Fuqarolar huquqlarini sud orqali himoyalashning zamonaviy mexanizmlari
Huquqiy davlatning eng muhim belgilaridan biri — bu fuqarolar va tadbirkorlarning davlat organlari bilan munosabatlarda oʻzini ishonchli va himoyalangan sifatida his etishi bilan bogʻliq. Shu maʼnoda, soʻnggi yillarda mamlakatimiz sud-huquq tizimi tubdan isloh qilinib, fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini ishonchli himoyalash borasida muhim qadamlar tashlandi.
Oʻz navbatida, bugun davlat boshqaruvi jarayonlarining kengayishi va tadbirkorlik faoliyatining faollashuvi maʼmuriy sud himoyasini yanada samarali, ochiq va adolatli qilishni taqozo etmoqda.
Keyingi yillarda fuqarolarning hamda tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini sudda himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlari, yangi imkoniyatlari taqdim etildi. Bu haqda soʻz ketganda, ayrim muhim huquqiy hujjatlar haqida toʻxtalib oʻtishni joiz, deb bilaman.
Jumladan, davlatimiz rahbarining shu yil 30-yanvarda “Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat sud himoyasini formal huquq sifatida emas, balki inson qadrini taʼminlovchi, adolatni tiklovchi hamda ishonchli kafolatga aylantirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega. Qolaversa, sud orqali himoyani haqiqiy, samarali va ochiq mexanizmga aylantirish, fuqarolar hamda tadbirkorlarning davlat organlari bilan munosabatlarida adolatni taʼminlashga qaratilgani bilan ham alohida oʻrin tutadi.
Bundan tashqari, hujjatda davlat organlari faoliyati ustidan sud nazoratini kuchaytirish, maʼmuriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlarga moslashtirish, fuqarolar va tadbirkorlar uchun sudga murojaat qilish jarayonlarini soddalashtirish, sud qarorlarining ijrosini taʼminlashga qaratilgan dolzarb vazifalar ham belgilangan. Bu esa inson qadrini ulugʻlash, tadbirkorlik faoliyati erkinligini kafolatlashga qaratilgan saʼy-harakatlarning uzviy davomi boʻldi.
Taʼkidlash joizki, bugungi kunda davlat boshqaruvi jarayonlarining kengayishi, maʼmuriy qarorlar taʼsir doirasining ortishi fuqarolar va tadbirkorlarning davlat organlari bilan munosabatlarini yanada murakkablashtirmoqda. Shu bois bunday munosabatlarda qonun ustuvorligini taʼminlash, davlat organlari faoliyati ustidan samarali sud nazoratini amalga oshirish muhim hisoblanadi.
Yuqoridagi hujjat davlat organlari va mansabdor shaxslarning qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligidan norozi boʻlgan fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun sud himoyasini haqiqiy kafolatga aylantirishni maqsad qiladi. Ayniqsa, maʼmuriy-huquqiy munosabatlarda shaxs davlat bilan “tengsiz” huquqiy holatda boʻlishi inobatga olingan holda, sud himoyasining samaradorligi alohida ahamiyatga ega. Shu nuqtayi nazardan, qarorda maʼmuriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Xalqaro tajriba shuni koʻrsatadiki, maʼmuriy sudlar fuqarolar va tadbirkorlarni davlat hokimiyatining ortiqcha aralashuvidan himoya qiluvchi asosiy institut sifatida namoyon boʻladi. Yevropa davlatlari, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi mamlakatlar tajribasida maʼmuriy odil sudlov fuqaro hamda tadbirkorlik subyektlarining ishonchini taʼminlovchi muhim omil sifatida shakllangan. Shunday ekan, Prezidentimiz qarori ana shu ilgʻor tajribani milliy huquq tizimiga bosqichma-bosqich joriy etishda keng imkoniyatlarni taqdim etadi. Bu esa maʼmuriy sudlarning faqat nizolarni hal qiluvchi organ sifatida emas, balki davlat boshqaruvi faoliyatida qonun ustuvorligini taʼminlovchi muhim institut sifatidagi oʻrnini yanada mustahkamlaydi.
Maʼmuriy sudlarning vazifalaridan biri — davlat organlari faoliyati ustidan samarali sud nazoratini amalga oshirishdir. Bu nazorat faqat daʼvogarning dalillarini eshitish bilan cheklanib qolmasligi kerak, albatta. Shu sababli, davlat organi mansabdor shaxsining sud majlisida shaxsan yoki vakili orqali ishtirok etishi masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan.
Tadbirkorlik subyektlari uchun maʼmuriy sudlardagi samarali himoya iqtisodiy erkinlikning muhim kafolati hisoblanadi. Davlat organlarining noqonuniy qarorlari, tekshiruvlar yoki maʼmuriy sanksiyalardan himoyalanish imkoniyati investitsion muhit barqarorligini taʼminlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan muhim huquqiy mexanizm yaratildi.
Gap shundaki, dastlabki eshituv, avvalo, ishni sud muhokamasiga tayyorlash bosqichini tizimli va mazmunli qilishga qaratilgan. Ushbu bosqichda daʼvo talablarining aniq mazmuni belgilab olinadi hamda davlat organi qarorining huquqiy asoslari tekshiriladi. Shu bilan birga, taraflar taqdim etadigan dalillar koʻlami aniqlanadi. Natijada, asosiy sud muhokamasi chuqur, aniq va ortiqcha rasmiyatchiliksiz oʻtkaziladi.
Amaliyotda maʼmuriy ishlar koʻp hollarda dalillar yetishmasligi, taraflar pozitsiyasining noaniqligi sabab choʻzilib ketadi. Dastlabki eshituv joriy etiladigan boʻlsa, ishni qayta-qayta qoldirish, qoʻshimcha dalil soʻrash va protsessual xatolarga yoʻl qoʻyish kabi holatlar kamayadi. Bu esa sud ishlarini oqilona muddatda koʻrib chiqish prinsipini taʼminlaydi. Bundan tashqari, dastlabki eshituv taraflar uchun oʻz pozitsiyasini erta bosqichda bayon etish imkonini yaratadi. Ayniqsa, bundan fuqarolar va tadbirkorlar davlat organining pozitsiyasini oldindan bilish, oʻz dalillarini toʻliq shakllantirish hamda huquqiy yordamni samarali tashkil etish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu esa maʼmuriy sud ish yurituvida tortishuvchanlik prinsipini amalda taʼminlaydi. Dastlabki eshituvda davlat organi vakili qarorning qonuniyligini asoslab berishi talab etiladi. Natijada mansabdor shaxsning oʻzi yoki vakili maʼmuriy qarorlar qabul qilishda masʼuliyat bilan yondashishga majbur boʻladi.
Raqamlarga toʻxtaladigan boʻlsak, joriy yilning 11 oyida respublika maʼmuriy sudlari tomonidan jami 16 305 ta ish koʻrilgan boʻlib, ularning 14 444 tasi yoki 88,5 foizi davlat organlari va mansabdor shaxslarning qarorini yoki harakatini qonunga xilof, deb topish haqidagi talablarga asoslangan. Jami koʻrilgan ishlarning 6 532 tasi (41 foizi) yuzasidan arizachining foydasiga qarorlar qabul qilingan boʻlsa, 6 717 ta (42 foiz) ish boʻyicha arz qilingan talablar rad etilgan. Dastlabki eshituv institutining kiritilishi ushbu rad etilgan murojaatlar sonini kamaytirishga, ortiqcha xarajatlar hamda vaqt yoʻqotishni oldini olishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda fuqarolar va tadbirkorlar ishonchining sud orqali himoya qilinishi prinsipini qoʻllash masalasida yangicha yondashuvni taʼminlash uchun qator amaliy ishlarni amalga oshirmoqda.
Eng asosiysi, davlat organi hujjatining qonuniy kuchiga ishonib faoliyat yuritgan fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlarining ishonchini himoya qilish uchun mazkur hujjatning keyinchalik bekor qilinishi ushbu shaxsning oʻz mulkidan mahrum boʻlishiga yoki boshqa ogʻir oqibatlar olib kelmasligiga oid qoidalarni qonun doirasida belgilash boʻyicha ham oʻz qonun tashabbuskorligi huquqidan foydalanmoqda.
Qisqasi, sohada barcha saʼy-harakatlar, avvalo, inson qadrini ulugʻlash, har bir shaxsning oʻz huquqini sud orqali himoya qilish imkoniyatini amalda taʼminlashga qaratilgani, mamlakatimizda huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish yoʻlidagi islohotlar mutlaqo yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilmoqda.
Shaxnoza AXATOVA,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Odil sudlov sohasidagi
qonunchilikni tahlil qilish departamenti Fuqarolik, iqtisodiy
va maʼmuriy qonunchilikni tahlil qilish boʻlimi boshligʻi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring