Har bir hududda “Hunarmandlar sanoat markazi” tashkil etiladi
Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»
2025-yil 28-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi majlislar zalida “2024-yil hunarmandchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar va 2025-yil rejalari” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Matbuot anjumanida “Hunarmand” uyushmasi rahbar xodimlari, hunarmandlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizdagi usta-hunarmandlar soni 7 barobarga, shogirdlar soni 9 barobarga koʻpayib, sohada band boʻlganlar 230 ming nafarni tashkil etmoqda. Ularning aksariyati mashhur sulola davomchilari boʻlib, sohaning qadimiy anʼanalarini zamonaviy uslublar bilan uygʻunlashtirgan holda rivojlanishiga munosib hissa qoʻshmoqdalar.
Amaliy sanʼat turlarini qayta tiklashga qaratilgan saʼy-harakatlar natijasida dastlab amalda boʻlgan 25 ta hunar turlari soni 34 taga, bugunga kelib esa 43 taga koʻpaydi.
Uyushma aʼzolari va kam taʼminlangan hamda ishsiz, shuningdek nogironligi boʻlgan jami 19,4 ming nafar fuqarolarga 18,3 mlrd.soʻm subsidiya mablagʻlari ajratildi.
Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixona va vakolatxonalari koʻmagida MDH, Yevropa va AQSH davlatlariga hunarmandchilikning kulolchilik, kashtachilik, zardoʻzlik, yogʻoch oʻymakorligi, gilamchilik va qoʻlda gazlama toʻqish yoʻnalishlari boʻyicha 2024-yilda jami 15 mln AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlar eksport qilindi.
Hunarmandlarning xalq amaliy sanʼati milliy katalogiga faxriy va xalqaro koʻrgazma hamda tanlovlarda gʻolib boʻlgan 261 nafar hunarmandlar kiritildi. Shuningdek, 2,6 mingdan ortiq hunarmandlar turizm reyestriga kiritilib, ushbu soha rivojiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Aytish lozimki, mamlakatda Xalqaro hunarmandchilik festivallarini oʻtkazilishi hunarmandchilikni keng targʻib qilish, hunarmandchilik anʼana va maktablarini asrash, qayta tiklash, bu sohadagi ilmiy oʻrganish va izlanishlarni hamkorlikda amalga oshirish, oʻzaro tajriba almashish, isteʼdodli hunarmandlarni ragʻbatlantirish kabi ezgu maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Jahonda madaniyat va turizm sohasida mamlakat imijini oshirish, ijtimoiy, madaniy sohalarda xorijiy mamlakatlar bilan oʻzaro aloqalarni rivojlantirish maqsadida respublika hududida jami 15 ta xalqaro, 1 993 ta mahalliy tadbirlar oʻtkazildi.
Jumladan, 2022-yilda Buxoro shahrida oʻtkazilgan Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivalida 58 mamlakatdan 211 nafar xorijlik, 700 nafar mahalliy, 2023-yilda oʻtkazilgan II Xalqaro hunarmandchilik festivalida 70 davlatdan 260 nafar xorijlik, 950 nafar mahalliy, shu bilan birga, festival doirasida tashkil etilgan. Xalqaro kulolchilik forumida 30 ta mamlakatdan 80 nafar xorijlik, 140 nafar mahalliy hunarmand ishtirok etdi.
Bundan tashqari, oʻtgan uch yilda 21 ta xorijiy davlatda 37 ta festival, koʻrgazma va yarmarkalar tashkil etilib, unda 541 nafar hunarmand ishtiroki taʼminlandi.
Yana bir muhim yoʻnalishlardan biri xalq hunarmandchiligi va ijodiy anʼanalar keng rivojlangan shahar va tumanlarda hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari tashkil etilganligidir.
Bugunga kelib, respublikaning 14 ta hududida umumiy maydoni 58,3 gektarga teng jami 77 ta hunarmandchilik markazlari qurilib, ularda 4,7 ming nafar (shundan, 1,8 ming hunarmand, 2,8 ming shogird) hunarmand va ularning shogirdlari faoliyat yuritib kelmoqda.
Soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga, jumladan ularga tadbirkorlik, hunarmandchilik faoliyatini tashkil etishlariga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Sohada yaratilgan imtiyozlarni amalda tatbiq etib, xotin-qizlar hunarmandchiligini rivojlantirishga, ularni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan, respublikaning chekka hududlarida 29 ta qisqa muddatli bepul oʻquv kurslari tashkil etilib, ularda ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan 306 nafar xotin-qiz usta-shogird anʼanasi asosida hunar oʻrgandi.
Shuningdek, “Jazoni ijro etish muassasalari”da ham mahkumlarga usta-shogird anʼanalari asosida hunar oʻrgatish yoʻlga qoʻyilgan. Bugungi kunda, mazkur muassasalarda uyushma tomonidan 805 ta oʻquv kurslari tashkil etilib, unda 14,1 ming nafar mahkumga hunar oʻrgatildi hamda Uyushmaning maxsus sertifikatlari taqdim etildi.
2025-yilda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni moddiy qoʻllab-quvvatlash hamda ishsiz ayollarning bandligini taʼminlash dasturiga asosan “Hunarmand” uyushmasi tomonidan respublika miqyosida 12 402 nafar hunarmandlarga 96 307 nafar xotin-qizlar hunar oʻrganishi uchun biriktiriladi.
Shuningdek, har bir tuman (shahar)da bittadan “Hunarmandlar sanoat markazi” tashkil etiladi va ularda xotin-qizlarni hunarmandchilikka oʻrgatish orqali bandligi taʼminlanadi.
Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring