Goʻsht narxi oshishiga yagona sabab bormi?

13:35 05 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
1571 0

Mavzu kundan kunga siyqasi chiqib, har bir davraning muhokama markazidan oʻrin olib ulgurgan va har kim oʻz bilganicha fikr qilgan bir paytda yana shu mavzu boʻyicha mulohaza yuritishga zaruriyat tugʻildi. Bunga esa, goʻsht narxining nega oshayotganligini tushuntirishni talab etib, asosli javoblar olingandan keyin shu javobni yana muhokama va ayrim hollarda, oʻylab ham koʻrmasdan “masxara” qilishlari sabab boʻldi.

 Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan goʻsht narxining oshishi xususida soʻz yuritilib, oʻtgan yilga nisbatan oshishiga uchta sabab keltirilgan. Birinchisi, qoʻshni Qozogʻistondan chorva mollarining olib kelinishi (importi) oʻtgan yilning yanvar-avgust oylariga nisbatan keskin kamayib ketganligi, yaʼni, 2020-yilning oʻtgan sakkiz oyida jami 37,5 ming bosh katta-kichik chorva mollari xarid qilingan boʻlsa, 2019-yilning yanvar-avgust oylarida 404 ming bosh chorva mollari xarid qilingan. Vazirlik tomonidan, aynan mana shu raqamlar ham oʻtgan yilga nisbatan goʻsht narxining oshishiga maʼlum bir miqdorda sabab boʻluvchi omil sifatida qaralgan. Darhaqiqat, bir mamlakatdan chorva mollari xaridining 1-2 emas 10 barobardan koʻproq qisqarishi goʻsht narxining oshishiga taʼsiri borligi tabiiy hol.

Vazirlik tomonidan goʻsht narxining oshishiga yana bir omil sifatida mavsum bilan bogʻliq yem-xashak narxining oshishi keltirilgan. Albatta bu ham goʻsht narxining oshishiga omil boʻlishini tushunish qiyin emas. Ammo, bu sabab ham muhokama markazidan joy olgan. Uchinchi omil esa, pandemiya davrida goʻsht mahsulotlariga boʻlgan talabning ortishi bilan bogʻliqligi bilan izohlangan .   

Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarda oldingi yillarda goʻsht narxi tushirilishi vaʼda qilinganligini ham eʼtirof etib oʻtishgan. Biroq, yana bir bor bozor qonuniyatlariga nazar soladigan boʻlsak, davlat bosh islohotchi sifatida narx-navoning barqaror boʻlishiga oʻz munosabatini bildirishi kerakdir, lekin bu kabi masalalarni maʼmuriy yoʻllar bilan yechib boʻlmaydi. Turli maʼmuriy yoʻllarni qoʻllash oqibatida bozorda teskari taʼsir paydo boʻlishi mumkin.

Mazkur masala yuzasidan ham ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda bir qancha asosli fikrlar aytildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi aynan, narxning maʼmuriy yoʻllar bilan tushirilishi xato ekanligini alohida taʼkidlab oʻtdi [2]. Bunday yoʻllar bilan goʻsht narxining tushirilishi qisqa muddat narxda pasayish kuzatilishi bilan keyin keskin oʻsishiga olib kelishini taʼkidladi. 

kun.uz saytida ham goʻsht narxining sunʼiy yoʻllar bilan tushirishning salbiy oqibatlari xususida asosli fikrlar keltirib oʻtildi. Yaʼni, hukumat tomonidan goʻsht narxining belgilab berilishi vaqtinchalik sotib oluvchilarni quvontirsa-da, uzoqqa bormasdan sifat tushishi, suyakli goʻshtlar paydo boʻlishi, goʻsht sotuvchilarning kamayishi va boshqa salbiy oqibatlarga olib kelishi koʻp bora isbotlangani keltirilgan.

Bugungi kunda narxning oshishini muhokama qilish, unga aybdorni topish osonga oʻxshab koʻrinadi, ammo, toʻliq tahlil qilib masalaning yechimiga qaratilgan asosli takliflar berish ancha mushkul masala. Misol uchun bozordagi goʻsht sotuvchidan goʻsht nega qimmat deb soʻrasangiz, qassoblarni koʻrsatadi, qassobdan soʻrasangiz mol sotuvchini, mol sotuvchidan soʻrasangiz esa, yem-xashak yetishtiruvchini, yem-xashak yetishtiruvchi uni yetishtirish bilan bogʻliq jarayonning uzoqligi va yetishtirish xarajatlarining kattaligi (yer ijarasi, urugʻlik, yerni ishlash, ekish, yetishtirish, yigʻib olish...) kabi asoslarni keltiradiki, beixtiyor narxning tabiiy shakllanayotganligiga ishonishga majbur boʻlasiz. 

Respublikamizda goʻsht mahsulotlarini yetishtirish va sotish jarayoni ham bozor qonuniyatlari asosida shakllanishini hisobga olsak, ijtimoiy tarmoqlarda keltirib oʻtilgani singari, goʻsht narxini sunʼiy oshirishga imkon yoʻqligini tushunib yetish mumkin. Chunki bozorlardagi goʻsht mahsulotlari asosan, aholi tomonidan yetishtiriladi. Bu esa, ularni yagona monopol tomonidan boshqarilishi imkonsiz ekanligini koʻrsatadi.

Bundan tashqari goʻsht narxining oshishiga sabablardan biri import jarayonida unga qoʻyilgan yuqori soliqlar ekanligini keltirib oʻtishmoqda, ammo, oʻtgan yili va joriy yilni taqqoslaganda, masala soliqda emas, import qilingan chorva mollari soni bilan bogʻliq ekanligi ayon.

Yoshligimizda mahallada sigirsiz xonadon kamdan kam boʻlar, koʻchamizdagi deyarli har bir xonadonda chorva mollari boqilardi. Bugun esa, mana shu manzara bir oz oʻzgargan. Sigirli xonadonlar anchagina kamaygan. Sababini soʻrasangiz, sigir boqish qimmatga tushishini, xarajatni qoplamasligini aytishadi.

Xullas, xorijdan olib kelinayotgan chorva mollarining kamayganligi, yem-xashak narxining oshganligi, har yili chet elga turli sabablarga koʻra chiqayotgan aholimiz pandemiya tufayli chetga chiqish imkoniyati yoʻqligi tufayli oldingi yillarga nisbatan joriy isteʼmolning oshganligi, aholi tomonidan chorva mollarini boqish foyda keltirmasligi vajida ularni boqmasligi, pandemiya davrida goʻsht isteʼmoliga boʻlgan talabning oshganligi va boshqa shunga oʻxshash sabablar goʻsht qimmatlashishiga sabab boʻlmasa, unda qani oʻsha goʻsht narxining oshiga yagona sabab....

 Fikrimizcha, biz yuqorida keltirib oʻtgan va bugungi kunda mutaxassislar tomonidan keltirilayotgan boshqa bir qancha omillarning goʻsht narxining oshishiga qisman taʼsiri mavjud. Yagona sababni topish imkonsiz. Shu bois, har bir sababni oʻz bilganimizcha notoʻgʻriga chiqarishimiz toʻgʻri emas.

Komil Hotamov,
iqtisod fanlari doktori, professor

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер