“Gazning tagi boʻlsa qani, tagi yoʻqda shuning”. Qumqoʻrgʻon tumani hokimi qish uchun tezak gʻamlashga chaqirdi

17:56 16 Oktyabr 2025 Jamiyat
301 0

Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumani hokimi Anvar Normamatov bu yil qish sovuq kelishini aytib, aholini tappi-tezak gʻamlashga chaqirdi. Bu haqda u xalq deputatlari Qumqoʻrgʻon tumani kengashining 2025-yil 12-sentyabr kuni oʻtkazilgan navbatdagi X sessiyasida gapirgan.

Maʼlum boʻlishicha, sessiyada Prezident qarorlari ijrosi, elektr taʼminoti va jarimalar, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik kabi masalalar muhokama qilingan. Unga rahbarlik qilayotgan Anvar Normamatov tumanda “gazning masalasi yechilgani”, suyultirilgan gaz yetkazib berib turilsa, muammo boʻlmasligini aytgan. Uning taʼkidlashicha, hududdagi asosiy muammo elektr energiyasi bilan bogʻliq.

“Mutaxassislar tomonidan bu yil qish sovuq keladi degan prognoz qilinyapti. Biz ham shunga yarasha tayyorgarlik koʻrishimiz zarur. Qor, yomgʻir yogʻgan kunlari xalq qiynalmasligi kerak...

Mana, oddiy bir tezak, hozir hech kim tezak qilmaydi. Uylarga tezak, chalmalarni yigʻib, bosib, qishda qor yogʻdimi, ikkita tashlab qoʻysa boʻladiku. Nimaga endi biz gaz-gaz deb qoldik? Tushungan boʻlganlaring uchun aytyapman, gazning tagi boʻlsa qani, tagi yoʻqda shuning”, degan tuman hokimi.

Normamatov, bundan tashqari, aholi paxta terimi mavsumida turmush sharoitini yaxshilab olishi mumkinligi haqida ham gapirgan.

“Qarang, hozirgi zamonni, bugun 100 kilo paxta tersa, uning puli 100 ming, 200 ming soʻm boʻladi. Bir kunda bir xalta un. Bir kishi oʻn kun tersa, agar oilasi bilan tersa, bir kunda besh-olti xalta unni ishlaydi”, degan hokim.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер