Gʻallachilikda bozor mexanizmlarini joriy qilish davom ettiriladi

22:18 11 May 2022 Siyosat
1053 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-may kuni gʻallachilikdagi islohotlarning muhim bosqichiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Soʻnggi vaqtda jahon bozorlarida oziq-ovqat narxlari kun sayin yuqori surʼatlar bilan oʻsmoqda. Xalqaro birjalarda 1 tonna bugʻdoy narxi 400 dollarga koʻtarildi va yil boshiga nisbatan narxlar 30 foizga oshdi.

Narx-navo barqarorligiga erishish uchun birinchi navbatda gʻallachilikda bozor mexanizmlarini toʻliq joriy etish zarurati tugʻilmoqda. Shu munosabat bilan yigʻilishda fermerlar manfaatdorligini taʼminlash, hosildorlikni oshirish orqali bozorda taklifni koʻpaytirish masalalari muhokama qilindi.

Soʻnggi yillarda hududlarda quvvati qariyb 3 million tonna boʻlgan 160 dan ortiq yirik xususiy don korxonalari ish boshladi. Oʻtgan yili respublika boʻyicha qariyb 3,5 million tonna un ishlab chiqarilgan boʻlib, shundan 54 foizi xususiy don korxonalari hissasiga toʻgʻri keladi.

Yigʻilishda «Oʻzdonmahsulot» kompaniyasi tarkibidagi 43 ta don korxonalari yangi bozor sharoitlarida samarali ishlashga tayyor emasligi, ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanilmayotgani, shuningdek davlat don korxonalarida talon-toroj qilish holatlariga haligacha barham berilmaganligi tanqid qilindi.

Davlat don korxonalaridagi ayni paytdagi eskicha tizim don yetishtiruvchiga ham, qayta ishlovchi korxonalarga ham manfaat bermayotgani qayd etildi. Oʻzbekiston xalqi, fermer-dehqonlar anchadan buyon kutgan don yetishtirishda davlat buyurtmasini bosqichma-bosqich bekor qilish va haqiqiy gʻalla bozorini yaratish borasida muhim qadam tashlashning fursati yetganligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari barcha zarur tashkiliy ishlar hal qilingan holda, 1-iyundan boshlab, gʻallani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga oʻtilishini maʼlum qildi.

Fermer va klasterlar oʻzi yetishtirgan gʻallani birja savdolariga olib chiqishi uchun davlat tomonidan barcha imkoniyatlar yaratiladi. Davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bugʻdoy narxi oʻtgan yildagi 1 million 550 ming soʻmdan joriy yil hosili uchun 3 million soʻmga, yaʼni 2 baravarga oshiriladi.

Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasi xarid qilgan 1 million 783 ming tonna bugʻdoy ehtiyojga qarab birjaga chiqaradi. Bunda fermerlarga iyul-avgust oylarida birjada shakllangan oʻrtacha narxlardan kelib chiqib, oʻrtadagíadagi ijobiy farq ham toʻlab beriladi. Buning uchun joriy yilda davlatdan 6 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratiladi.

Bundan tashqari, fermerlar ixtiyorida qoladigan bugʻdoydan 500 ming tonnasi don korxonalarida vaqtincha saqlash uchun qabul qilinadi va 1-iyuldan boshlab, ilk bora fermer va klasterlarning oʻzlari birja savdolariga bozor narxida chiqaradi. Bunda 500 ming tonna bugʻdoyning don korxonalarida vaqtincha saqlash xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi. Shuningdek, fermerlar 2022-yil bugʻdoy hosili uchun birja toʻlovlaridan ozod qilinadi.

Davlat rahbari bugʻdoy yetishtiruvchi fermer va klasterlarni birjadan roʻyxatdan oʻtkazish va brokerlarni biriktirib, oʻqitishni tashkil qilish boʻyicha mutasaddilarga topshiriq berdi.

Joriy yil jami gʻalla hosili uchun 7,6 trillion soʻm ajratilmoqda. Yangi tizimni toʻlaqonli, adolatli va ochiq-oshkora ishlashi, har bir soʻm fermer va klasterga oʻz vaqtida, toʻliq yetib borishi, narx-navoni oʻsishi va taqchillikni oldini olish boʻyicha “kunbay” nazorat tizimi joriy qilinadi.

— Bugʻdoyning haqiqiy egasi, bu – fermer va klasterlar, — dedi davlat rahbari. — Bundan buyon, tumanda reja bajarilmayapti, chorva, parranda yoki baliqchilikka ozuqa-yem kerak, degan vajlar bilan fermerlar gʻallasini olib qoʻyish qatʼiyan taqiqlanadi. Birja orqali sotilgan bugʻdoyga hududlararo cheklov qoʻyilmaydi, — dedi davlatimiz rahbari.

«Oʻzdonmahsulot» korxonalari va xususiy korxonalarni aylanma mablagʻ uchun 800 milliard soʻm miqdorida kredit resurslari ajratiladi.

Prezident zamonaviy, ixcham, energotejamkor un ishlab chiqarish korxonalarini koʻpaytirish, gʻalla maydonlarini kengaytirish va hosildorlikni oshirish, chekka va olis qishloqlarga un va un mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha transport xarajatlarini qoplab berish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Viloyat hokimlari un va un mahsulotlarini respublikaning boshqa hududlaridan va chetdan olib kelib, bozorda mahsulot taqchilligiga yoʻl qoʻymaslik va narxlar barqarorligini taʼminlashga shaxsan masʼul va javobgar ekanligi qayd etildi.

Don korxonalarini xususiylashtirish ishlari ham jadallashtiriladi. Mutasaddilarga 1-avgustga qadar 20 ta don korxonasidagi davlat ulushini savdoga chiqarish topshirigʻi berildi.

Yigʻilish kun tartibidan favqulodda vaziyatlarning oldini olish masalalari ham oʻrin oldi.

Joriy yilning mart-may oylarida kuchli yogʻingarchilik oqibatida Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida 15 ga yaqin yirik sel va koʻchkilar sodir boʻldi. Oqibatda 9 nafar inson halok boʻldi. 245 ta xonadon, 19 ta koʻprik zarar koʻrdi, 450 dan ortiq bosh chorva mollari nobud boʻldi.

Bunga sel va koʻchki xavfi yuqori hududlarda yillar davomida betartib qurilishlar qilingani, pala-partish sugʻorilgani ham sabab boʻlayotgani qayd etildi.

Prezidentimiz mutasaddilarga togʻ daryolari va soylari, sel yoʻllari joylashgan hududlarda tunu-kun ishlaydigan shtablar tashkil etish va qutqaruv otryadlarini koʻpaytirish, daryo qirgʻoqlari, suv omborlari, selga qarshi inshootlarning favqulodda vaziyatlarga shaylik holatini oʻrganib, ularni mustahkamlash hamda xavfli hududlarda yashayotgan xonadonlarni xavfsiz hududlarga doimiy koʻchirish choralarini koʻrish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?