Gipertonus: Homila tushish xavfi qanday omillar sababli yuzaga keladi?

16:35 07 Avgust 2023 Jamiyat
690 0

Homiladorlik – boʻlgʻusi ona hayotidagi eng qiyin davrlardan biri. Sababi bu paytda ayol organizmida fiziologik oʻzgarishlar bilan birga, goʻdakning sogʻlom tugʻilishiga toʻsqinlik qiluvchi turli omillar yuzaga keladi.

Xususan, bachadon baland tonusi oqibatida homilaning tushish xavfi kuzatilishi mumkin.

— Bachadon – silliq mushakli aʼzo boʻlib, uning tolalari tez-tez qisqarib turadi, — deydi Respublika perinatal markazi direktori Nilufar Oʻrinboyeva. — Biroq homiladorlik davrida ular qisqarmasligi, aksincha boʻshashgan holda boʻlishi lozim. Agar bunday holat kuzatilmasa, bachadon boʻshligʻida bosim hosil boʻlib, gipertonus yuzaga keladi.

Yuqori tonus oqibatida homilaning tushish xavfi kuzatilishi yoki tugʻruq muddatidan oldin boshlanishi mumkin. Shu bilan birga, uzoq muddatli gipertonus ogʻir asoratlarni keltirib chiqaradi.

Xususan, bachadon qon tomirlarining torayishi tufayli yoʻldoshda qon aylanishi buzilib, homilada gipoksiya (kislorod yetishmovchiligi) yoki gipotrofiya (oʻsishdan ortda qolish) holatlari kelib chiqadi.

Bachadon gipertonusi roʻy berganda qorinning pastki qismida hamda bel sohasida tortiluvchi ogʻriqlar paydo boʻlishi, qov sohasida ogʻirlik sezilishi, qorin sohasiga qoʻl bilan tegilganda qattiqlashib, xuddi “tosh qotgan”dek hissiyot paydo boʻlishi mumkin.

Ushbu holat asosan quyidagi sabablarga koʻra yuzaga keladi:

— endokrin buzilishlar;

— homila toʻqimasidagi genetik oʻzgarishlar;

— oʻtkir shaklda kechadigan virusli infeksiyalar (qizilcha, qizamiq, gripp);

— turli somatik kasalliklar (piyelonefrit, sistit, oshqozon-ichak xastaliklari);

— immun tizimi faoliyatidagi buzilishlar;

— stress va qattiq asabiylashish;

— chanoq boʻshligʻi aʼzolaridagi yalligʻlanishlar va jinsiy yoʻl orqali yuqadigan xastaliklar;

— kuchli jismoniy zoʻriqishlar;

— homila hajmi yirikligi, qogʻonoq suvi koʻpligi, toksikoz va boshqalar.

Bachadon gipertonusining oʻtkir shakli kuzatilganda darhol shifokorga murojaat qilish lozim. Sababi bunday bemorlar shifoxonada mutaxassis nazorati ostida davolanishlari kerak.

Homiladorlik davrida toza havoda sayr qilish, xush kayfiyatda yurish, oʻz vaqtida toʻlaqonlik dam olish, ogʻir jismoniy mehnatlardan tiyilish, vitamin va minerallarga boy boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini tanovul qilish bachadon tonus oshishining oldini olishga katta yordam beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?