Haqiqat egiladi, bukiladi, ammo sinmaydi. Yoxud oʻgʻli adolatsizlik qurboni boʻlgan otaning murojaati haqida
Tahririyatimizga Toshkent viloyati Chirchiq shahrida yashovchi fuqaro G.Valiyevdan murojaat kelib tushdi. Unda oʻgʻli J.Valiyevni jinoiy javobgarlikka tortish, shu bilan bogʻliq sud jarayonlarida yoʻlga qoʻyilgan xatolar, adolatsizliklar haqida soʻz boradi. Oʻz navbatida murojaatchi jamiyatda bunday holatlar boshqa takrorlanmasligi uchun kurashayotgan insonlar ham bor ekanligini aytib, ularga oʻz minnatdorchiligini bildirib oʻtgan.
Quyida ana shu maktubning asosiy mazmunini keltirib oʻtamiz.
Jinoyat ishlari boʻyicha Angren shahar sudining 2013-yil 17-iyundagi hukmi bilan 1975-yilda tugʻilgan «Oʻzsanoatqurilish» ATBning Chirchiq shahar filiali kredit sektori mudiri lavozimida ishlab kelgan Valiyev Jamshid Gafurjanovich Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi, 205-moddasi 2-qismi «a» bandi, 209-moddasi 2-qismi «a» bandida koʻrsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, uzil kesil oʻtash uchun 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, sud zalida qamoqqa olingan edi.
Mazkur ish JIB Toshkent viloyati sudining apellyatsiya instansiyasida 3-marta koʻrildi. 2013-yil 23-iyul va 2020-yil 28-yanvardagi ajrimlar bilan sud hukmi oʻzgartirilib J.Valiyevning jinoiy qilmishi va tayinlangan jazo muddati 5 yilu 10 oyga oʻzgartirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudi JIB sudlov xayʼatining 2019-yil 6-dekabr va 2020-yil 2-dekabr ajrimlari bilan JIB Toshkent viloyati sudi apellyatsiya instansiyasining 2013-yil 23-iyul va 2020-yil 28-yanvardagi ajrimlari bekor qilinib, jinoyat ishini shu qismi yangidan koʻrish uchun ikkinchi marta JIB Toshkent viloyat sudiga yuborildi.
Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov xayʼatining 11-fevral 2021-yil №1-2-253/2013 sonli ajrimi bilan JIB Toshkent viloyati Angren shahar sudining 2013-yil 17-iyundagi hukmining Valiyev Jamshid Gafurjanovichga oid qismi uchinchi marta oʻzgartirildi:
— J.Valiyevning ayblovidan Oʻzbekiston Respublikasi JK 205-moddasi 2-qismining «a» bandi chiqarildi.
— J.Valiyevning ayblovidan Oʻzbekiston Respublikasi JK 167-moddasi 2-qismining «a» bandi chiqarildi va ishni shu qismi JPK ning 83-moddasi 2 bandiga asosan tugatildi.
Sud hukmi qaroridagi J.Valiyev va M.Kurbonovdan «Oʻzsanoatkurilish» ATBning Chirchiq shahar filiali foydasiga 65 100 000 soʻm solidar tartibda undirish belgilangan qismida J.Valiyevdan undirish qismi bekor qilinib, qolgan qismi oʻzgartirishsiz qoldirildi.
Sud hukmiga koʻra, Valiyev Jamshid Gafurjanovich «Oʻzsanoatqurilishbank»ning Chirchiq shahar filiali kredit sektori mudiri lavozimida ishlab kelgan mansabdor shaxs boʻla turib, mansab vakolatini suiisteʼmol qilganlikda, gʻarazgoʻylik va boshqa manfaatlarni koʻzlab, rasmiy hujjatlarga bila turib, soxta maʼlumotlar va yozuvlar kiritganlikda, hujjatlarni qalbakilashtirganlikda va bila turib soxta hujjatlarni tuzganlikda va taqdim etganlikda, shuningdek, Aksiyadorlik Tijorat «Uzsanoatqurilishbank»ning Chirchiq shahar filialiga jinoiy sherigi M.Qurbonov bilan birgalikda juda koʻp miqdorda, yaʼni 71 mln. soʻmlik moddiy zarar yetkazganlikda aybdor deb topilib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismining «a» bandi, 209-moddasi 2-qismining «a» bandi, 167 moddasi 3-qismining «a» bandiga asosan ayblangan.
Ishning haqiqiy holatiga koʻra, «Oʻzsanoatqurilish» ATB Chirchiq shahar filiali bilan «Chirchiq trans qurilish» MCHJ tomonidan 2010-yil 26-oktyabrda imzolangan № 107/2010-sonli lizing shartnomasida koʻzda tutilgan majburiyatlarni bajarmasdan M.Qurbonov oʻzboshimchalik bilan lizing toʻlovlarini toʻliq toʻlamasdan turib, lizing obyektini oʻzlashtirgan. Shunga qaramay, sud tomonidan M.Qurbonovning hujjatlarni qalbakilashtirganlikdagi J.Valiyevga nisbatan uyushtirgan tuhmat koʻrsatmasi asosli ekanligi sinchkovlik bilan tekshirilmasdan ayblagan
Sababi, sud xayʼati J.Valiyevning harakatlarini yuridik kvalifikatsiyasini malakalash davrida jinoyat ishi boʻyicha oʻtkazilgan texnikaviy-kriminalistik ekspertiza xulosasini inobatga olmagan. “Obyektni Qashqadaryo viloyatida turganligi” haqidagi M.Qurbonovning koʻrsatmasiga binoan, 2013-yilda dastlabki va sud tergovi hamda apellyatsiya sudi tomonidan tekshirilmaganligi oqibatida VT-150DE rusumli haydov traktorining Toshkent viloyat Chinoz tumanidan qayerga gʻoyib boʻlganligini aniqlash choralari belgilangan tartibda olib borilmagan.
Shuningdek, M.Qurbonov J.Valiyevga traktor DAN xodimlari tomonidan musodara qilinib, jarima maydoniga qoʻyilmoqchiligini bildirgan. J.Valiyev esa keyinchalik tuhmat uyushtirib, xatdan gʻaraz maqsadda foydalanishini bilmagan holda B.Abdullayev vaqtincha ishda boʻlmaganligi uchun, uning oʻrniga oʻz imzosini qoʻyib, MCHJ nomiga berilgan va ayblash uchun asos qilib olingan 2011-yil 29-iyul №02/336-sonli xatni Chinoz tumani texnika nazorat inspeksiyasi boshligʻi A.Ahmedov qabul qilmagan. Shuning uchun ushbu harakat kam ahamiyatli qilmishlar turkumiga taalluqli boʻlib, JKning 36-moddasida «garchi jinoyat sifatida nazarda tutilgan alomatlar mavjud boʻlsa-da, oʻzining kam ahamiyatliligi bilan jinoyat deb topilmasligi» eʼtirof etilgan. Ammo sud JKda belgilangan mazkur qoidaga amal qilmagan.
Shuningdek 2011-yil 8-avgustdagi №02/344 sonli xatga asosan rasmiylashtirilgan va J.Valiyevni ayblash uchun sud tomonidan asos qilib olingan texnik pasport bekor qilingan. “Zet invest maks” MCHJ rahbari Z.Ermatov texnik pasportni nazorat inspeksiyasiga qaytarish haqida 2011-yil 30-avgustdagi 1-sonli xat orqali A.Axmedov tomonidan ogohlantirilgan. Lekin Z.Ermatov bu topshiriqni bajarmaganligi oqibatida jinoyat ishtirokchisiga aylangan. Lekin sud tomonidan JPKning 417-moddasida belgilangan tartibda Z.Ermatovga nisbatan huquqiy chora koʻrmagan.
Mazkur holat birinchi bosqich sudi tomonidan huquqiy malakalanmagan. Natijada JK 167-moddasi 3-qismi «a» bandi, 205 moddasi 2-qismi «a» bandi, 209-moddasi 2-qismi «a» bandida koʻrsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda J.Valiyevni ayblash uchun asos mavjud emasligini oldindan bilib turib asossiz ayblagan
Sababi, M.Qurbonov dastlabki va sud tergovida bergan koʻrsatmasida U.O Rahimqulov va Z.T.Ermatovlar Qashqadaryo viloyatiga kelib, VT-150DE rusumli traktorni sotish haqida kiritgan taklifiga asosan, Chinoz tumani “Zet invest maks” MCHJ rahbari Z.Ermatov bilan 71 mln. soʻmlik bank balansidagi lizingga olingan traktorni 50 million soʻmga sotish haqida 27/07111-DKP sonli oldi-sotdi shartnomasini imzolaganligini bildirgan. Shunga asosan, Z.Ermatov 27.07.2011-yil 100/27/711-sonli yuk xati (schyot faktura) bilan traktorni Chirchiq shahridan Toshkent viloyati, Chinoz tumaniga olib borib, tuman Davlat texnika nazorati inspeksiyasiga roʻyxatga qoʻyish uchun ariza bilan murojaat etgan va noqonuniy texnik pasport rasmiylashtirgan. Bu harakati bilan M.Qurbonov lizing shartnomasida zimmasiga qoʻyilgan majburiyatlarni buzilishiga yoʻl qoʻygan.
Shu bilan birga M.Qurbonov 2011-yil 22-avgust №32/08-n-7 sonli bank filialiga taqdim qilgan xatida aks etgan «2011-yil 08.08. №02/344 sonli xat MCHJ xodimlari tomonidan qalbakilashtirilganligi, ularga nisbatan chora koʻrganligi, traktor uchun barcha javobgarlik «Chirchiq trans qurilish» MCHJ zimmasida boʻlishi, lizing toʻlovlarini 25-avgust 2011-yilgacha toʻlab berishi, lizing toʻlovlarini koʻrsatilgan muddatda toʻlamagan taqdirda traktorni bank ixtiyoriga qaytarish haqidagi majburiyatini bajarmadi. Traktorni esa bank ixtiyoriga qaytarmadi.
Lekin sud M.Qurbonovning traktor Qashqadaryo viloyatida turganligi haqidagi koʻrsatmasiga asosan, haqiqatni aniqlash vazifasini JPK belgilangan tartibda tergov zimmasiga yuklamadi. Oqibatda jinoyat obyekti joylashgan manzil va jinoyatni sodir etilishiga daxldor shaxslar oʻz vaqtida aniqlanmay qoldi. Buning natijasida sud tomonidan J.Valiyevni aybliligi masalasini hal qilinishiga va jazo chorasini belgilanishiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan holatlar hisobga olinmadi hamda JKda belgilangan normalarni buzilishiga yoʻl qoʻyildi.
Biroq ushbu dalillar nima sababdan inobatga olinmaganligi va JKning 41-moddasida tadbirkorlik subyektlarini oʻzlariga koʻrsatilgan xizmatlar, shu jumladan, berilgan kreditlar yuzasidan banklar va boshqa moliya tashkilotlari oldidagi shartnoma majburiyatlarini tadbirkorlik tavakkalchilik hamda boshqa tijorat tavakkalchiliklari bilan bogʻliq holda bajarmaganligi banklar va boshqa moliya tashkilotlari xodimlarini jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos boʻlmasligi koʻzda tutilganligi nega J.Valiyevga nisbatan qoʻllanilmaganligiga sud hukmida va xulosasida tushuntirish berilmagan.
Shunga asosan, J.Valiyevning otasi JIB Toshkent viloyat sudiga 2013-yilda mazkur kamchiliklarga asosan oʻgʻli asosiz ayblanganligini maʼlum qilgan. Himoyachilar Dilshod Ermatov hamda Hasan Egamberdiyev esa viloyat sudiga apellyatsiya va Oliy sudga nazorat tartibida ariza kiritgan. Ammo JIB Toshkent viloyat sudi, prokuraturasi va Oliy sud tomonidan arizalarda koʻtarilgan vajlar asossiz ekanligi bildirilgan javoblar qaytarildi.
Bundan tashqari, sud tomonidan M.Qurbonovning jinoyat obyektini Qashqadaryo viloyatida turganligi haqidagi koʻrsatmasi tekshirilmaganligi sababli G.Valiyev Sudyalar Oliy Kengashi raisining ham qabulida boʻlgan. Kengash raisi maslahati bilan IIV qilgan murojaati samarasida IIV YHXB tomonidan 2018-yilda fuqaro M.Hamroyev nomiga 26.01.2012-yilda Mirishkor tumani texnika nazorati inspektori tomonidan texnik talon berilganligi hamda Qashqadaryo viloyat davlat texnika nazorat inspeksiyasining 2018-yil 25-iyun №01-04/73 sonli maʼlumotida VT-150DE rusumli haydov traktori Mirishkor tumanida 26.01 2012-yil roʻyxatga olinganligi va M.Hamroyev rahbarlik qilayotgan fermer xoʻjaligida soz holda turganligi aniqlandi.
Shundan kelib chiqib, IIV, Toshkent viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi UMIB tomonidan, VT-150DE rusumli traktor Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani Obod mahallasida yashovchi Hamroyev Mamanazarga 40 million soʻmga sotib yuborilganligi hamda nomiga Mirishkor tumani davlat texnika nazorati inspeksiyasi boshligʻi Choriqulov Inom Shodmonqulovich Chinoz tumani davlat texnika nazorati inspeksiyasidan roʻyxatdan chiqarish chorasini koʻrmasdan, takroran texnik talon va davlat raqami berib yuborganligi maʼlum boʻlgan.
Traktor hujjatlarini I.Choriqulovga Bozorov Nurxon berganligi holati boʻyicha Qurbonov Muhiddin Muzafarovich, Ermatov Zuhriddin Toʻychiyevich, Choriqulov Inom Shodmonqulovich tergov davomida shaxsini aniqlash imkoni boʻlmagan Bozorov Nurxon, Rashidov Baxtiyor, Rustamov Baxtiyor va Shoim ismli shaxslarning harakatlarida JKning 228-modda 2-qismi «b» bandida koʻrsatilgan jinoyat sodir etganligi aniqlandi. Biroq shaxslarni javobgarlikka tortish muddati oʻtib ketganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi JPKning 84-moddasi 1-qismi 1-bandiga asosan IIV Toshkent viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi UMIBning 2019-yil 19-sentyabr qarori bilan tugatildi.
Lekin Jinoyat ishlari boʻyicha Angren shahar sudining hukmi qabul qilingan kundan boshlab, vakolatli idoralarga jinoyat qurolini joylashgan manzilini aniqlab, «Oʻzsanoatqurilish» ATBning Chirchiq shahar filiali ixtiyoriga lizing shartnomasi talablariga binoan qonunlarda belgilangan tartibda qaytarilishini soʻrab kiritgan murojaatlarga asosan viloyat sudi, prokuraturasi oʻz vaqtida chora koʻrmagan. Oqibatda sodir etilgan jinoyatga daxldor shaxslar aniqlanmadi. Shu tufayli aybdorlarni javobgarlikka tortish muddati oʻtkazib yuborildi.
Oʻzbekiston Respublikasi JPKning 22-moddasida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat yuz berganligi, uning sodir etilishida kim aybdorligi, shuningdek, u bilan bogʻliq barcha holatlarni aniqlashligi shart ekanligi belgilangan.
Ammo jinoyat ishini koʻrib chiqish jarayonida hamda keyin kiritilgan murojaatlarda koʻtarilgan va ularga ilova qilingan hujjatlar asosida vakolatli idora mutaxassislari tomonidan vaziyat odilona baholanmagan. Inson taqdiriga befarq boʻlishga hech kimning haqi yoʻqligi eʼtiborga olinmagan. Buning natijasida jinoyat sodir etgan asosiy shaxslar oʻz vaqtida aniqlanmadi.
Boz ustiga «Oʻzsanoatqurilish» ATBning yuristi Akbarov Nodir lizinga olingan obyektni M.Qurbonov noqonuniy oʻzlashtirilganligini oldindan aniq bilib turib, bankning Chirchiq shahar filiali xodimi qonunga zid holda ayblanayotganligiga sud eʼtiborini qaratish oʻrniga, sudga J.Valiyevga nisbatan M.Qurbonov bilan oʻzaro jinoiy til biriktirganlik va bank filialiga moddiy zarar yetkazganlik haqida isbotsiz taxminlarga asoslangan yolgʻon koʻrsatma bergan. Sud vaziyatni adolatli malakalamaganligi oqibatida esa J.Valiyevni qonun bilan himoyalangan huquqlari buzildi va sud hukmiga asosan ikki yil muddatni jazoni oʻtash muassasasida oʻtkazishiga yoʻl qoʻyildi.
Bundan tashqari, «Oʻzsanoatqurilish» ATB rahbariyati sudlangan J.Valiyevning himoyachisi D.Ermatov tomonidan 2013-yilda apellyatsiya tartibda kiritgan shikoyat arizasidagi bank filialiga yetkazilgan zararni lizing shartnomasida belgilangan tartibda undirishni M.Qurbonov zimmasiga yuklash haqidagi iltimosini fuqaroviy daʼvogar sifatida quvvatlamasligini bildirib, JIB Toshkent viloyati apellyatsiya sudi xayʼatiga 08.07 2013-yil № 04-24-390/5651 sonli eʼtiroz bilan murojaat qildi. Natijada lizingga berilgan jinoyat obyektini gʻoyib boʻlgan manzilini aniqlash choralari JPKda belgilangan tartibda fuqaroviy daʼvogar, tergovchi, birinchi bosqich va apellyatsiya sudlari tomonidan koʻrilmagan. Bularning oqibatida bank xodimi J.Valiyevqonunlarda belgilangan talablarga zid holda noqonuniy jazoga tortildi.
Ammo-lekin, oʻz masʼuliyatini va javobgarligini chuqur anglagan Oliy sud JIB sudlov xayʼati rahbariyati va sudyalari vaziyatni odilona malakalashdi. Buning natijasida tergovchi, birinchi bosqich va apellyatsiya sudlari ishni haqiqiy holatiga sinchkovlik bilan eʼtibor qaratmaganliklari oqibatida qonunlarga zid qarorlar chiqargani tasdiqlandi. Jumladan, nazorat tartibda Oliy sud JIB sudlov xayʼatining 2019-yil 6-dekabr va 2020-yil 2-dekabr ajrimlari bilan JIB Toshkent viloyat sudlov xayʼatining 2013-yil 23-iyul va 2020-yil 28-yanvardagi ajrimlari bekor qilindi. Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov xayʼatining 11-fevral 2021-yil №1-2-253/2013 sonli ajrimi bilan JIB Toshkent viloyati Angren shahar sudining 2013-yil 17-iyundagi hukmining Valiyev Jamshid Gafurjanovichga oid qismi oʻzgartirildi. Shu tufayli, J.Valiyev noqonuniy ayblanganligi oqibatida oilasini buzilgan notinchligiga biroz nuqta quyildi, adolat esa qisman tiklandi.
G.Valiyev oʻz murojaatida toʻgʻri maslahat berganlari uchun Oliy Kengashi raisi lavozimida ishlagan Ubaydilla Mingboyev, Prezidentning Chirchiq shahar, Toshkent viloyat va Respublika Xalq qabulxonalari xodimlari, Oliy sud JIB sudlov xayʼati rahbariyati, sudya X.Qosimov raisligidagi Sh.Rajabov va A.Jalilovlar, sudya U.Roʻziyev raisligidagi Sh.Rajabov, E.Ergashevlardan iborat tarkibdagi sudlov xayʼati sudyalari, Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha M.Mirzajonov raisligidagi U.Mamadaliyev, Ch.Chorshamiyevlardan iborat sudlov xayʼati sudyalari, “Ziyo-Nur” advokatlik firmasi, advokat O.Soatovga oilasi nomidan cheksiz minnatdorchilik bildirgan.
Murojaat egasi shu bilan bir qatorda dastlabki tergovni olib borgan tergovchi Isroil Shamsiyev, birinchi bosqich sudida raislik qilgan sudya Gʻolib Ergashev, Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha B.Miralimov raisligidagi xayʼat sudyalari S.Dusmanov, S.Avlakulov, R.Madumarov raisligidagi sudlov xayʼati sudyalari M.Ahmedov, R.Toshboyevlarga ishni haqiqiy holatiga sinchkovlik bilan eʼtibor qaratmaganliklari oqibatida adolatsizlikka yoʻl qoʻyganliklari haqida yozadi.
Buning natijasida J.Valiyevning oilasi tinchi buzilganligi, nafaqadagi ota-onasining sogʻligʻi yomonlashganligi, oilasi aʼzolari, voyaga yetmagan farzandlarining yuragiga zarba boʻlganligini maʼlum qilgan. Dastlabki va sud tergovi davrida qonunlarda belgilangan normalar qoʻpol buzilganligi oqibatida J.Valiyevning huquqlari poymol qilinganligi ham qayd etib oʻtilgan.
G.Valiyevning yozishicha, murojaatlarga asossiz javoblar qaytargan Toshkent viloyat va Bosh prokuratura masʼul xodimlari M.K.Tursunov, Z.S.Karayev, A.X.Korayev, A.Sh.Karimov, I.X.Iskanov, fuqaroviy daʼvogar «Oʻzsanoatqurilish» ATBning rahbariyati, yuristi Akbarov Nodir keyingi ish faoliyatlari davomida inson taqdiriga bunday darajada befarq boʻlmasligi, har bir rahbar inson taqdiri bilan bogʻliq masʼuliyatini va javobgarligini avvalo oʻz yuragidan oʻtkazib, vijdoni, unga ishonib yurgan odamlar va el yurt oldida chuqur anglashi kerak.
Sababi ular ushbu jihatlarni eʼtiborga olishmagan. Buning natijasida ishni olib borish jarayonida xatoga yoʻl qoʻyilgan. Inson taqdiriga nisbatan eʼtiborsizlik oqibatida qabul qilingan qarorlar esa J.Valiyev va uning oila aʼzolari yuragida katta jarohat qoldirdi.
G.Valiyev adolat qachon boʻlsa ham qaror topishini mazkur jinoyat ishini koʻrib chiqilishida ishtirok etgan, murojaatlarda koʻtarilgan muammolarni nomiga oʻrgangan barcha rahbarlarga eslatib oʻtgan.
Kimlarningdir befarqligi, yuzaki qarorlar qabul qilishi, tuhmat koʻrsatmalari kasriga butun boshli oila jiddiy jabrlandi, bu voqea sudlangan shaxsning voyaga yetmagan farzandlari va yaqinlari qalbiga jiddiy salbiy taʼsir qildi. Oʻz oʻgʻlining azob-uqubatlariga sherik boʻlgan ota esa agar adolat toʻliq tiklansa, bu shu ish bilan shugʻullangan barcha rahbarlar, tergovchi, prokuror va sudyalarga keyingi faoliyatlari uchun unutilmas tarbiyaviy saboq boʻladi deb hisoblaydi. Bu oʻz navbatida fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish bilan bogʻliq sohaning barcha xodimlariga ham ibrat vazifasini oʻtasa ne ajab.
P/s: Yuqoridagi holatlar bilan bogʻliq barcha hujjatlar tahririyat ixtiyorida mavjud.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring