Grippni yengil kasallik desangiz adashasiz

13:25 17 Oktyabr 2023 Jamiyat
404 0

Иллюстратив фото

Kuzning sovuq kunlari boshlangach, bir qator kasalliklar koʻpayadi. Ayniqsa, shu mavsumda aholi oʻrtasida gripp kasalligi bilan ogʻrigan bemorlar safi kengayadi. Ushbu kasallik oʻtkir virusmi? U odamga qanday yoʻllar bilan yuqadi? Bu savollarga Toshkent shahridagi 1-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi vrachi Umida Haydarova quyidagicha javob berdi:

— Shu oʻrinda alohida aytib oʻtish joizki, baʼzi kishilar grippni yengil kasallik deb, shifokorga bormasdan oʻzi davolanishga harakat qiladi. Aslida bunday yoʻl bilan grippni davolab boʻlmaydi. Sogʻaygandek boʻlsada, uning ogʻir asorati odam tanasida saqlanib qoladi. Grippning yengil shakllari bilan ogʻrigan bemorlar, atrofdagi insonlar uchun koʻproq xavf tugʻdiradi. Bunday holatda bemor koʻproq suyuqliklar, jumladan vitaminlarga boy taomlar isteʼmol qilishi lozim.

Ammo bemor grippning qanday kasallik ekanligini tushungan holda profilaktik chora koʻrishi kerak. Grippning oldini olishning eng yaxshi usuli vaksina olishdir. Chunki gripp yuqori nafas yoʻllari bilan kechuvchi oʻtkir yuqumli kasalliklar turkumiga kiradi va uni qoʻzgʻatuvchisi virusdir. Asosan u mavsumga ega kasallik hisoblanadi. Ushbu kasallik kuz va qish kirib kelish oldi va qishdan chiqish, erta bahorda avj oladi.

— Gripp yuqqanda qanday alomatlar paydo boʻladi?

— Gripp havo tomchi orqali yuqadi va uning kasallik manbai bemor odam hisoblanadi. Sogʻlom odam bilan koʻrishib gaplashganda, bitta idishdan foydalanganda, aksirganda, yoʻtalganda, ham yaʼni yaqin “ kontakt ” boʻlganda ushbu kasallikni yuqtirishi mumkin. Kasallikni boshlanishi “inkubatsion” yaʼni (yashirin) davr boʻladi. Ushbu davr 2-3 kun davom etadi. Yashirin davr tugaganidan keyin kasallikni “klinik” davri boshlanadi. Klinik davrida bemorda birdaniga tana harorati koʻtarilishi, holsizlik, tanada ogʻriqlar, ishtaha yoʻqolishi gohida bosh aylanishi mumkin.

— Ushbu kasallikka chalinmaslik uchun uy sharoitida nimalarga ahamiyat qaratish lozim?

— Gripp kasalligiga chalinmaslikning profilaktik yoʻli — asosan bemor odam bilan maʼlum bir vaqt masofa saqlash yoki 6 qavatli dokadan maska taqib gaplashish lozim. Hamda bemor yotgan xonani tez-tez shamollatish, bemorni idish-tovoqlarini, shaxsiy buyumlarini alohida saqlash kerak. Mana shunda bu kasallikni maʼlum miqdorda kamaytirgan boʻlamiz. Tabiiy yoʻllar bilan immunitetni oshirib, sogʻlom turmush tarziga amal qilish muhim hisoblanadi.

— Gripp kasalligiga chalingan bemor vaksina olish mumkinmi?

— Mamlakatimizda bir necha yillardan buyon vaksinatsiya yoʻlida ish olib borilyapti. Shifokorlar gripp mavsumi boshlanmasdan 1 oy oldin harakatga tushishadi. Bemorlar bilan yuqori “kontaktda boʻladigan tibbiyot xodimlarini va fuqarolarni vaksinatsiya qilishga undaymiz. Chunki gripp vaqtida vaksina olish mumkin emas. Vaksina olishdan maqsad grippdan saqlanish. Gripp butunlay davolanmasa asoratlari boʻlishi mumkin. Bular jumlasiga spetsifik va nospetsifik asoratlar va miningit kasalligi kiradi. Shuningdek, eshituv nerviga ham taʼsir qilishi mumkin.

— Gripp allergiyani keltirib chiqaradimi?

— Gripp surunkali allergiyasi bor bemorlarda ushbu kasallikni qoʻzgʻatadi. Agar kimdadir surunkali yoʻtal boʻlsa, bu allergiyani yuzaga keltirish mumkin. Bundan tashqari homilador ayollar doimo shifokor nazoratida boʻlishlari shart. Albatta, bunda terapevt bilan akusher-ginekolog nazoratida boʻlishi zarur. Ammo uy sharoitida yoki yarim chala davolanish homilani rivojlanishiga salbiy taʼsir qiladi. Vrachga uchramasdan dorixonadan dori sotib olib, ichib yurish bu mutlaqo notoʻgʻri. farmatsevt faqat dorilar tarkibini bilishi mumkin, lekin inson organizmida kechayotgan jarayonlarni bilmaydi, yaʼni dorining bemorga qanchalik taʼsir qilish yoki qilmasligi vrach koʻrigida aniqlanadi. Shuning uchun vaqti-vaqti bilan vrach huzurida boʻlib turish turli kasalliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekiston milliy universitetining

Jurnalistika fakulteti 4- bosqich talabasi

Shahrizoda Musayeva suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер