Forishda loyiha qiymati 200 mln dollarlik yangi kon ishga tushirildi
Foto: Xalq so'zi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev joriy yilning 10 fevral kuni Jizzax viloyatiga tashrifi davomida viloyatda yangi tashkil etilgan sanoat korxonalari bilan tanishish jarayonida oldin faoliyat ko‘rsatgan, bugungi kunda ishlamay turgan konlarni qayta o‘zlashtirish, qurilish, energiya va nodir metallar sohasidagi 200 ga yaqin konlarni o‘zlashtirish topshirig‘ini bergan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Forish tumanidagi “Uch-quloch polimetall konini kompleks o‘zlashtirish” investisiyaviy loyihasining amalga oshirilishiga start berildi.
Konni ochilish marosimida Jizzax viloyat hokimi Ergash Saliyev, Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari A’zam Qodirxonov, “Olmaliq KMK” AJ Boshqaruv raisi Abdulla Xursanov, “Esan Eczacibasi” kompaniyasi bosh direktori Savash Shaxin ham viloyat, tuman faollari ishtirok etishdi.
Uch-quloch konini o‘zlashtirish va tiklash, xorijiy investorlar bilan hamkorlik qilish va kamida 600 ish o‘rni yaratish loyihasiga 200 million AQSH dollarlik mablag‘lar sarflanishi ko‘zda tutilgan. Bu kabi yirik loyihalar O‘zbekistonning polimetall rudalarni qazib olish va konchilik salohiyatidan unumli foydalanish, xom-ashyo va tayyor mahsulot ishlab chiqarib, eksport qilish quvvatlarini oshirishga qaratilganligini ta’kidlandi.
- Mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda Turkiyaning “Esan Eczacibasi” kompaniyasi o‘rtasida 3 tomonlama shartnoma tuzilgan bo‘lib, qo‘shma korxona tashkil etiladi, - deydi tadbirda so‘zga chiqqan Jizzax viloyat hokimi Ergash Saliyev. - Konda razvedka ishlarini olib borish, rudani qazib olish va qayta ishlash amalga oshiriladi. Kondan yiliga ochiq usulda 500 ming tonna polimetall ruda qazib olinadi. Shuningdek, loyiha doirasida yiliga 500 ming tonna rudani qayta ishlashga mo‘ljallangan zamonaviy boyitish fabrikasi quriladi.
Boyitish fabrikasida yiliga 5,4 ming tonna rux konsentrati hamda 18,4 ming tonna qo‘rg‘oshin konsentrati olinadi. Loyiha bo‘yicha mavjud maydalangan rudalar ombori bilan maydalash-ortish uzeli to‘liq ta’mirlanadi. Tashqi muhandislik kommunikasiyalari barpo etiladi. Avtomobil va temir yo‘llar rekonstruksiya qilinadi.
Tolibjon ERGASHЕV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring