Halollikning bahosi bormi?

15:33 12 Mart 2025 Jamiyat
149 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Poraxoʻrlik atamasiga tugʻilganimizdanoq duch kelamiz. Chaqaloq tugʻruqxonadan chiqishi uchun “suyunchi puli”, shifokor koʻrib qoʻygani uchun “qoʻl haqi”, bolalar bogʻchasiga oldingi qatorlarga tez oʻtish, yaxshiroq maktabga kirish uchun “xizmat haqi”, universitetlarga imtihon topshirish uchun “pora”, biror nufuzli tashkilotga ishga kirish uchun “shapka”, yuqoriroq lavozimga koʻtarilish uchun “tanka”, imtiyozlar va mukofotlarga ega boʻlish uchun “bir piyola choy...” Bular shu qadar koʻpki, umrimizning oxirigacha davom etadi. Buni oʻzimiz sezmaymiz ham. Bu oddiy holga aylanib qolgan. Hokimiyat organlari, idoralar, tashkilotlar, shifoxonalarda kuzatuv kameralari oʻrnatilgan, eshikka pora bermoq va olmoq jinoyat ekani yozib qoʻyilgan boʻlsada, qonuniy biror ish bitirish mumkinligini tasavvur ham qilolmaymiz.

Davlatimiz rahbari raisligida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda oldimizga turgan global muammolardan biri bu korrupsiyaning oʻsishi, shu jumladan, poraxoʻrlikka qarshi kurashish kerakligini alohida taʼkidlab oʻtdilar. Sir emaski, bugun atrofimizda oʻzi qonun himoyachisi boʻla turib, pora bilan qoʻlga tushgan amaldorlar ham uchrab turibdi. Vaholanki, bu yovuzlikka oʻzlari qarshi kurashish kerak emasmi? Zero boylikka oʻchlik, hashamdorlik, koʻzi ochlik va poraxoʻrlik odam tanlamaydi. Korrupsiya najot, hojat yoki shunchaki olmoq va bermoq deganlar yanglishadi, bu eng uyatli va sharmandali jinoyatdir! Qonunga koʻra har bir shaxs qilgan jinoyati uchun javob beradi.

— Davlatimiz rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻlidagi jonkuyarliklari, tashabbuslari har birimizni ogohlikka chorladi, — deydi Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi deputati Sherzodbek Karimov. — Bundan buyon Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy Kengashning hududiy boʻlimlariga viloyat hokimlari emas, xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi rahbarlik qilishini muhim yangilik sifatida qabul qildik. Bu mahalliy ijro hokimiyati faoliyati ustidan faol jamoatchilik nazorati oʻrnatishda, vakillik idoralari vakolatini kuchaytirishda juda muhim.

Davlat xaridlarini amalga oshirish, byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanish, barcha sohalarda manfaatlar toʻqnashuvining oldini olishda bunday taʼsirchan tizimlarni ishga tushirish allaqachon hayotiy zaruratga aylangandi. Endilikda mahalliy kengashlar, jamoatchilik tuzilmalari vakolatini kengaytirish orqali bunday illatlarga qarshi keskin kurashish imkoniyati yaratildi.

— Korrupsiyaga qarshi uning oqibatlari bilan kurashish emas, balki oldini olish koʻproq samara beradi, — deydi Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzosi Abdurahmon Toirov. — Korrupsiya nafaqat oilamiz, kundalik hayotimiz, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham katta zarar yetkazadi.

Ayni paytda jamiyatni “halollik vaksinasi” bilan emlashni maktab partasidan boshlashimiz, bolalarda halollikni tarbiyalashga alohida eʼtibor berishimiz kerak. Chunki bolalar jamiyat haqidagi barcha asosiy bilim va tushunchalarni maktabdan oladi. Maishiy korrupsiyaga barham berish maqsadida taʼlim va tibbiyot muassasalari, mahallalarda keng qamrovli izchil saʼy-harakatlarga kirishish rejalashtirilmoqda. Hozirda bu borada alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etish boʻyicha muhim vazifalar belgilab olindi.

— Korrupsiyaga qarshi kurashishda yangicha yondashuv kerak, — deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi Fargʻona viloyati boʻlimi raisi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Zokirjon Rahmonov. — Mahalliy kengashlar deputatlari, senatorlar mahallagacha tushib, korxona-tashkilotlar kesimida korrupsiyaviy holatlarni oʻrganmoqda. Shu orqali mustahkam huquqiy baza yaratilib, barcha sohalarda qonun ustuvorligi taʼminlanadi.

Bugun davlat xizmatlari koʻrsatishda shaffoflik, tezkorlik va aniqlik taʼminlanmoqda. Natijada 750 ta davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi raqamlashtirildi. Ayni yoʻnalishda inson omili, yaʼni maishiy korrupsiya koʻrinishlariga barham berildi. Ammo shahar-tuman, mahallalar kesimida baʼzi maishiy korrupsiya holatlari saqlanib qolayotgani achinarlidir.

Shubhasiz, jamiyatni parokanda qilayotgan, oʻzaro ishonch tuygʻusini yoʻqotib, qalbimizni pora qilayotgan ana shu “pora”dir. Bu bugungi hayotimiz, ertamiz taqdiri bilan bogʻliq jiddiy masala. Beparvolik, qonunsizlikka qarshi kurashmaslik, aksincha, unda ishtirok etish orqali biz dastlab koʻrinmas, keyin esa tobora oʻz domiga tortadigan dahshatli kuch – korrupsiyani keltirib chiqaramiz. Agar biz korrupsiyani yoʻqotishni oʻzimizdan boshlasak, barcha toʻsiqlarni yengib oʻtamiz. Zamaxshariy bobomiz aytganidek, insonga hayot bir marta berilgan. Bizni kasod-u inqirozga uchrashdan ozod qiladigan kishiga lutf bilan muomalada boʻlib, “qoʻrqma”, “zarari yoʻq”, “ziyoni yoʻq” deb yupatuvchilardan uzoqroq boʻlaylik!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер