Yangi yil arafasida Namangan viloyat televideniyesining “Diyor” yangiliklar dasturida ketgan bir lavha jamoatchilik eʼtiborini tortdi. Telemuxbirning taʼkidlashicha, viloyat teleradiokompaniyasi tahririyatiga Pop shahrining Ipak yoʻli koʻchasida yashovchi Solijon Oripov degan fuqarodan murojaat kelib tushgan. Bu murojaat aholi xonadonlariga yangi elektr hisoblagichlar oʻrnatish bilan bogʻliq boʻlib, garchi hisoblagich ham, uni oʻrnatish ham bepul tarzda amalga oshirilishi lozim boʻlgani holda hisoblagich oʻrnatayotgan xodimlar har bir xonadon egasidan xizmat haqi sifatida pul talab qilib olayotgani aytilgan edi. Murojaatchini uyiga izlab borib uchratolmagan telemuxbir bu yerga tuman elektr taʼminoti korxonasi rahbarini taklif qilib, u kishiga birgina: “hisoblagich oʻrnatuvchilarning aholidan pul olishi toʻgʻrimi?” degan savol berdi. Rahbar savolga loʻndagina qilib: «notoʻgʻri. Biz xodimlarimizga har bir oʻrnatgan hisoblagichi uchun 5800 soʻmdan pul toʻlaymiz”, deb javob berdi.
Shu bilan bu noqonuniy ishga barham berilgandir, deysizmi?
Xulosa yasashga shoshmangda, aziz oʻquvchi, gapning buyogʻini eshiting:
Oʻsha lavha oynai jahonda namoyish qilingan kundan ikki-uch kun oʻtib, katta koʻcha boʻyidagi xonadon egasi, yoshi bir joyga borib qolgan otaxon bilan uch nafar yosh-yosh yigitlarning tortishuvi ustidan chiqib qoldik.
— Mana schyotchikni ham oʻrnatib boʻldik, — derdi yigitlardan biri. — Qani endi xizmat haqini choʻzing, otaxon?
— Qancha? — dedi qariya.
— Oʻn besh ming soʻm.
— Oʻtgan kuni boshliqlaring televizorda chiqib pul olish notoʻgʻri, bepul dedi-ku? — dedi koʻzlari javdirab otaxon. — Sizlarga ishxonalaringdan har bir schyotchik uchun haq toʻlasharkan-ku?
— Berishmaydi, — deya oraga ot soldi ikkinchi yigit. — Televizorda aytishaveradi. Qani, gapni koʻpaytirmay pulni chiqaring!
— Ismi-shariflaringni bilib qolay, — dedi otaxon.
— Bermaysizmi? — dedi qoʻlidagi otverka bilan hozirgina oʻrnatilgan schyotchik murvatini boʻshatishga tushdi uchinchi yigit. — Bermasangiz oʻzingizga qiyin. Yana eski schyotchigingizni qaytadan oʻrniga qoʻyib qoʻyamiz. Keyingi gal besh-olti yuz ming soʻm toʻlab oʻzingiz qoʻydirvolasiz.
Bu gapdan kapalagi oʻchgan qariya jon holatda yigitning bilagidan tutdi:
— Unday qilma, bolam. Ma, oʻsha oʻn besh mingingni...
— Bu boshqa gap,- dedi schyotchik murvatini qaytadan burarkan yigit. — Hamma gʻing demay toʻlab turganda, siz bunaqa qilmangda otaxon.
Yigitlar shunday deb pulni olib joʻnab qolishdi.
— Bularni ishini koʻrmaysizmi? — deya zorlandi otaxon bizga. — Axir, bepul deb boshligʻini oʻzi aytdi. Toshkandan ham aytishdi, oʻz qulogʻimiz bilan eshitdik. Bular boʻlsa... Qoʻrqishmaganini qarang! Televizorda aytishaveradi, emish... Kuppa-kunduz kuni xalqni tunashdan boshqa narsa emas-ku bu, oʻgʻlim. Boshliqlari nega indamayaptiykan bularga? Qolaversa, tumanni kattalari qayoqqa qaraydi?! Qishlogʻimizda oz emas, besh-olti ming xonadon bor-a? Qolaversa, tuman boʻyicha zoʻrlab olingan mablagʻ qancha boʻladi! Har bir uydan hech qanday hujjatsiz-boshqasiz oʻn besh ming soʻmdanni shilib ketaverishsa-ya? Yo, tavba! Qoʻrqishmaganini qarang! Yo kattalar ham bu ishga sherikmikan-a?
Rosti, otaxonning bu haqli savollariga nima deyarimizni bilmay qoldik...
Ortiqali NOMOZOV,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring