Gulnara baxshi dutor chertganda...

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Qoraqalpoq elining oʻziga xos baxshichilik yoʻnalishi bor. Azaldan doʻmbira va chanqovuz sadolari yangrab kelgan, folklor boʻyicha boy meros va anʼanalarga ega boʻlgan bu saxovatli diyor bagʻridan yigit baxshilardan tashqari qiz baxshilar ham dostonlar ijro etgan. Ularning xalqona donishmandlik bilan yoʻgʻrilgan baxshiyona ohanglari hozir ham munosib izdoshlar sozi va soʻzida jaranglab turibdi.
Berdaq bobomizning qizi Hurliman baxshi qoraqalpoq qiz baxshichiligi tarixida yoʻl boshlovchi boʻlca, Kanigul qiz baxshi ushbu sanʼatni davom ettirib kelmoqda. U 2010-yili Qoraqalpoq kinofilm tomonidan tasvirga olingan “Qiz baxshi” filmida baxshi qizi rolida, “Umrning uch fasli” filmida Kenigul rollarini ijro etgan.
Gulnara Allambergenova yetuk sozanda. U “Muxalles” dutorchilar ansambli baxshi-sozandasi sifatida milliy merosimizni asrab, kelajak avlodga yetkazishga astoydil bel bogʻlagan. 2011-yil “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq baxshisi” unvoniga sazovor boʻldi. 2021-yil “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
— Qoraqalpoqlarning ogʻzaki anʼanadagi professional musiqasining markaziy qismini doston musiqasi egallaydi. Qoraqalpoq doston ijrochilari 3 turga boʻlinadi: jirovlar, baxshilar va qissaxonlar-u ularning har biri oʻziga xos maʼlum ijtimoiy-siyosiy sharoitda yuzaga kelgan, — deydi Qoraqalpogʻiston xalq baxshisi Gulnara Alambergenova. — Qoraqalpoqlarda dutor chalib qoʻshiqlar ijro qiladigan, barcha turdagi dostonlarni aytadiganlarga “baxsi” yoki “baxshi” deyiladi. Berdaq bobomiz ham oʻzining oʻgitlarini xalq orasida doston shaklida baxshichilik hunaridan foydalangan holda xalqqa yetkazgan.
Baxshilar oʻz davrining “koʻchma kutubxona”laridir. Negaki, baxshilarning dostonlarini tinglagan xalqning maʼnaviyati va bilimi yuksaladi. Necha yuz yillar oldin ham avlodlarini tarbiyalashda, yaxshilikka yoʻnaltirishda baxshilarning oʻrni nihoyatda muhim edi. Shu baxshilardan oʻrganib, keyinchalik XIX asrda qoʻliga dutorni olib, xalqni dardi, orzu-umidlari, fojialari, termalarini kuylaydigan qizbaxshilar paydo boʻlgan. Qiz baxshilar Berdaq va Ajiniyoz bobolarimiz dostonlari va Maxtumquli termalarini xalq orasida ijro etib kelgan. Lekin oʻsha davrlarda qizlarga baxshichilik qilishga ruxsat berilmagan. Qiz baxshichilik tarixiga qarasak, Berdaq bobomizning qizi Hurliman ham baxshichilik qilgani uchun taqiqlarga uchragan.
Keyingi yillarda baxshichilikni rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlarni koʻrib, albatta, shukrona aytamiz. Bir paytlar doston ijro etgani uchun qizlar jazolangan boʻlsa, bugun baxshichilik yoʻnalishida alohida maktablar, sanʼat bilim yurtlari faoliyat koʻrsatmoqda.
Eʼtiborlisi, bugun qiz baxshilarimiz faqat oʻzining mahallasida yoki tuman-shaharlarda emas, balki xalqaro darajadagi tadbirlarda ishtirok etishiga keng yoʻl ochildi. Masalan, 2019-yil ilk bor Prezidentimiz tashabbusi bilan Surxondaryoda Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali oʻtkazildi. Unda qoraqalpoq xalq dostonlarini ijro etganimdan faxrlanmay boʻladimi? Orolboʻyining olis ovullarida tugʻilib oʻsgan mendek oddiy qizning Xalqaro baxshichilik tanlovida nufuzli oʻrinni egallashi, qiz baxshilarga yaratilgan sharoitlar oʻtgan davrlarga nisbatan tom maʼnoda “moʻjiza” boʻlgan.
Baxshichilik yoʻnalishidagi ustozlar Gulnara qiz baxshining ijro etish mahoratida xalq qoʻshiqlarini oʻziga xos ohangi bilan milliylikni saqlagan holda avjiga chiqishlarini alohida ifodalaydi. Jumladan, “Gʻarib Oshiq”, “Sayotxon Xamro”, “Qirq qiz” dostonlaridan va xalq qoʻshiqlari “Muxalles”, “Dam bermas”, “Dutorim”, “Ne boʻlsin”, “Ne tilar”, “Kel Gʻaribim”, “Yetti asirim”, “Yellerim bordi”, “Qoraqalpoqda”, “Nolish”, “Sarvinoz”, “Noz bilan” kabi xalq qoʻshiqlarini respublika miqyosidagi ommaviy tadbirlar va bayramlardagi ijrosi xalqimizga manzur.
U Hindiston, Fransiya, Shveysariya, Gollandiya, Belgiya kabi chet davlatlarida, Qozogʻiston, Turkmaniston va boshqa qoʻshni respublikalarda Turkiy tillar xalqaro festivallarida faol ishtirok etib, xalqimiz madaniyatini dunyoga tanitmoqda. Hozirgi kunda Gulnara Alambergenova Oʻzbekiston davlat madaniyat instituti Nukus filialida xalq ijodiyoti fakulteti, folklor etnografiya baxshichilik, dostonchilik kafedrasida professor oʻqituvchi boʻlib, yosh baxshilarga ustozlik qilib kelmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring