Gʻijduvonda qachon kutubxona quriladi?

16:30 22 Avgust 2024 Jamiyat
258 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Gʻijduvon tumanidagi “Dilkusho” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Shuhrat Husenov bir yumush yuzasidan yoʻlning narigi betida joylashgan axborot kutubxona markaziga kirdi-yu nafasi qaytib qoldi. Tashqariga chiqishga shoshildi. Negaki moslashtirilgan binoda faoliyat koʻrsatayotgan ziyo maskani juda dim edi. Toza havo yoʻqligidan bu yerda yurak oʻynogʻi boʻlib qolish hech gapmas.

Mahalla raisi-ku tuman axborot kutubxona markaziga bir zumlik ish yuzasidan kirgandi. Bu yerda ishlayotgan oʻndan ziyod xodimning, kitob oʻqigani kelgan foydalanuvchilarning sabr-u toqatlariga balli. Bularni ham qoʻyib turaylik, kitoblarning ahvolini aytmaysizmi? Axir, kutubxonachilar avariya holatida deb hisoblashadigan va yurak hovuchlab chiqib tushadigan ikkinchi qavatda oz emas, koʻp emas, 40 mingta kitob saqlanmoqda.

Mabodo, jahon va oʻzbek adabiyotining ajoyib namunalari jamlangan bu kitoblarga zabon bitganida ular oʻz boshlaridan kechayotgan achchiq va hasratli kechmish haqida soʻzlab berishar va bu dunyoning eng mahzun hikoyalaridan biriga aylanardi.

Bu haqda alohida toʻxtalishimiz bejiz emas. Kitoblarni saqlash, asrash, ulardan nafaqat bugungi, balki kelajak avlodni ham bahramand etishning oʻz tartibi, meʼyorlari bor. Deylik, ular risoladagidek yorugʻ xonalarda saqlanishi kerak. Xona harorati 18–20 daraja iliq, namlik 55 foizni tashkil etishi maqsadga muvofiq. Bunda havodagi namlik va boshqa gazlar miqdorini oʻlchovchi gigrometrga tayaniladi. Aks holda dimiqqan, qorongʻi va zax xonada kitoblar mogʻorlaydi. Afsuski, markazda gigrometr uskunasini kunduzi chiroq yoqib ham topolmaysiz. Aytmoqchi, uning hojati ham yoʻq. Naridan beri moslashtirilgan binoda, chirogʻi yonmaydigan xonalarda, necha oʻn yildirki, sargʻayib adoyi tamom boʻlgan javonlarda turgan kitoblarning ahvoli usiz ham besh barmoqdek ayon.

— Sirasini aytganda, bir paytlar kutubxona tuppa-tuzuk binoga, moʻjazgina gulzor-u ekin maydoniga ega edi, — deya eslaydi mehnat faxriysi Rajab Avezov. — Ammo tumanning oʻsha paytdagi rahbari allanimalarni bahona qilib, kutubxonani koʻchirtirdi. Vaholanki, eskirgan deb hisoblansa, oʻsha joydagi bino oʻrnida kutubxona uchun zamonaviy, koʻrsa havas qilsa arzigulik inshoot qurish mumkin edi.

Aytmoqchi, maʼrifatparvar bu inson shu masalada tuman rahbarlariga bir necha bor uchrashgan va hatto viloyat televideniyesida tashkil etilgan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotda tumanning oʻsha paytdagi hokimiga murojaat qilgan edi. Oʻshanda hokim “Bu masalaga yoʻq, deya javob berishning iloji yoʻq. Biz hozir bu masala ustida ishlayapmiz. Shahar markazida kutubxona qurishni rejalashtirayapmiz. Nasib qilsa bu boʻladi”, deya nafaqat Rajab akaning, balki gʻijduvonlik minglab kitobsevarlarning koʻngliga umid uchqunini yoqqandi. Ammo vaqt koʻrsatdiki, bu aravani quruq olib qochishdan boʻlak narsa emas ekan.

Darvoqe, oʻsha koʻrsatuvda Bobur mahallasida istiqomat qiluvchi Rajab akaning Gʻijduvonda madaniyat markazlari anqoning urugʻi boʻlib ketganiga oid savoliga ham hokim janoblari “Aldagani bola yaxshi” qabilida javob qaytargandi.

Xullas, oʻshanda kutubxonani “Dilkusho” mahalla fuqarolar yigʻini uchun boshpana va shu hududdagi keksalar uchun choyxona vazifasini oʻtab turgan, hashar yoʻli bilan qurilgan binoga koʻchirishdi. Oqibatda qariyalar choyxonadan, mahalla esa boshpanadan ajralib qoldi. Darvoqe, mahalla fuqarolar yigʻini ayni paytda hududdagi 60-ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktabi binosida ijarada turibdi.

Tabiiyki, ancha-muncha mablagʻ sarflab sobiq choyxonani kutubxonaga aylantirishdi. Ammo bu bilan u chin maʼnodagi kutubxona binosiga aylanib qolmadi. Axir, ham xodimlar oʻtiradigan, ham kitoblar saqlanayotgan, ham oʻquv zali vazifasini oʻtayotgan, sovitkichi yoʻq, stol-stullari “yoshi”ni oʻtab boʻlgan xonani qanday qilib axborot kutubxona markazi deyish mumkin? 22 ming nafar foydalanuvchisi boʻlgan, 200 mingta fondga ega maskan shunday boʻlishi kerakmi?!

Kutubxona rahbari Dildora Muhammedova, markaz xodimlari Dilnoz Sattorova va Soliha Qodirova bilan suhbatlashganimizda ular tumanning hozirgi rahbari ziyo maskaniga oʻtgan yili mahalliy byudjet hisobidan 55 million soʻmga adabiyotlar olib bergani, imkon qadar qoʻllab-quvvatlayotganini aytishdi. Bu ehtimol, tahsinga loyiq. Lekin kattagina pul evaziga xarid qilingan kitoblarni saqlash, asrash uchun kutubxonada oddiy bir sharoit ham boʻlmasa, bu tarzdagi koʻmakdan nima naf?!

Gʻijduvon – tadbirkorlik azal-azaldan rivojlangan maskan. Bunga ishonch hosil qilish uchun uning toʻkin bozorlarini koʻzdan kechirish, kifoya. Shu bilan birga bu goʻshaning yoshlari ilmga, oʻqib-oʻrganishga, sanʼatga tashna. Ularning tashnaligini shinam kutubxona-yu , koʻrkam madaniyat maskanlari bilan qondirish mavridi allaqachon keldi.

Toki, ortimizdan taʼna-yu malomat toshi emas, rahmat nuri yogʻilib tursin!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер