“FlyArystan”ning ilk parvozi

18:56 03 Iyul 2023 Dunyo
1025 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Qozogʻistonning yetakchi aviatashuvchilaridan biri “FlyArystan” ikki qardosh davlat poytaxtlarini bogʻlovchi Ostona-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha ilk parvozni amalga oshirdi.

Bundan buyon muntazam reyslar haftasiga ikki marta – dushanba va chorshanba kunlari amalga oshiriladi.

— “FlyArystan” aviakompaniyasi oʻz yoʻlovchilariga Oʻzbekiston poytaxtiga bemalol sayohat qilish imkoniyatini taqdim etishdan mamnun, — deydi aviakompaniyaning marketing va sotuvlar boʻyicha direktori Madina Bujinova. — Qozogʻistonning poytaxti Ostona shahridan toʻgʻridan-toʻgʻri parvozlarni yoʻlga qoʻygan birinchi loukoster aviakompaniyasi hisoblanadi. Yangi yoʻnalish sayohatchilar uchun qulaylikni taʼminlabgina qolmay, nafaqat sayyohlik, balki tibbiy turizm doiralarini kengaytirayotganidan faxrlanamiz.

Toshkent kundan kunga sifatli tibbiy yordamga intilayotgan qozogʻistonliklar uchun jozibador manzilga aylanib bormoqda, bu esa ikki davlat oʻrtasidagi reyslarga yuqori talabni keltirib chiqarmoqda. Endi Qozogʻiston poytaxti, qolaversa, unga eng yaqin shaharlar aholisi ham madaniy, koʻngilochar, ham dam olish maqsadida oʻzbek zaminiga sayohatga borishlari mumkin.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida “FlyArystan” aviakompaniyasining ilk parvozi sharafiga matbuot brifingi boʻlib oʻtdi, unda Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi Birjan Dulatbekov, “Air Astana” aviakompaniyasining Oʻzbekiston Respublikasidagi mintaqaviy menejeri Yevgeniy Krutov va “Uzbekistan Airports Handling”  masʼuliyati cheklangan jamiyati direktori oʻrinbosari Umid Hamrayev ushbu tadbirning ahamiyatini haqida soʻz yuritdilar.

Aytish joizki, “FlyArystan” Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida Samarqand—Almati—Samarqand mavsumiy yoʻnalishida ham ishlamoqda. Aviakompaniya parvozlar xaritasini yaqin kelajakda ikki davlatni bogʻlaydigan yangi yoʻnalishlar bilan toʻldirishni rejalashtirmoqda.

Qozogʻiston Respublikasi fuqarolarining Oʻzbekistonga kirishi uchun viza talab etilmasligini inobatga olsak, Toshkent qozogʻistonliklar uchun jozibador manzil boʻlib, sayohat, hordiq chiqarish, davolanish va ishbilarmonlik uchrashuvlarini oʻtkazish uchun koʻplab afzallik va imkoniyatlarni taqdim etadi. Sharqiy shahar sayyohlarga “Chorsu” bozorining yorqin ranglaridan bahramand boʻlish, Hazrati Imom tarixiy majmuasini ziyorat qilish, zamonaviy muzeylarga tashrif buyurish va ularning didini lol qoldiradigan milliy taomlardan bahramand boʻlishni taklif etadi.

Eslatib oʻtamiz, “FlyArystan” yaqinda 2023-yil 20-iyun kuni Parijda boʻlib oʻtgan 24-World AirLine Awards mukofotida aviatsiya sanoati Oskarida ishtirok etib, “Markaziy Osiyo va MDHning eng yaxshi loukosteri” mukofotiga sazovor boʻlgan.

 

Nurlan USMONOV

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?