Hayvonlarni identifikatsiya qilish jarayonlari tartibga solinmoqda

11:15 28 May 2025 Siyosat
128 0

Yalpi majlisda “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish toʻgʻrisida”gi qonun koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bundan tashqari, sohaga ishlab chiqarishning zamonaviy usullarini keng joriy etish orqali qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish masalalari ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Biroq hozirgi vaqtda hayvonlarni identifikatsiya qilish ishlari toʻlaqonli amalga oshirilmayotgani ularda xavfli yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash tadbirlarini oʻtkazish va epizootik barqarorlikni kafolatli saqlash imkoniyatini cheklamoqda.

Shuningdek, identifikatsiya jarayonlari raqamlashtirilmagani, maʼlumotlar bazasi markazlashtirilmagani natijasida hayvonlarning aniq hisobini yuritishdagi muammolar ham saqlanib qolmoqda.

Mazkur Qonunda Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish sohasidagi vakolatli organ etib belgilanmoqda.

Shuningdek, vakolatli davlat organi vakilining hamda hayvon egasining huquq va majburiyatlari aniq koʻrsatib oʻtilmoqda. Hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatishga doir umumiy talablar hamda muddatlar belgilanmoqda.

Hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish, kuzatish va hisobdan chiqarish boʻyicha tadbirlarni tashkil etish, elektron axborot tizimini muvofiqlashtirish va real vaqt rejimida elektron axborot almashinuvini taʼminlash Hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish markazining vakolati etib belgilanmoqda.




Senatorlar tomonidan taʼkidlanganidek, Qonunning qabul qilinishi natijasida hayvonlarning hisobi, ularning nasli va sogʻligi toʻgʻrisidagi yagona elektron bazasi shakllanadi, shuningdek, hayvonlarning saqlanishi va harakatlari (migratsiyasi) tartibga solinadi hamda doimiy monitoring qilish tizimi yaratiladi.

Bundan tashqari, hayvonlarning xavfli yuqumli kasalliklarga toʻliq profilaktik emlanishiga erishiladi. Natijada hayvonlarning turli yuqumli kasalliklarga chalinishi va nobud boʻlishi oldi olinadi. Respublikada epizootik va epidemik barqarorlik taʼminlanadi.

Muhokama yakunida ushbu qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер