Hayvonlarga shafqatsiz munosabat: bir bosh timsohcha va olti bosh buqalamun nobud boʻldi

19:37 13 Oktyabr 2022 Jamiyat
625 0

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 30-avgust kuni respublikamiz bojxonachilari Toshkent xalqaro aeroportida 57 dona timsoh bolalari hamda 10 dona buqalamunlarni noqonuniy ravishda olib kirishga boʻlgan urinishlarni fosh qilishgan edi.

Holatga oydinlik kiritilguniga qadar ushbu yovvoyi hayvonlar Toshkent hayvonot bogʻiga vaqtincha saqlash uchun topshirilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim savdo belgilarini targʻib qilishda yovvoyi hayvonlardan, xususan timsoh bolalaridan foydalanilganligi sababli jamoatchilikda ushlab qolingan timsoh bolalari begona qoʻllarga chiqib ketganligi yuzasidan shubha-gumonlar yuzaga kelganligi tufayli Davlat bojxona qoʻmitasi Matbuot xizmati Toshkent hayvonot bogʻida boʻlib, jonivorlarning hozirgi holati bilan qiziqdi.

Eʼtiborli jihati shundaki, timsohchalar hayvonoot bogʻi ekspozitsiyasida tashrif buyuruvchilar eʼtiboriga havola qilinmoqda. Yovvoyi tabiatdan ajratib olinganligi sababli timsoh bolalarining barchasi ham birdek xonaki sharoitga moslashganicha yoʻq. Ularning ayrimlari mustaqil ravishda oziqlana olmayapti.

Shuningdek, hamon maxsus karantinda saqlanayotgan buqalamunlarning ahvolini ham yaxshi deb boʻlmaydi. Ular qutida mevalar orasida olib kelinganligi sababli parvoz vaqtida mevalar ichida siqilib qolib, jiddiy shikast yegan.

Natijada, hozirga kelib 1 bosh timsohcha va 6 bosh buqalamun nobud boʻldi. Hozirda ular utiliziatsiyaga qadar maxsus muzlatkichda saqlanmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston faunasida Nil timsohlari va Yaman buqalamunlari uchramasligi sababli ular mamlakat Qizil kitobida uchramaydi. Ammo, Xalqaro qizil kitobga kiritilgan.

Shu sababli ham yoʻq boʻlib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan Xalqaro savdo qilish konvensiyasiga muvofiq ushbu jonzotlarni respublikaga olib kirishda CITES maxsus ruxsatnomasi talab etiladi. Vaxolanki, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasidan olingan maʼlumotlarga koʻra, bunday ruxsatnoma olish uchun murojaat kelib tushmagan.

Jonivorlarning keyingi taqdiri sud xukmiga binoan hal boʻladi.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Eslatib oʻtamiz, respublikamiz bojxonachilari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 2 bosh sher bolasining, 55 bosh saʼva qushlarining, 57 bosh timsoh bolalarining va 10 bosh yaman buqalamunlarning noqonuniy olib oʻtilishiga oʻz vaqtida chek qoʻyishgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер