. Fikrimizcha, oliy taʼlim sohasida zamonga mos chuqur islohotlar boshlanishi va korrupsion holatlarning kamayishi kutilmoqda.
Renessans — yangidan tugʻilish demak
Renessans (uygʻonish, yangidan tugʻilish)ning asosiy alomatlari: tafakkurda va ilmu ijodda dogmatizm, jaholat hamda mutaassiblikni yorib oʻtib, insonni ulugʻlash, uning isteʼdodi, aqliy, fikriy imkoniyatlarini yuzaga chiqarishdir.
Maʼlumki, XVII asrdan istilochilar dunyoni, jumladan, Sharq mamlakatlarini birma-bir boʻysundirgandan keyin, birinchi navbatda, Qurʼonning nufuzi va maqomini pasaytirishdi. Inson qalbi, ruhiyati, fikrlarini cheklashga oʻtildi, musulmonlarning toʻgʻrilik, iymonlilik, komillik sari intilishi ikkinchi darajaga tushirildi. Sharqqa yoʻl olgan inglizlar, ispanlar va keyinroq rus mustamlakachilari: “Maʼnaviy boy boʻlishing nimaga kerak: biring ikki boʻlmaydi, bolalaring och qoladi. Sen moddiy tarafdan boy boʻlgin, qalb tarbiyasini yigʻishtirib, moddiyunchilikka berilgin, oʻarb shu yoʻl tufayli taraqqiy qildi”, degan yolgʻonchi, yot gʻoyani singdirishdi. Natijada Qurʼondan asta-sekin chekinish yuz berdi, chunki odamlar ochkoʻzligi tufayli boy boʻla boshladi. oʻarb gʻoyalari hamda texnologiyalari axloq va maʼnaviyatdan kuchli chiqdi. Sharq olami qalb bilan nafsning kurashida boshi yerga tegdi va yutqazdi. Tariqatlar yoʻqola bordi. Bu esa Sharqning tanazzulini boshlab bergan omillar edi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning uchinchi Renessans asoslarini yaratish borasidagi oʻta muhim, ayni paytda, murakkab vazifani kun tartibiga qoʻyganligi negizida ana shu poydevorni qayta koʻtarish vazifasi yotibdi. Bu esa mamlakatda taʼlim va boshqaruv tizimini qayta qurishni bildiradi.
Shu oʻrinda aytish lozimki, hokimiyat boshqaruvining zamonaviy uslublaridan ayrim mahalliy rahbarlar, hokimlarning bexabarligi, ularning sobiq shoʻrolar davrida shakllangan boshqaruvning doʻq urish va qoʻrqitish uslublaridan foydalanayotgani taraqqiyotimiz uchun hamon toʻsiq boʻlib qolmoqda. Biz dunyoning rivojlangan davlatlariga ergashar ekanmiz, shaxs tarbiyasi va kadrlar tarbiyasini butunlay oʻzgartirishimiz darkor.
Sir emaski, bugun eskicha uslublarni mexanik ravishda qabul qilayotgan rahbar kadrlarning, mamlakatimizda kambagʻallikda hayot kechirayotgan aholi qismining mavjudligi sharoitida uchinchi Renessans haqida fikr yuritish toʻgʻrimikin, degan savolni berayotganlar topiladi. Shuni taʼkidlash joizki, Markaziy Osiyoda sodir boʻlgan ikkala Renessansning birortasi ham fuqarolar farovon yashagan, hokimiyatda barqaror boshqaruv tizimi ishlagan davrlarda sodir boʻlmagan. Ularning barchasi jamiyatda qarama-qarshilik va muammolarning mavjudligi sharoitida roʻy berganligini tarixiy maʼlumotlar tasdiqlaydi.
Buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyning yozishicha, yurtimizda IX — XII asrlarda sodir boʻlgan birinchi Renessans tarixiga nazar solsak, V — VII asrlarda oʻlkani bosib olgan arablar “Xorazmiylarda mavjud boʻlgan fanlarni oʻrgangan kishilarni yoʻq qilgan”. Shunda maʼrifatparvar al-Maʼmun tashabbusi va faol harakati tufayli Renessansning asosi boʻlgan Maʼmun akademiyasi 1004-yilda tashkil topdi. Akademiya atigi oʻn uch yil (1004 — 1017) faoliyat olib borgan boʻlsa-da, XI asrda Markaziy Osiyoning Renessans markaziga aylanishini taʼminlab berdi. Bu davrda saroy notinch, tashqi xavf-xatarlar kuchaygan zamon boʻlishiga qaramasdan, oʻz xalqining istiqbolini oʻylagan maʼrifatparvar xorazmshoh olimlarni moddiy jihatdan toʻliq taʼminlab turgan. Allomalar amalga oshirgan aniq fanlardagi kashfiyotlar oʻn asr davomida butun insoniyatga xizmat qilib kelishi baravarida, oʻzbek xalqining jahon miqyosidagi nufuzini dunyoga koʻz-koʻz qilmoqda.
Ushbu tarixiy maʼlumotlarni keltirishdan maqsad, bugun Prezidentimizning uchinchi Renessans asoslarini yaratish haqidagi ilgʻor gʻoyalari oʻz vaqtida qoʻyilgan vazifa ekanligini yana bir bor taʼkidlashdir. Agar biz mavjud muammolarni hal qilganimizdan soʻng, Renessans haqida bosh qotiramiz, degan fikrga kelsak, bitta joyda depsinib turamiz va muammolar koʻlamining yana-da kengayishidan nariga oʻta olmaymiz.
“Koʻrdimki, ekmagan oʻrmaydi”, deydi shayx Najmiddin Kubro. Ulugʻ ishlarga qadam qoʻygan fuqarolarimiz mehnatlarining mevasini koʻrishni chindan xohlasa, qalbiga bilim, qanoat, jasurlik urugʻlarini ekib, uni doimo parvarishlab bormogʻi lozim.
Oldimizdagi dolzarb vazifalar
Yurtboshimiz 2020-yilning dekabr oyida boʻlib oʻtgan Yoshlar forumida minbardan turib, navqiron avlodga qarata “Yoshlik — umrning eng bebaho davri. Ilm va bilim — oʻtda yonmaydigan, suvda choʻkmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang!” degan ajoyib oʻgitlarni aytdi. Shuningdek, bolalarning tahliliy va kreativ fikrlash qobiliyatini rivojlantirish haqida gapirildi.
Fikrimizcha, uchinchi Renessans asoslarini yaratish ushbu muhim vazifalarni oʻz ichiga qamrab oladi: birinchidan, ilm, maʼrifat va maʼnaviyatni yuksak darajada rivojlantirish uchun maktabga katta mablagʻlarni sarflash; ikkinchidan, mablagʻlarni oʻzlashtiradigan zamonaviy tafakkur salohiyatiga ega, fidoyi, vatanparvar tadqiqotchilar va yetuk maʼrifiy targʻibotchilarning armiyasini shakllantirish; uchinchidan, ilm, fan va maʼrifat sohasida qoʻlga kiritilgan natijalarni mamlakat taraqqiyotiga, millat hamda xalq farovonligini taʼminlashga yoʻnaltira biladigan tavakkalchi tadbirkorlar va noanʼanaviy (kreativ) uslubga ega boʻlgan boshqaruvchilarni topish; toʻrtinchidan, Oʻzbekistonda intellektual mulk huquqi bozori (ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, badiiy adabiyot, kino, sanʼatga oid mualliflik huquqi egalariga ularning sotilgan, teleefirga uzatilgan mahsulotlariga doimiy haq toʻlab borish)ni shakllantirish hamda respublikamizda ilmiy natijalarni, ixtirolarni tijoratlashtirishning samarador mexanizmini yaratish; beshinchidan, farzandlarimizning qalbiy ruhiy tarbiyasini shakllantirish, ularni aqliy mehnatga oʻrgatish, eʼtiqodini kuchaytirish koʻnikmasini bogʻcha va maktablardan boshlash; oltinchidan, mamlakatimizda “Ustoz — shogird” anʼanasini toʻliq tiklash; yettinchidan, taʼlim tizimining jamiyatdagi amaliy ehtiyojlardan uzilib qolganligi, ijtimoiy fanlar (inson qalbi, maʼnaviy olami va eʼtiqodini shakllantirish) soatlarining kamayib borayotganiga barham berish kabi muammolarning yechimini tezlikda topish.
Telekanallarda dunyoni lol qoldirgan Nobel mukofoti sohiblari, mashhur kompozitorlar, rassomlar, shoirlar va adiblarning hayotiga bagʻishlangan qisqa metrajli filmlar namoyish etiladi. Insonning evolyutsion oʻsish nuqtalari mohirona tasvirga olingan sanʼat asarlari har qanday kishini fikrlashga, yangicha qarashga daʼvat qiladi. Shu oʻrinda bir savol qiynaydi: buyuk ajdodlarimiz haqida shunday filmlar yaratishga qurbimiz yetmaydimi?
Islohotlarning oldingi safida oʻrta sinf va siyosiy elita boradi, biz mustaqillik yillarida ushbu qatlamlarni shakllantirishga ulgurmadik yoki yaxshi shakllantira olmadik. Demak, Renessansni amalga oshiruvchi, jamiyatni ortidan ergashtiruvchi qatlamga ehtiyoj ortib boraveradi. Bu — birinchidan. Ikkinchidan, Yaponiya, Xitoy, Singapur, Malayziya tajribasida koʻrilganidek, agrar sohaga urgʻu bermasdan, zamonaviy xizmatlarning soni va sifatini koʻpaytirishga oʻtishimiz kerak.
Pandemiyadan keyin davlatimiz rahbari yangi xizmatlarni va ish oʻrinlarini ochishga ulkan mablagʻ ajratayotgani davrning talabiga juda mos tushadi. Dunyoda pandemiya sharoitida oʻnlab kasblar yoʻqolib, yana shuncha kasblar paydo boʻlmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan bogʻliq maktablar, litseylar, texnikumlarni ochsak, u tezda oʻzini oqlaydi va yangi ish oʻrinlari oʻz-oʻzidan yaratiladi.
Sir emas, xorijda xizmatlar koʻrsatish iqtisodiyotning eng muhim tarmogʻiga aylanib, servislarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi oʻrtacha 65 foizni tashkil etsa, mamlakatimizda u 35 foizga teng, lekin 86 foiz qoʻshilgan qiymat shu sohada vujudga kelmoqda. Xizmatlar sohasida (turizm, mehmonxona, oʻquv, moliya-iqtisod, qurilish, konsalting va hokazo) kam xarajat sarflab, ishlab chiqarishga qaraganda 3-4 baravar koʻproq foyda olish imkoni mavjud.
Hozirgi paytda onlayn xizmat koʻrsatuvchi kompaniyalar uchun 6,2 million oʻquvchiga ega Oʻzbekiston — yirik taʼlim bozoridir. Puldor investor va tadbirkorlar kelajakni oldindan koʻra bilsa, taʼlim ular uchun pul tikadigan kuchli soha boʻlishi mumkin. Globallashuv sharoitida zamon shitob bilan tezlashmoqda. Yaqin yillarda “raqamli darslik”, “virtual sumka”, “onlayn maktab”, “raqamli diplom”, “raqamli oʻqituvchi” kabi atamalardan keng foydalana boshlasak, hech ajablanmaymiz. Ammo bunday innovatsion yangiliklarni qabul qilishga ham tayyorgarlik koʻrishga toʻgʻri keladi.
“Ilohi, gʻaflat uyqusidamen, bedor qil...”
Xotima oʻrnida miloddan oldin qadimgi Xitoy tarixidan bir ibratli misolni keltirib oʻtamiz. Mashhur faylasuf Konfutsiy Szi-Chun ismli shogirdining “Davlatni qanday boshqarmoq darkor?” degan savoliga oʻylanib turib, shunday javob bergan: “Davlatni toʻgʻri boshqarmoq uchun hukmdor — hukmdorligicha, amaldor — amaldorligicha, ota — otaligicha, oʻgʻil — oʻgʻilligicha qolmogʻi lozimdir”.
Demak, har bir rahbar va oddiy fuqaro kasbini sevishi, oʻz ishining mohiri boʻlishi, yurt ravnaqi uchun zimmasidagi vazifalarni vijdonan bajarishi shart! Shundagina farovon jamiyat quramiz.
Yurtboshimiz bugungi murakkab sharoitda jamiyatning elitasi boʻlgan shaxslar, yaʼni ziyolilar va oʻrta qatlamdan oʻziga maslakdoshlik, hamfikrlilik, fidokorlik, yurtsevarlik hamda bir musht boʻlib birlashmoqni istamoqda. Davlatimiz rahbarining “jamiyat hayotining joni va ruhi maʼnaviyat”, degan fikri zamirida oq-qorani tanigan, davr sinovlaridan mardona oʻtgan, ilmli hamda maʼrifatli yurtdoshlarimizni yoshlarni maʼnaviy tarbiyalash, ularni hayot sinovlariga maʼnan hozirlashda faollik koʻrsatishga undash bor. Axir yapon, koreys, singapurlik fuqarolar ham toʻkin jamiyatni qurish uchun oʻn yillar kecha-yu kunduz tinim bilishmagan...
Hazrat Navoiy demishlar: “Ilohi, gʻaflat uyqusidamen, bedor qil va jaholat mastligidamen, hushyor qil”. Aziz yurtdoshim, gʻaflat va jaholatdan tezroq qutulib, millatning dardlariga darmon boʻlaylik!
Baxtiyor OMONOV, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori, siyosiy fanlar doktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring