Gidroenergetikada yangi loyihalar yangi imkoniyatlar demakdir  

12:09 22 Noyabr 2021 Jamiyat
894 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Surxondaryo viloyatida gidroenergetika sohasini rivojlantirish, pirovardida yangi GESlar qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish ishlari yana-da jadal surʼat kasb etmoqda. Chunonchi o‘tgan yili murakkab pandemiya sharoitiga qaramay, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan vohada 6 ta yangi qurilish va modernizatsiya loyihasi ishga tushirildi. Mazkur loyihalarning umumiy quvvati 118,3 MVtni tashkil etib, bu esa qo‘shimcha 543 mln. kVt.soat elektr energiyasini ishlab chiqarish imkonini yaratdi. Jumladan, Sariosiyo tumanida yangidan barpo etilgan “Zarchob-1” kichik GESi o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, hech bir fursat o‘tmay, “Zarchob-2” loyihasi ham muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarildi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 2 maydagi “2017-2021 yillarda gidroenergetikani yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Gidroproyekt” AJ tomonidan loyihalashtirilgan ushbu kichik GES uchun zaruriy texnologik qurilmalar Xitoyning yetakchi kompaniyasi tomonidan yetkazib berildi. Qurilish-montaj ishlari yakunlangach, sozlash va sinovdan o‘tkazish hamda avtomatik tizim boshqaruvini markazlashgan tarzda muvofiqlashtirish ishlari olib borildi. Yirik suv manbai - “To‘palang” suv omboridan tunnel va kanal orqali ushbu kichik GESga suv yetkazib berildi. Bosimli hovuzdagi suv ko‘tarish inshootlari shay holatiga keltirilgach, belgilangan tartibda sinovdan o‘tkazildi. Va nihoyat, sinov jarayoni yakunlanib, “Zarchob-2” kichik GESi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan taqdimot marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, GES qurilish-montaj ishlarida ishtirok etgan korxonalar, jumladan, xitoylik hamkorlar ishtirok etdi. Inshoot rasmiy ochilishining muhim pallasi - ramziy tugma bosilib, eng ilg‘or texnologik uskunalar yordamida dastlabki kilovattlar ishlab chiqarila boshlandi.

- Ushbu inshootlarda 2019 yildan buyon "To‘palang Xolding" kompaniyasi tomonidan qurilish-montaj olib borildi, - deydi “To‘palang” GES rahbari Asror Ulug‘ov. - Bu yerda kelgusida yana 2 ta agregat quriladi. Har birining quvvati 72.5 MV bo‘lgan jami 150 MV elektr energiya ishlab chiqarish liniyasi bunyod etish bo‘yicha amaliy harakat boshlangan.

Ahamiyatli jihati shundaki, tabiiy va qayta tiklanuvchi resurs evaziga “Zarchob-1”,“Zarchob-2” GESlar tomonidan ekologik toza va barqaror elektr energiyasi ishlab chiqarilib, viloyat ijtimoiy va iqtisodiy tarmoqlari hamda mahalliy aholiga yetkazib beriladi.

Taʼkidlash joizki, Surxondaryoda foydalaniladigan suv resurslarining umumiy hajmi yiliga 4 ming 270 mlrd. metr kubni tashkil qiladigan bo‘lsa, bunda asosiy ko‘rsatkichlar Amudaryo, Surxondaryo daryolari hamda “To‘palang” suv ombori hissasiga to‘g‘ri keladi. Mazkur suv ombori 500 mln. m3 sig‘imdagi suvni to‘plash imkoniyatiga ega bo‘lib, u orqali  Surxondaryo viloyatining 103 ming gektardan oshiq yer maydoni sug‘oriladi.

 Yana bir yirik loyiha - “To‘palang” GESida olib borilayotgan modernizatsiya ishlari rossiyalik hamkorlar bilan amalga oshirilmoqda. Ayni jarayonga xitoylik mutaxassislar ham jalb etilgan. Xususan, mazkur inshoot uchun zamonaviy asbob-uskunalar va gidroagregatlar Xitoyning yetakchi kompaniyasi - “Dongfang Electric International Corporation” tomonidan yetkazib berildi va montaj ishlari mahalliy korxonalar bilan birgalikda bajarildi.

- Biz ko‘p yillik tajribamiz asosida O‘zbekistonda gidroelektr stansiyasi qurilishida qatnashayotganimizdan mamnunmiz,  - deydi mazkur loyiha bo‘yicha xitoylik menejer Sun Jianfeng. -  "Zarchob-1" va “Zarchob2”  kichik GES larida mahalliy korxonalar bilan birga muhim loyihani bajardik. Bugun har ikkala agregatlar to‘liq quvvat bilan ishlayotir. Kelgusida ham bu boradagi hamkorligimiz davom etadi.

Shu bilan birga hozirda "To‘palang" suv manbaidan viloyat aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashga doir megaloyiha qizg‘in  olib borilmoqda. Loyiha doirasida 361 km masofaga suv quvurlari tortilyapti. Bu tarmoq ishga tushirilgach, Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot va Termiz tumanlari hamda viloyat markazidagi qariyb 2 millionga yaqin aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlanadi.

Shu o‘rinda yana bir maʼlumot. Keyingi yillarda Surxondaryo viloyatida ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari, aholi xonadonlari uchun past kuchlanishli elektr tarmoqlar hamda transformator punktlarini rekonstruksiya qilish va yangidan qurish ishlariga ham jiddiy yondashilmoqda. Agar 1991-2016 yillar mobaynida bor-yo‘g‘i 490 km elektr tarmoqlari va 316 dona transformator punktida qurilish-montaj ishlari qilingan bo‘lsa, birgina 2020 yilning o‘zida 286 km elektr tarmog‘i va 132 dona transformator rekonstruksiyadan chiqarildi. Joriy yilda ham 1 ming 67 km yoki o‘tgan yilga nisbatan 4 barobar ko‘p elektr tarmoqlari, shuningdek, 284 ta transformator punktida qurilish-montaj ishlarini olib borish belgilangan.

2016 yilda vohada isteʼmolchilarga 2 mlrd. 150 mln. kVt soat elektr energiya yetkazib berilgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich 30 foizdan oshib, 3 mlrd kVt.soatga yetkazildi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, “Zarchob-2” kichik GESining ishga tushirilishi samarasida ayni raqam yana 38 ming 200 kVt soatga ortadi. Demak, bir sutkada o‘rtacha 750 ming kVtdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarilib, qariyb 300 mingga yaqin xonadonning chirog‘i aslo o‘chmaydi.

 

Ilhom RAHMATOV, "Xalq so‘zi" muxbiri.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?