Gazlangan suv ichib, semizlikdan qutilish mumkinmi?

11:46 22 Yanvar 2025 Ilm-fan
537 0

Gazlangan suvning vazn boshqaruviga taʼsiri haqida qiziqarli xulosalar olingan yangi tadqiqotda bu ichimlik organizmda glyukozani qayta ishlash jarayoniga ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligi isbotladi. Shunga qaramasdan, barcha ishingizni qoʻyib, gazli suv bilan ozish fikriga kelgan boʻlsangiz, “igna bilan quduq kovlash”day murakkab jarayonga qoʻl urgan boʻlasiz. Bu haqda “Nutrition Prevention & Health” ilmiy jurnalida maxsus maqola chop etildi.

Aytish kerakki, tadqiqotchilar gazli suvning taʼsir juda oz miqdorda ekanini va bu vazn tashlashda asosiy omil boʻlishi mumkin emasligini bildirishgan. Mutaxassislar gazlangan suvning foydasini oshirib koʻrsatmaslikni, muvaffaqiyatli vazn boshqaruvi uchun jismoniy faollik va muvozanatli ovqatlanish zarurligini alohida qayd etishmoqda.

Gap shundaki, gazlangan suvning vazn tashlashga taʼsir qilishi haqidagi fikrlarning asosi toʻqlik hissini oshirish, ishtahani pasaytirishiga, shuningdek, glyukoza miqdorini kamaytirishiga bogʻliq. Bu ichimlikni isteʼmol qilish hazm jarayonini biroz tezlashtirishi va qisqa muddatda kamroq ovqat isteʼmol qilishga yordam berishi mumkin. Gazlangan suv tarkibidagi karbonat angidrid (CO2) qonga soʻrilib, glyukozani qayta ishlash uchun masʼul boʻlgan fermentlarni faollashtirishi aniqlangan.

Shuningdek, gazlangan suvning qisman gemodializ jarayoniga (organizmni ortiqcha suyuqlik va zararli moddalardan sunʼiy tozalash usuli) oʻxshash taʼsir koʻrsatishi kuzatilgan. Gemodializ qondagi glyukozani kamaytirish uchun tibbiy usul boʻlib, bu jarayonda karbonat angidrid ishlab chiqariladi. Shunga qaramasdan, tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, gemodializning qonda glyukoza kamaytirish taʼsiri ancha yuqori boʻlsa, gazlangan suvning bu taʼsiri minimal darajada.

Tadqiqotchilar gazlangan suvning moddalar almashinuvi jarayonidagi rolini aniqlash uchun laboratoriya sharoitida turli sinovlarni oʻtkazgan. Ularning xulosasiga koʻra, gazlangan suv organizmda glyukozani qayta ishlash tezligini oshirishi mumkin, ammo bu taʼsir juda kam seziladi. Misol uchun, gemodializ jarayonida qonda oʻrtacha 9,5 gramm glyukoza ishlatiladi, gazlangan suvning taʼsiri esa bundan ancha kam. Shuning uchun bu ichimlikni asosiy vazn tashlash vositasi sifatida koʻrib boʻlmaydi.

Gazlangan suvni haddan tashqari koʻp ichish oshqozon va ichaklar uchun noqulaylik tugʻdirishi mumkin. Ayrim odamlarda bu ichimlik gaz yigʻilishi, shishish yoki qorin ogʻrigʻini keltirib chiqarishi ehtimoldan holi emas. Ayniqsa, hazm tizimi sezgir yoki surunkali ichak kasalliklariga ega boʻlgan odamlar gazlangan suv isteʼmol qilishni meʼyorida saqlashlari kerak.

Mutaxassislar gazlangan suvning kichik foydalarini tan olsalar-da, bu ichimlikni vazn boshqaruvi uchun asosiy vosita sifatida tavsiya etmaydilar. Ularning fikriga koʻra, gazlangan suvni isteʼmol qilishda meʼyorni saqlash muhim va vazn tashlash uchun jismoniy faollik hamda muvozanatli ovqatlanishdan samaraliroq usul yoʻq.

Gazlangan suvning vazn tashlashga taʼsiri haqidagi tadqiqotlar qiziqarli boʻlsa-da, bu ichimlikni asosiy yechim sifatida koʻrish xato boʻladi. U hazm jarayonini biroz tezlashtirishi va qisqa muddatda toʻqlik hissini oshirishi mumkin, ammo uzoq muddatli va barqaror vazn boshqaruvi uchun bu yetarli emas. Sogʻlom ovqatlanish, muntazam jismoniy faollik va meʼyorida ichimlik isteʼmoli muvaffaqiyatning asosiy omillaridir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?