“Hayrat ul-abror”ning tuganmas ibratlari

Maoniy ahlining sohibqironi, mutafakkir ijodkor Alisher Navoiy buyuk “Xamsa” asari bilan oʻziga oʻlmas haykal qoldirdi. Bu asar oʻz davrida ham, bugungi kunda ham katta qadr-qimmatga ega. “Xamsa” nafaqat oʻzbek millatining, dunyo xalqlarning maʼnaviy boyligi, komil inson axloqi, tarbiyasining asosiy manbaiga aylandi.
“Xamsa”dagi har bir doston oʻz xususiyatiga ega. Xususan, uning birinchi dostoni “Hayrat ul-abror” falsafiy, diniy, tasavvufiy, odob-axloq fazilatlari bilan ziynatlangan asardir. U qomusiy asar boʻlib, asosiy qismini tashkil etuvchi maqolat va hikoyatlarda insoniyat uchun barcha zamon va makonda oʻta dolzarb boʻlgan masalalar oʻz ifodasini topgan. Shuningdek, dostonda ijodkorning inson va uning oʻzligi, ruhiyati, shaxsiyati haqidagi oʻylari maqolatlarda keng, batafsil yoritib berilgan. Asardagi hikoyatlar esa maqolatlarda ilgari surilgan tayanch gʻoyalarni kitobxon ongida yaxshi taʼsir etishiga imkon yaratadi, har bir maqolat maxsus biror masalani yoritishga bagʻishlangan.
Dostonda Alisher Navoiyning islom dini, tasavvuf haqidagi mulohazalari keng bayon qilingan. Allohning ulugʻvorligi, uning madhi, paygʻambarimiz Muhammad s.a.v.ning tarjimayi holi, sifatlari, maqtovlari, islom dini, iymon, ustozlari shayx Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, shayx Abdurahmon Jomiylarga ehtirom, soʻz va koʻngil, pir va murid munosabatlari, adolat, karam va saxovat, halol mehnat, odob-axloq va hayo, qanoat, ishq va vafo, rostlik, muomala, mehr, oqibat, ota-ona hurmati, mardlik, kechirimlilik va avf, insof va kamtarlikni ulugʻlash fazilatlari, xudbinlik va mayxoʻrlikni qoralash, yolgʻonchilik, boʻlar-boʻlmasga kulish, odobsizlik, zulm va adolatsizlik, taʼma va ikkiyuzlamachilik, dunyoga hirs qoʻyish, oʻgʻrilik kabi illatlar tanqid qilinadi.
“Hayrat ul-abror”ning asosiy qismini yigirma maqolat va yigirma hikoyat tashkil etadi. Asarda har bir maqolatdan keyin bir hikoyat keltiriladi. Doston oxirida yana bir hikoyat bor, hammasi boʻlib yigirma bir hikoyatdan iborat. Bu hikoyatlarning hajmi turlicha. Eng kichigi oʻn toʻrt bayt — yigirma sakkiz misra boʻlsa, eng kattasining hajmi qirq ikki bayt — sakson toʻrt misradan iborat.
Dostonning oʻn uchinchi maqolatida shoir odamlarga foydasi tegadigan insonlarni maqtaydi. Kim boshqalarga foyda keltirsa, oʻzi undan koʻproq naf topishini aytadi:
Nafʼing agar xalqqa beshak durur,
Bilki bu nafʼ oʻzunga koʻprak durur.
Bu qismda shoir yaxshi-yomon odamlar, til foydalari, yaxshi soʻz bilan yomon kishi ham yaxshi boʻlishi, yaxshi soʻzdan oʻlik ham najot topishi haqida soʻz yuritilgan.
Faqat oʻzini oʻylaydigan kishilarni shoir chumoliga oʻxshatadi. Ishi faqat uyiga tashish boʻlgani uchun u tiriklayin yerga — goʻrga kirdi deydi. Yana supurgi haqida fikr bildirib, uning ishi faqat toʻdalash bilan mashgʻul boʻlgani uchun eshik ortida xor boʻlib yotadi, deydi.
Bu maqolatga izoh sifatida “Ayyubi xalafning noxalaf oʻgʻrining egriligin tuzgoni…” haqidagi hikoyatni keltiradi. Bu hikoyatning hajmi yigirma sakkiz baytdan iborat. Hikoyatning mazmuni quyidagicha: Ayyub — “bashar xayli”ning insoni, odamiylar odami. Jismi shamdek ishq oʻtida kuygan xalaf uyida ibodat qilayotgan kechalarning birida uyining tomini teshib oʻgʻri kiradi. Ayyub buni sezsa ham, eʼtibor bermay, toat-ibodatini davom ettiradi. Teshikdan tushgan oʻgʻri uydan nimaiki topsa, yigʻib, toʻplab, oʻzi kirgan teshikka keltiradi. Lekin oʻgʻirlagan narsalari bilan teshikka sigʻmaydi. Shunda Ayyub oʻrnidan turib, eshikni ochadi va oʻgʻriga yoʻl koʻrsatadi. Oʻgʻri qilgan gunohini tushunib, uyalib, pushaymon boʻlib, pirning oyoqlariga bosh urib, tavbaga izn soʻraydi.
Hikoyatning tasavvufiy talqinida qalb koʻzi koʻr, odamlarga nafi tegmaydigan, tili ham, koʻngli ham saxovatdan bebahra kishilarning oʻgʻrilik qilishi qoralanadi. Bu ishi xatoligini bilib, oʻgʻri murshidga, tavbaga yuzlanadi. Bunda Ayyubi xalafning eshik ochib, yoʻl koʻrsatishi — ramz hisoblanadi. Yaʼni, muridni tariqatga, Haqqa boshlashdir. Hikoyatda adashgan, yoʻlini topolmagan kishini toʻgʻri yoʻlga boshlash, uni gunoh va xato ishlardan qutqarish foydali ish ekani taʼkidlangan.
“Hayrat ul-abror”da odob-axloq bilan bogʻliq hikoyatlar ham bor. Ularda hayo, vafo, qanoat, toʻgʻrilik ulugʻlanadi. Taʼma, yolgʻonchilik qoralanadi. Dostonda tavoze, hayo, bola tarbiyasi, farzandga yaxshi nom qoʻyish, ota-ona hurmati kabilarga toʻxtalib oʻtiladi. Oʻttiz uchinchi bobda “Noʻshirvonning hayosi…” hikoyati keltiriladi. Bu hikoyat oʻn olti baytdan iborat. Uning mazmuni quyidagicha: Anushirvon yoshlik chogʻida bir goʻzalga oshiq boʻladi. Bir kuni bogʻdagi xilvatda ular uchrashib qoladilar:
Yetti gʻamu mehnati bemar anga,
Toki visol oʻldi muyassar anga.
Bir chaman ichra tuzibon xilvate,
Gulrux ila qildi ayon suhbate.
Noʻshirvon qoʻlini yori sari uzatadiyu, uning or-nomusi, hayosi shu qadarki, koʻzi bogʻdagi nargis guliga tushib, guldan uyalib qoʻlini tortib oladi. Shu hayosi sabab kelgusida u adolatli shoh darajasiga erishadi.
Umuman olganda, “Hayrat ul-abror”dagi hikoyatlar hozirgi zamon, globallashgan dunyo, bugunimiz uchun ham nihoyatda ibratlidir. Bu asarni oʻqigan oʻquvchi Alisher Navoiy hazratlarining oʻgitlaridan ulgu olishiga shubha yoʻq.
Gulbahor ASHUROVA,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat
oʻzbek tili va adabiyoti universiteti
Fuzuliy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi rahbari,
filologiya fanlari doktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Milliy sertifikat imtihoni natijalari 21 ish kuni ichida e’lon qilinadi — Bilimni baholash agentligi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Ichki ishlar vaziri Buxoro viloyati IIBning 10 ga yaqin rahbarini ishdan boʻshatdi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Yangi hafta avvalida qanday ob-havo kuzatilishi maʼlum qilindi
- “Qutadg‘u bilig” dostoni qo‘lyozmasining faksimile nusxasi yaratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring