Gʻijduvon tumani hududiga tarixda ilk bor poyezd kirib keldi
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Tadbirkor-u hunarmandlari, mirishkor dehqonlari bilan tanilgan Gʻijduvon tumani hududida ilk bor poyezd harakati yoʻlga qoʻyildi. Buning uchun qoʻshni Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidan “Baraka” massiviga qadar 32 kilometr masofada temir yoʻl tarmogʻi tortildi.
— Davlatimiz rahbarining 2024-yilning 31-may – 1-iyun kunlari Buxoro viloyatiga qilgan tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlar asosida bunyod etilgan mazkur temir yoʻl tarmogʻi tumanimiz uchun tarixiy ahamiyatga ega, — deydi mehnat faxriysi Samad Daminov. — U tuman iqtisodiyotini mustahkamlab, aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Negaki, “Gʻijduvon” erkin iqtisodiy zonasiga temir yoʻl vositasida toʻgʻridan-toʻgʻri kirib borish imkoniyati yuzaga keldi. Bu tumanimiz aholisining koʻp yillik orzusi edi.
Mutaxassislarning taʼkidlashlaricha, ushbu temir yoʻl tarmogʻi orqali oyiga yuzdan ziyod vagonda yuk tashish imkoniyati mavjud. Ishonchli va xavfsiz logistika tizimining vujudga kelishi tadbirkorlarning yuk tashishga sarflaydigan xarajatlarini 25-30 foizgacha kamaytiradi.
Masalaning iqtisodiy jihatiga alohida urgʻu berishimiz bejiz emas. Shu paytga qadar deylik, qurilish materiali sanalgan sement Qiziltepa temir yoʻl stansiyasidan 25 kilometr masofa yoʻl bosilib, yuk mashinalari vositasida tashib keltirilmoqda. Ikki vagon atrofidagi shunday yukni manzilga yetkazib berishga chamasi 15-20 million soʻm miqdorida pul sarflanyapti. Endilikda esa xarajat miqdori taxminan 4 million soʻmni tashkil etadi. Gʻijduvonda Buxoro viloyatining boshqa hududlaridagiga qaraganda tadbirkorlik subyektlari koʻp ekanligi inobatga olinsa iqtisodiy samara miqdori salmoqli boʻlishi yanada oydinlashadi. Birgina yuk tashish xarajatlarining oʻzidan yiliga 50-60 milliard soʻm iqtisodiy samara koʻriladi. Qolaversa, temir yoʻl tarmogʻi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning jalb etilishiga, ish oʻrinlarining yaratilishiga, eksportbop mahsulotlar tayyorlash hajmini oshirishga olib keladi. Qurilish materiallari narxi nisbatan arzonlashadi. Uning davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivi yaqinida qurilgani ham “Inson qadri uchun” tamoyilining hayotdagi yaqqol ifodasi boʻldi.
Temir yoʻl tarmogʻining ishga tushirilishi munosabati bilan oʻtkazilgan marosimda soʻz olganlar ana shular haqida toʻxtalib, Gʻijduvon uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilganini taʼkidladilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring