Futboldagi “panenka” uslubi qanday paydo boʻlgandi?
Yaqinda boʻlib oʻtgan Afrika kubogi final bahsida Senegal milliy jamoasi darvozasiga 11 metrli jarima zarbasi belgilandi. Toʻp oldiga Marokash terma komandasi sharafini himoya qilayotgan Brahim Dias keldi. Aytish kerakki, bu har ikki jamoa uchun ham, muxlislar uchun ham oʻta hayajonli daqiqa edi.Biroq Diasning penaltini “ panenka” uslubida amalga oshirishini hech kim kutmagandi.
Shu oʻrinda tabiiyki, bu uslub qanday paydo boʻlgandi, degan savol tugʻiladi.
Unga javob bermoq uchun olis 1976-yilga qaytishga toʻgʻri keladi. Oʻshanda Yevropa chempionati ilk bor pley-off tizimida oʻtkazilgan, magʻlub jamoa turnirdan chiqib ketardi. Sobiq Chexoslovakiya hamda GFR terma jamoalari oʻrtasida Belgradda kechgan final bahsi dramatik lahzalarga boy boʻlgandi. Nemislar uchrashuvning 25-daqiqasiga kelib 2:0 hisobida yutqazishayotgandi. Ammo ular asosiy vaqt tugayozgan pallada hisobni tenglashtirishdi. Qoʻshimcha boʻlimlarda gol kiritilmagach, gʻolib penaltilar seriyasida aniqlandi. Tomonlar dastlabki uchala toʻpni darvozaga bexato yoʻllashdi. Nemis futbolchisi Uli Xyonnes bergan toʻrtinchi zarba esa darvoza toʻsiniga tegib qaytdi.
Hal qiluvchi penaltini tepmoq esa chexoslovakiyalik Antonin Panenka zimmasiga tushdi. Kutilmaganda u toʻpni parashyut tarzida darvoza markaziga ohista yoʻllab qoʻya qoldi. Oʻsha kezda dunyoning eng kuchli posbonlaridan sanalgan Zepp Mayer esa bu paytda zarbani bartaraf etmoq uchun darvozaning chap tomoniga tashlangan edi.
— Zeyep Mayer bu vaziyatni yaxshi qabul qilgan, deb oʻylamayman, — degandi keyinchalik Antonin Panenka. — U oʻzini juda noqulay his etdi. Eslasa, ehtimolki, haligacha shu his girdobida qoladi. Ism-sharifimni eshitish nazarimda, unga u qadar yoqmaydi.
Ayni damda 77 yoshni qoralagan, oʻz mamlakatida 1980-yilda “Yil oʻyinchisi” deb topilgan Yevropa chempioni Panenka oʻz intervyularidan birida oʻsha kezlarda chexoslovak futbolini Yevropada kuzatib borishmaganini, bu ham unga qoʻl kelganini aytgan. Uning qoʻshimcha qilishicha, penaltini katta tezlikda yugurib kelgan holda bajarayotganda oʻyinchi posbonni jussasi bilan chalgʻitadi, darvozabon toʻpni qaytarishga ulgurish uchun koʻpincha oʻzini jon holatda chap yoki oʻng tomonga tashlaydi. Bu esa futbolchiga toʻpni ayyorona tarzida shunchaki tashlab qoʻyish imkonini beradi.
Panenkaning oʻshanda shu tariqa zarba yoʻllaganini har kim har xil talqin etgandi. Deylik, GFR terma jamoasi sardori Frans Bekkenbauer haqiqiy chempiongina shunday zarba berishga qaror qilishi mumkinligini aytgandi. Chexoslavakiya terma jamoasi darvozaboni Ivo Viktor esa “Oʻyin yakunidagi mening xatom tufayli nemislar hisobni tenglashtirishmaganida hozir hech kim Panenkani bilmasdi”, deya hazillashgandi.
Bunday gap-soʻzlar orasida futbol qiroli Pele bildirgan fikr nazarimizda, hammasidan oshib tushgan. “Penaltini shu tariqa tepadigan kishi yoki daho, yoki aqldan ozgan boʻlishi kerak” degandi afsonaviy futbolchi.
Nima boʻlganida ham, 11 metrli jarima toʻpini darvozabonni chalgʻitgan holda parashyut tarzida amalga oshirish futbol tarixiga “panenka” uslubi sifatida muhrlandi.
Yana soʻzimiz boshida tilga olingan hayajonli lahzaga qaytamiz. Marokash terma jamoasi aʼzosi Brahim Dias 11 metrli jarimadan toʻpni darvoza markaziga qarab ohista tepdi. Biroq senegallik posbon Eduar Mendi chalgʻimadi. Toʻpni turgan joyida osonlik bilan egallab oldi. Vaholanki, Dias gol kiritganida mezbon jamoa – Marokashning Afrika kubogini qoʻlga kiritishi ehtimoli oshardi. Yakunda esa bilasiz, omad senagalliklarga kulib boqdi. Ular kubokni boshlari uzra koʻtarishdi.
Aytmoqchi, yaqinda “panenka” uslubining ijodkori Antonin Panenka Dias yoʻllagan oʻsha toʻpga oʻz munosabatini bildirdi.
— Shu zarbani maromiga yetkazish uchun ikki yil davomida mashq qilishimga toʻgʻri kelgandi, — dedi u. — “Bogemians Praga” jamoasidagi safdoshim bilan mashgʻulotlardan soʻng qolib penaltini qanday qilib tepish ustida ishlardim. Oʻsha darvozabon bilan koʻpincha bir quti shokoladni garovga qoʻyib mashq qilardik. Diasga kelsak, nazarimda, u penaltini mendaqa amalga oshirishga yetarlicha tayyorgarlik koʻrmagan. Toʻpni bu usulda tepish uning xayoliga toʻsatdan kelgan. Oqibatda darvoza ishgʻol etilmay qoldi.
Sobiq futbolchining bu soʻzlari har bir gol mashgʻulotlardagi mashaqqatli mehnat mahsuli ekanini tasdiqlaydi. Eldor Shomurodov, Abbos Fayzullayev, Abduqodir Husanov kabi mahoratli “charm toʻp” ustalari izidan borib, Yevropa maydonlarida toʻp surish orzusida boʻlgan yosh futbolchilarimiz buni aslo unutmasliklarini istardik.
Istam IBROHIMOV tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring