Germaniyaning yangi kansleri Yevropa kelajagini hal qiluvchi masalada London va Parij bilan gaplashmoqchi

11:28 08 May 2025 Dunyo
145 0

Germaniyaning yangi kansleri Fridrix Merts 7-may kuni Parijda boʻlib oʻtgan uchrashuvda yadro xavfsizligi boʻyicha Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron bilan muzokaralar olib bordi. U yadro tiyib turish masalasida Fransiya va Buyuk Britaniya bilan alohida muloqot oʻtkazish zarurligini taʼkidladi.

Gap shundaki, Merts bu tashabbusni “fundamental ehtiyoj” deb atab, yadro xavfsizligi Yevropa kelajagida hal qiluvchi rol oʻynashini qayd etdi.

Kanslerning soʻzlariga koʻra, Fransiyaning yadro “soyaboni” AQSHning mavjud yadro kafolatlariga muqobil emas, balki uni toʻldiruvchi vosita sifatida koʻriladi. Shuningdek, Merts oʻzining xorijdagi ilk tashrifi chogʻida Fransiya bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga bel bogʻlaganini bildirdi.

Yangi kansler ikki mamlakat oʻrtasida “uch plyus uch” shaklidagi uchrashuvlar formati joriy etilishini maʼlum qildi. Ushbu formatga koʻra, Germaniya kansleri va Fransiya prezidenti, shuningdek, har ikki mamlakat tashqi ishlar va mudofaa vazirlari qatnashishi rejalashtirilgan.

Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron ham Germaniya bilan strategik sheriklikni chuqurlashtirish niyatida ekanini taʼkidlab oʻtdi. U oʻzining avvalgi chiqishlarida Rossiyani Yevropaga jiddiy tahdid deb atagan va Ukraina urushini “global mojaro” deb baholagan edi. Shu munosabat bilan Makron mart oyida Fransiya yadro qurolini Yevropa ittifoqdoshlarini himoya qilishda qoʻllash ehtimolini ham rad etmagan.

Maʼlumot uchun, Yevropa hududida faqat Fransiya va Buyuk Britaniya yadro quroliga ega davlatlar hisoblanadi. Germaniya esa AQSHning yadro himoyasi doirasidagi ittifoqchisidir. Mertsning taklifi yadro xavfsizligida Yevropaning oʻz mustaqil strategiyasini shakllantirish yoʻlidagi muhim bosqich sifatida koʻrilyapti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?