Goʻzallik va yoshlik kuychisi
Foto: Arxiv surat
25-aprel — Hamid Gʻulom tavallud topgan kun
Shoir dunyoga koʻngil koʻzi bilan qarar ekan, unda faqatgina ezgulikni, yaxshilikni, barkamollikni koʻrishni umid qiladi. Uning bu istagi har bir asariga, satri va soʻziga koʻchib oʻtadi, desak, mubolagʻa emas. «Oh, sening yoshliging menda boʻlsaydi…” Bu misralarni eshitgan va his etgan odamning qalbi beixtiyor yoshlikning masrur tuygʻulari va joʻshqinliklari, bu davrning zavqu shavqi bilan toʻlib toshadi. Taniqli shoir Hamid Gʻulom yoshlikni kuylar ekan, insonni hamisha navqiron boʻlishga, bu navqironlik orqali dunyoni yoritib turishga chorlaydi. Shoirning boshqa bitiklarida ham shunday ezgu tilak ustuvorlik qiladi.
OH, SENING YoSHLIGING MENDA BOʻLSAYDI…
Koʻngil yoshligini har dam qoʻmsaydi,
Oh, sening yoshliging menda boʻlsaydi!
Takror etmas edim bagʻri toshliging,
Oh, menda boʻlsaydi sening yoshliging!
Namuncha yengilsan, namuncha daydi!
Oh, sening yoshliging menda boʻlsaydi!
Boʻlmasdi begʻamlik, bebardoshliging,
Oh, menda boʻlsaydi sening yoshliging!
Tong yulduzi kabi bir on kulsaydi!
Oh, sening yoshliging menda boʻlsaydi,
Oʻtda yondirardim koʻngil gʻashliging,
Oh, menda boʻlsaydi sening yoshliging!
Yurak ilk sevgiga yana toʻlsaydi!
Oh, sening yoshliging menda boʻlsaydi,
Shodlik, koʻklamliging, serquyoshliging
Jahon yoritardi xuddi Yoshliging!
KOʻKLAMLARING
Oʻn sakkiz yosh — oʻn sakkiz koʻklamlaring,
Gul hayotingda gʻanimat damlaring.
Oʻn sakkiz yil — oʻn sakkiz chaqmoq misol,
Doʻstlaring, sirdoshlaring, hamdamlaring.
Ilk muhabbat nozli mehmoning boʻlur,
Mahv etur ishqing gumonu gʻamlaring.
Kunduzi oftob yoʻlingda mashʼaling,
Koʻqda yulduzlar tuningda shamlaring.
Bir nafas tark etmagay tun-kechalar
Tushlaring, orzularing — oʻktamlaring.
Dushmaning hijron boʻlib qolgay mudom,
Doʻstlaring vasl — dardingga malhamlaring.
Sevgi ummoniga yuksakdan otil!
Ishq — hayotingda gʻanimat damlaring.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring