Finlyandiyalik ekspertlar bilan taʼlim dasturlari va baholash boʻyicha tajriba almashildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 30-oktyabr kuni mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasi boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida taʼlim sifatini oshirish boʻyicha jahon tajribasida eng ilgʻor mamlakatlardan biri sifatida Finlyandiya tajribasini oʻrganish boʻyicha vazifalar belgilab berilgandi. Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha Taʼlim inspeksiyasi tomonidan finlyandiyalik mutaxassislar bilan qator uchrashuvlar tashkil etib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning 2-dekabr kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xelsinki universiteti vakillari oʻrtasida Finlyandiya taʼlim tajribasini oʻrganish boʻyicha navbatdagi onlayn seminar oʻtkazildi.
Unda Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, boshliq oʻrinbosari Odil Qoʻysinov, Finlyandiya Milliy baholash markazi direktori Risto Xotulaynen, Milliy baholash markazi maslahatchisi Sirkku Kupiaynen va testologiya boʻyicha xalqaro ekspert Mark Zelman hamda inspeksiyaning tegishli boshqarma va boʻlim boshliqlari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev Finlyandiya taʼlim tajribasini oʻrganishning Oʻzbekistonda taʼlim sifatini yangi darajaga olib chiqishdagi ahamiyati yuqori ekanligini taʼkidlab, bu borada oʻz bilim va tajribasi bilan oʻrtoqlashayotgan xalqaro ekspertlarga minnatdorchilik bildirdi.
Seminar davomida Finlyandiya Milliy baholash markazi direktori Risto Xotulaynen boshlangʻich taʼlimda oʻquv dasturlari va baholashlar boʻyicha taqdimot oʻtkazib, bu borada mamlakatda amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Xususan, Finlyandiya taʼlim tizimi va uning oʻziga xos jihatlariga toʻxtalib oʻtdi. Bunda, boshlangʻich taʼlim tizimining oʻrni, maktab va oʻqituvchilarning mustaqilligi, barcha maktablar teng shart-sharoitlarga egaligi va toʻliq davlat tomonidan moliyalashtirilishi, tekshiruvlarning mavjud emasligiga alohida urgʻu berdi. Shuningdek, oʻzlashtirishi past boʻlgan oʻquvchilar uchun maxsus uch bosqichli qoʻllab-quvvatlash dasturi ishlab chiqilishi haqida taʼkidlab oʻtdi. Bundan tashqari, oʻquvchilarni mehnat bozoriga tayyorlash jarayonida taʼlim tizimining tashkil etilishi, milliy oʻquv dasturining taʼlim jarayonlariga tatbiq etilishi va uning mahalliy oʻquv dasturlariga singdirilishi kabi masalalarga ham toʻxtalib oʻtdi.
Shundan soʻng, Finlyandiya Milliy baholash markazi maslahatchisi Sirkku Kupiaynen umumiy oʻrta taʼlim dasturlari boʻyicha taqdimot oʻtkazib, bu borada fin tajribasining oʻziga xosliklari bilan oʻrtoqlashdi. Xususan, maktab bitiruvchilari topshiradigan yakuniy imtihonlar haqida alohida toʻxtalib, hozirda Finlyandiyada bu jarayon raqamlashtirilganligi, yaʼni oʻquvchilar imtihonlarni kompyuterda topshirishini taʼkidladi. Mutaxassis Finlyandiyada taʼlim muassasasiga innovatsiyalar kiritish jarayoni haqida toʻxtalar ekan, qizlar oʻgʻil bolalarga nisbatan yaxshiroq natijalar koʻrsatishi, oʻgʻil bolalar asosan tillarni oʻzlashtirish boʻyicha ustuvorlik qilishini aytib oʻtdi.
Tadbir yakunida ekspertlar seminar davomida taqdimot oʻtkazilgan mavzular yuzasidan oʻzbekistonlik mutaxassislar tomonidan berilgan savollarga javob berishdi hamda bu borada Finlyandiya tajribasini Oʻzbekistonda joriy etish yuzasidan mulohazalarini bildirib oʻtishdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring