Grippdan koʻra uning asoratlari xavfli

12:36 28 Fevral 2023 Jamiyat
466 0

Gripp xavfli kasallikmi? Bu borada shifokorlarning yakdil xulosasi bor. Ularning taʼkidlashicha, xastalikning oʻzidan koʻra, asoratlari koʻproq xavfli.

Chunki virusli toksinlar qon tomirlari devorlarining kasalliklarga nisbatan himoya qobiliyatini susaytirib yuboradi. Oqibatda infeksiyalar qon oqimi orqali ichki organlarga yetib borib, yalligʻlanish oʻchoqlarini hosil qiladi.

Xoʻsh, qanday simptomlar gripp asoratlaridan dalolat beradi? Mutaxassislar ushbu savolga javoban quyidagi alomatlarni sanab oʻtadi:

Kuchli charchoq va holsizlik. Bu belgilar bemorlar sogʻayganidan bir necha hafta oʻtib, bezovta qiladi. Agar ushbu holat jismoniy faollik chogʻida nafas qisishi bilan birga kechsa, demak, yurak faoliyatida qandaydir buzilishlar kuzatilayotgan boʻlishi mumkin.

Bunday vaziyatda “oʻtib ketar”, “tuzalib qolarman” deya vaqt yoʻqotmasdan, terapevt va kardiolog shifokorga murojaat qilish lozim. Chunki mazkur alomatlar yurak mushagi yalligʻlanishi – miokarditga ham xos. U oʻz vaqtida davolanmasa, yurak yetishmovchiligiga sabab boʻlishi ehtimoli katta.

Kuchli nam yoʻtal va 37,5 darajadan yuqori tana harorati. Odatda oʻpka yalligʻlanishi shu simptomlar bilan namoyon boʻladi. U koʻpincha grippdan tuzalgandan soʻng 7-10 kun ichida rivojlanadi. Qattiq terlash va haddan tashqari zaiflik ham ushbu kasallik boshlanayotgani belgisi boʻlishi mumkin. Bunday holda oilaviy shifokorga zudlik bilan murojaat qilish lozim.

Peshob ajratish chogʻida kesuvchi ogʻriq va beldagi noxushlik. Bunday holatlar viruslar taʼsiridan ikki hafta oʻtib rivojlanadi va grippning buyraklardagi asoratini ifodalaydi. Shu bois terapevtga borib, qon va peshob tahlilini topshirish maqsadga muvofiq.

Eng asosiy tavsiya: grippga chalinganda shifokor tomondan belgilangan muolajalarni oxirigacha olish shart. Tuzalgandan soʻng ham yana ikki hafta davomida jismoniy zoʻriqishdan tiyilib, asta-sekin faol hayotga qaytgan maʼqul.

Koʻproq hordiq chiqarish, issiq kiyinish va aholi gavjum joylardan qochishga harakat qilish tavsiya etiladi. Aks holda, yangi xastaliklar virus tomonidan zaiflashgan immunitet tizimini osongina chetlab oʻtishi mumkin.

Qolaversa, grippdan sogʻaygandan keyin ikki hafta oʻtgach, umumiy qon tahlilini topshirish zarur. Bu tanada yalligʻlanish jarayoni boshlangani yoki yoʻqligini aniqlash imkonini beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?