Gʻuzor begining uyini kim egallab olgan? (Achchiq, ammo ochiq gap)

11:54 11 Oktyabr 2024 Madaniyat
364 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Manbalarda qayd etilishicha, XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Gʻuzor bekligi Buxoro amirligi tasarrufidagi eng rivojlangan maʼmuriy birliklardan biri boʻlgan.

Bu davrda Gʻuzor beklari tomonidan hududda katta hajmdagi qurilish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan. Ularning bir qismi sobiq tuzum davrida vayron etilib, yoʻq qilib yuborilgan. Qolganlari mustaqillikdan soʻng madaniy meros obyekti sifatida qayd etilib, davlat muhofazasiga olingan. Shunga qaramay, bu arxitektura yodgorliklari eʼtiborsizlik, oʻz holiga tashlab qoʻyilishi oqibatida bugun nihoyatda achinarli ahvolga kelib qolgan.

“Bobomdan qolgan meros”

Gʻuzor bekligining asosiy qoʻrgʻoni Gʻuzordaryo sohilidagi tepalikda joylashgan. Bu yerda bekning yashash joyi, boshqaruv idorasi va boshqa turli zarur muassasalar binolari boʻlgan. Hozir bu tepalik va imoratlardan xarobalar qolgan xolos.

XIX asrning ikkinchi yarmida Gʻuzor begi (Abdumalik toʻra) tomonidan qoʻrgʻondan biroz quyida yozgi chorbogʻ va uning yonida uy barpo etilgan. Manbalarda qayd etilishicha, bu yer oʻz vaqtida juda koʻrkam manzil boʻlgan. Chorbogʻga Hindistondan manzarali daraxt koʻchatlari keltirib ekilgan. Uy yonidagi marmar qoplangan hovuz doimo koʻm-koʻk suv bilan toʻlib turgan.

Shu yerlik keksalarning aytishicha, asosiy qoʻrgʻondan yozgi chorbogʻga olib keladigan yer osti yoʻli ham boʻlgan. Katta ehtimol, bu yoʻl hali ham bor. Faqat uning kirish qismlariga tuproq toʻlib yopilib qolgan.

Bekning uyi arxitektura jihatdan katta tarixiy qiymatga ega. Unda ayniqsa, oʻymakorlik va ganch sanʼatining murakkab va noyob usullaridan foydalanilgani eʼtiborga molik. Shunga koʻra, ushbu obida arxitektura yodgorliklari roʻyxatiga kiritilib, davlat muhofazasiga olingan. Lekin bino eʼtiborsiz, qarovsiz qoldirilgan. Natijada bir oila bu obidani hech qanday hujjatsiz “Bu uy bobomdan qolgan meros” degan iddao bilan egallab olgan. Endi na tuman hokimligi, na Qashqadaryo viloyat madaniy meros boshqarmasi masʼullari ushbu oila aʼzolarini tarixiy yodgorlikdan koʻchirib chiqarishning imkonini qila olmayapti.

Biz holatga viloyat madaniy meros boshqarmasi rahbari Obidjon Hamidovdan izoh soʻradik.

– Toʻgʻri, bu yerda ancha vaqtdan buyon bir ayol farzandlari bilan yashab kelmoqda, – deydi u. – Biz ularga bu yer tarixiy obida ekanligini tushuntirishga, koʻchirib chiqarishga koʻp urindik. “Yosh bolalarim bilan koʻchaga haydab chiqaryapti, uysiz qolyapman”, deb dod soladi. Ammo baribir chorasini topib, bir murosaga kelamiz.

Shu yerdagi tarixiy bogʻ ham qariyb 10-yildan buyon turli tashkilotlar, tadbirkorlar oʻrtasida talashda. Natijada bir paytlar shaharning koʻrki boʻlgan bu bogʻ asta-sekin oʻz tarovatini yoʻqotib, oddiy tashlandiq manzilga aylanib bormoqda.

Toʻkilib borayotgan obixona

Gʻuzor shahrining Xoʻjaguzar mahallasi hududidagi yoʻl boʻyida gavjum savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari joylashgan. Ularning qatorida hududdagi tadbirkorlardan biri ancha yildan buyon omborxona, doʻkon sifatida foydalanib kelayotgan yana bir bino bor. Usti gumbaz shaklida yopilgan ushbu bino va uning yonidagi minorani koʻrgan kishi darhol bu ikki binoning tarixiy obida ekanligini anglaydi.

Manbalarda keltirilishicha, Buxoro amiri Amir Shohmurod oʻz vaqtida Gʻuzor bekligida masjid va madrasa qurdirgan. Taxminlarga koʻra, amir qurdirgan masjid xuddi shu hududda boʻlgan va mazkur obixona (tahorat olinadigan joy) va azon minorasi ham uning yonida barpo etilgan.

Mustaqillikdan soʻng har ikki obida davlat muhofazasiga olingan. Biroq bu ularni talafotlarsiz saqlash, kelajak avlodlargacha yetkazib berish kafolatini bermaydi. Chunki har ikki obida taʼmirga, qarovga, nazoratga muhtoj.

Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 11-noyabrdagi “2013-2015-yillar davrida Qashqadaryo viloyatida turizm sohasini rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida”gi qarorida mazkur meʼmoriy majmuaning 2014-yil sentyabr oyiga qadar taʼmirlanishi koʻzda tutilgan boʻlib, bu boradagi ishlar davlat byudjeti mablagʻlari asosida moliyalashtirilishi belgilangan edi. Ammo rejadagi ishlar qogʻozda qolib ketdi. Shu xususda tuman yoki viloyat hokimining emas, respublika Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinib, maxsus dasturlar tuzib chiqilgan, hatto qayerdan qancha mablagʻ ajratilishi, kim masʼul ekanligiga qadar belgilab berilgan boʻlsa-da, uning ijrosi taʼminlanmadi.

Ayni paytda obixona viloyat madaniy meros boshqarmasi masʼullari tomonidan hududdagi tadbirkorlardan biriga savdo doʻkoni sifatida foydalanish uchun berib yuborilgan. Tarixiy minorani ham qoʻshni xonadonlarning qurilishlari har tomondan qurshab olmoqda...

Arosatdagi “Avgʻonbogʻ”

Obixona va minoradan oʻtib, biroz janub tomonga yursangiz, yoʻl boʻyidagi ikki qavatli yana bir tarixiy obidaga duch kelasiz. Aholi “Avgʻonbogʻ” madrasasi deb ataydigan bu bino ham Gʻuzor bekligining soʻnggi yillarida, aniqrogʻi, 1913-yilda barpo etilgan.

Madrasaning birinchi qavat sahni atrofida toʻrtburchak shaklda 24 ta hujra joylashgan boʻlib, ikkinchi qavatga chiqish uchun zinapoyalar bor. Ikkinchi qavatda 7 hujra joylashgan. Har bir hujra tepasida alohida anʼanaviy past gumbazlar bor.

“Avgʻonbogʻ” madrasasi ham davlat muhofazasiga olingan. Hukumatning 2013-yil 1-noyabrdagi tegishli qarori (ayni paytda kuchini yoʻqotgan)ga asosan mazkur madrasasini ham restavratsiya qilish rejalashtirilgan. Buning uchun turli manbalar hisobidan 100 ming dollar ekvivalentida mablagʻ sarflash koʻzda tutilgan edi. Biroq bu ishlar amalga oshmagan, natijada koʻp yillar davomida ushbu obida ham chiqindixonaga aylanib qolgan edi.

Bu yil tumanning Batosh mahallasida yashovchi Nodir Samadov madrasa binosini hamkorlik shartnomasi asosida vaqtincha foydalanish uchun olib, bu yerda kelin-kuyolar aylanib, turli fotosessiyalar uyushtirishi uchun shart-sharoit hozirlabdi.

– Oʻtgan vaqt davomida bino va uning atrofini chiqindilardan tozalab, milliy hunarmandchilik mahsulotlari, turli tarixiy buyumlar yordamida oʻzgacha dekoratsiya yaratdim, – deydi u. – Hozir koʻplab kelin-kuyovlar toʻyi kuni bu yerga aylangani keladi. Shogirdlarim bilan birgalikda ularga tarixiy dekoratsiyalar uygʻunligida turli fotosessiyalar, videoroliklar tayyorlab bermoqdamiz. Bugun hududimizdagi yoshlar orasida tarixiy uslubdagi fotolarga qiziqish yanada ortib, mijozlarimiz soni ortib bormoqda.

Albatta, tarixiy yodgorlikdagi hozirgi ozodalik, sarishtalik ham kishi koʻnglini xushnud etadi. Lekin baribir bu binoni saqlab qolish, kelajak avlodlarga-da bus-butun yetkazib berish uchun uni belgilangan talablar asosida restavratsiya qilish zarur. Boisi binoning ayni vaqtdagi holatini koʻrgan kishi uning taʼmirga ehtiyoji yuqoriligini darhol his etadi.

Muxtasar aytganda, kim uchundir bu binolarni belgilangan talablar asosida saqlash, taʼmirlash ortiqcha muammo, xarajat manbai sifatida qarashi mumkin. Ammo ularning tarixiy qiymatini bilganlar uchun bu katta boylik.

Tasavvur qiling, biz sanab oʻtgan obidalarning barchasi bir joyda – tumanning Xoʻjaguzar mahallasi hududida joylashgan. Bu hududda xuddi shunday yana qator tarixiy obidalar, manzillar bor. Ularni taʼmirlash, sayyohlar uchun kerakli shart-sharoitlarni tashkil etish orqali shaharning tarixiy qiyofasini yaratish, juda katta turistik majmua hosil qilish mumkin. Bu hududga har yili minglab sayyohlar tashrifi, daromad manbai deganidir. Faqat buning uchun kimdir bosh qotirishi, shunga harakat qilishi zarur. Ayni paytda tuman masʼullarini bunday rejalar qiynamayotgani ajablanarli.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер