Gʻallani yomgʻirlatib sugʻorish Qoraqalpogʻiston Respublikasi sharoitida eng samarali usul
Foto: Халқ сўзи
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan “Gʻalla maydonlariga yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish – bugungi kun talabi, hayotiy zarurat” mavzusida press-tur tashkil qilindi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab, Taxiatosh tumanidagi “Tureyev Sultamuratbiy” fermer xoʻjaligining gʻalla maydonlariga joriy qilingan yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasi bilan yaqindan tanishdilar.
— Gʻalla ekiladigan maydonlari toʻliq lazer uskunasi bilan tekislab, 2021-yil 25,9 gektarga yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini oʻrnatdik, — deydi fermer xoʻjaligi rahbari Sultanmurat ogʻa Tureyev. —Oʻtgan yil gʻalla hosilini yigʻishtirishda Qoraqalpogʻiston sharoiti gʻallani yomgʻirlatib sugʻorish eng samarali usul ekanligiga amin boʻldik. Bu faqatgina suvni tejab qolmasdan hosildorlikni oshirishga juda katta hissa qoʻshadi. Dehqonlarimiz yaxshi bilishadi Qoraqalpogʻistonda ayni gʻalla hosil toʻplash paytida quruq issiq ob-havo boʻladi. Anʼanaviy sugʻorish uchun koʻp miqdorda suv va vaqt ketadi. Biz tajribamizda koʻrdikki, shu paytda vaqti-vaqti gʻalla maydonlari yomgʻirlatib sugʻorilsa, iqlimni nisbatan salqinlatish va oʻsimlik uchun zarur boʻlgan namlikni beradi. Yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasi oʻrnatilgan dalalarda har bir qatordagi quvurlarni alohida boshqarish imkoniyati borligi, bu ishni oson va qisqa muddatda, kam suv bilan amalga oshirish imkonini beradi. Shu tariqa yuqori hosil olish imkoniyati yaratiladi.
Press-tur ishtirokchilari “Qattagʻar-Boʻzatov” irrigatsiya tizimi boshqarmasiga qarashli Nukus tumanida joylashgan gidroinshoot hamda joriy yilda rekonstruksiya ishlari yakuniga yetkazilayotgan “Anasay” magistral kanalining rekonstruksiya ishlari bilan ham yaqindan tanishishdi.
Nukus shahrini kesib oʻtuvchi ikkita yirik kanalning biri, xalq tilida “Qattagʻar” deya nomlanuvchi “Anasay” magistral kanalini rekonstruksiya qilish ishlari 2018-yilda boshlangan edi. Ushbu obyektda loyiha doirasida Bosh pudratchi tashkilot “Bunyodkor Meros” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan kanalning 13,6 kilometr qismida rekonstruksiya ishlari olib borish belgilangan. Ayni kunlarda obyektda bir necha ekskavatorlar va maxsus texnikalar rekonstruksiya ishlarini yakunlash boʻyicha kanalning oxirgi qismlarida qazish ishlarini olib borishmoqda.
Mazkur kanal qurilganidan buyon – qariyb 33 yilgacha qazib tozalanmaganligi, yillar davomida loyqa suv oqib turishi tufayli kanal oʻzani bir necha barobar kichraygan. Oqibatda kanalning oʻrtacha suv oʻtkazish qobiliyati sekundiga 100 metr kubgacha pasaygan edi. “Anasay” magistral kanalida rekonstruksiya ishlari yakunlangach suvdan foydalanish koeffitsiyenti 30 foizdan 85 foizgacha oshadi.
Press-tur doirasida jurnalistlar uchun dala sharoitida matbuot anjumani ham tashkil qilindi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari A. Nazarov, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining boʻlim boshligʻi, respublikaga biriktirilgan vakil N. Ataqulov va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirning birinchi oʻrinbosari A.Urazimbetovlar suv xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼlumot berib, ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga atroflicha javoblar berishdi.
Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring