Hali sheʼrga aylanmagan soʻzlarim mening

09:34 05 Avgust 2025 Madaniyat
394 0

Foto: Arxiv surat

Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Sher 1943-yil 5-avgustda Toshkent viloyati Chinoz tumanining Yoʻltushgan qishlogʻida hunarmand-misgar oilasida tugʻildi. 1965-70-yillarda Toshkent Davlat Universiteti (hozirgi OʻzMU) jurnalistika fakultetida oʻqidi. U 1958-yildan boshlab badiiy ijod bilan shugʻullanadi. 1959-yili ilk marta sheʼri matbuotda eʼlon qilingan. Uning birinchi sheʼrlar toʻplami “Koʻklam tabassumi” 1973-yili chop etilgan. Shundan keyin u “Alyor” (1977), “Atirgul soyasi” (1979), “Roz” (1980), “Kuz hiloli” (1983), “Qadimgi kuy” (1987), “Nuqtadan soʻng” (1989), “Toqat” (1997), “Yonayotgan yoʻl” (2007), “Yomgʻirlar oralab” (2009), “Sarbast qoʻshiqlar” (2010), “Sevgi olmoshi” (2010), “Sevilmagan mening sevgilim” (2010), “Gul yillar, bulbul yillar” (Saylanma, 2012) sheʼriy kitoblarining va “Asrlarning asraganlari” nasriy toʻplamining muallifi. Shuningdek, u Bayronning Don Juan, H. Haynening “Qoʻshiqlar kitobi” olmon tilidan tarjima qilgan. Rus tilidan Pushkin, Lermontov, Nekrasov, Axmatova, Charens, Tvardovskiy shoirlar asarlarini ham oʻzbek tiliga oʻgirgan. Uning sheʼrlar va dostonlari rus, litva, ingliz, ispan, ozarbayjon, turk, qozoq, qrim tatar va boshqa tillarga tarjima qilingan. Ayni paytda Abdulla Sher faylasuf olim sifatida ham mashhur. U “Axloqshunoslik”, “Estetika” fanlaridan oʻquv qoʻllanmalar va darsliklar muallifi.

TARJIMAI HOLIMGA CHIZGI

Koʻrdim asr oʻrtasida kelib dunyoga

Tarixlarda uchramagan tangdil zamonni:

Oʻxshar edi hayot xuddi bir xil roʻyoga,

Bitta haykal qoplamishdi hamma maydonni.

 

Koʻrib rangin kapalakning charx urishini

Men bilmasdim bu qanotdan paydo boʻlgan qurt

Goʻzal hilqat tomirini kemirishini,

Qurtlarga yem boʻlishini mushfiq ona yurt.

 

Oh, bu aldov! Suvratdagi oʻlik quyoshning

Osmoni bor, tafti bor deb oʻrgatgan aldov,

Boʻynimdagi choʻyan gʻulni xolis qardoshning

Mehr toʻla kaftidir, deb oʻrgatgan aldov!

 

Garchandki men koʻp tillarni bilsam ham, lekin

Bunday qismat bayoniga topolmadim til;

Yangi qadah, eski ogʻu… Sipqorib sekin

Muteʼlikning sharobidan zaharlandi el.

 

Kulrang tanklar haydaganda Afgʻonistonning

Bahorini yasholmagan shudgorlarini,

Oʻn sakkizda “Onajon!” deb uzilgan jonning

Men tingladim mangu tirik oh-zorlarini:

 

«Men bosqinchi miltigʻida oddiy oʻq edim,

Dushmanim ham tushmasin-a hatto bu holga!» –

Tingladim-u, barin anglab, laʼnat oʻqidim

Oxirzamon boʻlmasidan chiqqan Dajjolga!

 

Men orzuning tovush yetmas oʻlkalariga

Ot qoʻydim-u yorugʻ kunni topay deb bot-bot,

Lekin temir darvozalar koʻlkalarida

Darigʻ tutdi quyoshini mustabid hayot.

 

Amu bilan Sirdaryoga toʻkib yoshimni,

Ikki daryo oʻzaniga toʻlib yigʻladim,

Koʻtarolmay aldovlardan egik boshimni,

Qullikdagi Oʻzbekiston boʻlib yigʻladim.

 

Ammo xazon taglarida oʻsgan maysalar

Sarrin bahor yellariga aytganidek roz,

Men kuyladim osmon kabi Erkni sarbasar

Yulduzlarning shuʼlasidan elanib ovoz.

 

Bogʻlarimning taglarini bosganda shoʻra,

Nasim boʻlib gullar boʻyin yeldiray dedim.

Vaqt kelganda zarur soʻzni aytgandan koʻra,

Zarur soʻzni aytib, Vaqtni keltiray dedim.

 

Kechimshimni ulugʻladim, ertam deb yondim,

Men zamona lazzatidan kechib yashadim,

Baxtli qulga ajratilgan neʼmatdan tondim,

Tantanalar roʻyxatidan oʻchib yashadim.

 

Dil kishanin choʻrt uzganda har bir baytimki,

Qulxoʻjalar titrab-qaqshab, koʻksi boʻldi chok,

“Erk” soʻzini shunday ovoz bilan aytdimki, –

Hatto bugun sukutimga boqarlar xavfnok.

 

Bugun, shukr, eski dunyo toʻngaklaridan

Chetga oldi qomatini yam-yashil nihol,

Choʻlponlar-u Qodiriylar soʻngaklaridan

Unib chiqdi hur Binafsha, goʻzal Istiqlol.

 

Demak, gʻamning soyasiga aylanma, yurak,

Charaqlayver, ey ochilgan koʻzlarim mening,

Erk kuniga, Yurt kuniga yaraysiz, demak,

Hali sheʼrga aylanmagan soʻzlarim mening!

05.01.97.

* * *

Kirib kelayotgan karvonda emas,

Ketib borayotgan karvondaman men,

Pastda qolib ketdi yerdagi havas,

Osmonga bosh urgan narvondaman men.

 

Goʻzallik izladim – hijob aldadi,

Doʻstim deb intildim – niqob aldadi,

Daryo deb quvondim – sarob aldadi,

Rostman deb aldagan yolgʻondaman men.

 

Shamollar esdilar, fasllar uchdi,

Paykalim engashib, xirmonni quchdi,

Ekkanim – ekildi, pishganim – pishdi,

Hosili oʻzgarmas xirmondaman men

 

Va lekin yiroqdir dilimdan afsus,

Har soʻzda toʻkilmas tilimdan afsus,

Yoʻq erur sheʼrimdan, ilmimdan afsus,

Afsuslar yengolmas qoʻrgʻondaman men.

 

Ne boʻlsa – boʻldi, bas, boʻlganim shudir,

Koʻnglimning toʻlmagan-toʻlgani shudir,

Yovuzlik ustidan kulganim shudir:

Bir oʻqqa aylandim –kamondaman men.

22.03.10

BOBUR GʻAZALIGA MUXAMMAS

Bu shohliq tojini bir kun falakning koʻksiga otsam,

Ajab ermaski, arshni ham bu zarbim birla titratsam,

Ikki olamni, soʻng xushnud, tishining durigʻa sotsam,

Ne xush boʻlgʻayki, bir kun uyquliq baxtimni uygʻotsam,

Kechalar, tori moʻyidek, beligʻa chirmashib yotsam.

 

Gahi oʻzumni “sen” deb, men uning yodini “siz”lasam,

Gahi kiprigidin nozli nigoh shaxtin izlasam,

Gahi lab choʻgʻidin choʻchib, zanaxdonini koʻzlasam,

Gahi guldek yuzini ul shakar soʻzlukni islasam,

Gahi shakkar kibi ul yuzi gulning laʼlidin totsam.

 

Qani shogird labim doim xating oz–oz oʻrgansa,

Qani bulbul kelib sendin kuyi mumtoz oʻrgansa,

Qani toʻrgʻay kelib mendinki noming boz oʻrgansa,

Qani Shirin bila Layliki sendin noz oʻrgansa,

Qani Farhodu Majnun, alargʻa ishq oʻrgatsam.

 

Firoqim zarbidin baytim qogʻozni tigʻ kabi tilgʻay,

Devonim sahfasi bir-bir oyoq ostinggʻa toʻkulgʻay,

Abrlar sochsa ashkim, sel – roʻzi mahshar tinim bilgʻay,

Yorugʻ kunduz, qorongʻu kechada anjum kibi boʻlgʻay,

Chekib gar oh dudini koʻngil oʻtini butratsam.

 

Koʻrub husnini, rashkdin har sahar gulning koʻzi namliq

Ham u bulbulki yorin ushbu nuqsidin dili gʻamliq,

Labidin bir soʻz Abdullo ochib, tokay labi taʼmliq,

Koʻzum ravshanligʻida boʻlgʻay, ey Bobur, base kamliq,

Agar qoshi bila yuzin hilolu kunga oʻxshatsam.

1969

 

DORBOZ

Vajhi maosh uchun kimiki desa fikr etay,

Qismat rizosidin anga begonaliq kerak.

Alisher Navoiy

Yuksakda koʻrmoqchi boʻlding- u oʻzni,

Dorbozga aylanib, bogʻlatding koʻzni.

 

Oyogʻing arqonda, langarda qoʻling,

Endi tep-tekisdir, bir xildir yoʻling.

 

Shu qadar bir xilki, na chap, na oʻng bor,

Na oʻydim-chuqur bor, na biror doʻng bor!

 

Koʻz yumib yurasan goh-goh irgʻishlab,

Olomon yayraydi seni olqishlab.

 

Oʻynaysan, olomon pastda – ovora;

Bir xil yangrab turar maxsus nogʻora.

 

Sen ham erkin eding, bir payt, jangari,

Seni koʻr qildi-ku dorboz langari:

 

Endi koʻz kerakmas, langardir qoʻling,

Bor-yoʻgʻi toʻrt quloch arqondir yoʻling,

 

Nogʻora yangraydi – sen yurasan, bas,

Yer boʻlib yermassan, koʻk boʻlib koʻkmas.

2001

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер