Futbol akademiyasi oʻquvchilari Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida boʻlishdi

19:36 11 Dekabr 2023 Jamiyat
180 0

Madhiya — qalbida oʻz Vataniga muhabbat va sadoqat tuygʻusi bor har qanday kishida milliy gʻurur, oʻziga xos faxr, eng muhimi yurtga mehr uygʻotadi. Bu milliy timsolda xalqning oʻtmishi, buguni va kelajagi, shuningdek, ziynati, or-u nomusi, maslak — maqsadi mujassam boʻladi.

Qashqadaryo viloyati futbol akademiyasi sportchi-oʻquvchilari Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomli ijod maktabida boʻlishib, turli eksponatlar bilan tanishdilar.

— Bu yerda oʻquvchilarimiz Abdulla Oripovning hayoti va ijodiy faoliyatiga oid maʼlumotlarni koʻrishdi, shoirga tegishli shaxsiy ashyolarni koʻzdan kechirishdi, — deydi futbol akademiyasi direktorining maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Shavkat Roʻziyev. — Muzeyda shoirning madhiyani yaratishga oid 200 dan ortiq qoralamalaridan 17 ta nusxasi saqlanmoqda. Yosh futbolchilarda bu sayohat juda katta qiziqish uygʻotdi.

Zero, yirik musobaqalarda futbolchilar davlat madhiyasini kuylayotganda yuragida Vatan tuygʻusi joʻsh uradi. Yurtga boʻlgan muhabbat va sadoqat madhiya orqali qalblarga sizib kiradi. Qashqadaryo viloyati futbol akademiyasi yosh futbolchilarining madhiyamiz qabul qilingan kunda Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabiga qilgan sayohati ularni sportda katta gʻalabalar sari ilhomlantirishi tabiiy.

F. XUDOYBERDIYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?