FIFA Misrning talabini qoʻllay oladimi? Sport arbitraj sudi-chi?

13:39 16 Dekabr 2025 Sport
384 0

Kollaj: “Xalq soʻzi”

2026-yilgi Jahon chempionatining 3-turidan oʻrin olgan Misr — Eron oʻyini Amerika Qoʻshma Shtatlarining Sietl shahrida oʻtishi va aynan oʻsha oʻyin atrofida “Pride brending” (yaʼni bir jinslilik targʻiboti) boʻlishi haqida oldinroq xabar bergan edik.

Shuningdek, ushbu holatga Misr futbol federatsiyasi ham, Eron futbol federatsiyasi ham eʼtiroz bilan chiqdi va FIFAga bunga chek qoʻyish yuzasidan rasmiy xat yoʻlladi. Misr futbol federatsiyasi esa, agar talab rad etilgan taqdirda, Sport arbitraj sudiga murojaat qilishini maʼlum qildi.

Xoʻsh, endi voqealar rivoji qanday kechadi? FIFA ushbu talabni qoʻllab-quvvatlamagan taqdirda Sport arbitraj sudi qanday qaror chiqarishi mumkin?

Ushbu holat yuzasidan “Xalq soʻzi” muxbiri sport huquqshunosi Dilshod Norqobilovga oʻz savollari bilan murojaat qildi. Mutaxassisning taʼkidlashicha, “Pride brending” FIFAga emas, Sietl shtatiga tegishli loyiha hisoblanadi. FIFA siyosiy masalalarda neytral qolishni oʻz ustaviga kiritgan.

Hatto FIFA LGBT bilan rasmiy hamkor ham hisoblanmaydi. 2022-yilgi Jahon chempionatida bir qator terma jamoalar ushbu tashkilot ramzi tushirilgan bogʻichlardan foydalanmoqchi boʻlgan, ammo yakunda mahalliy hukumat va FIFA bunga qarshi chiqqan edi.

“Xuddi shulardan kelib chiqqan holda fikr yuritilsa, FIFA “Pride brending”ni bekor qila oladi. Faqatgina stadion hududida. Yaʼni, stadionga bayroqlar olib kirilmaydi, bir jinslilikni targʻib etuvchi shiorlardan foydalanilmaydi va stadionda ham ushbu tashkilot ramzi namoyish etilmaydi. Biroq bu yerda FIFA rahbariyatining xohishi ham muhim rol oʻynashi mumkin”, deydi Norqobilov.

Uning qoʻshimcha qilishicha, bu ish katta ehtimol bilan federatsiyalar va FIFA oʻrtasida hal etiladi. Agar ish Sport arbitraj sudiga oshirilgan taqdirda, federatsiyalarning talabi qanoatlantirilishi ehtimoli yuqori. Chunki bu yerda ikki xalqning umumiy milliy qadriyatlari va huquqiy asoslari mavjud.

Demak ushbu masala yuzasidan qisqa javob shuki, FIFA “Pride brending”ni bekor qila oladi, lekin faqat va faqat stadion hududida.

Eslatib oʻtamiz, Jahon chempionatining 3-turidan oʻrin olgan Misr — Eron oʻyini 2026-yilning 27-iyun kuni Sietl shahrida joylashgan “Lumen Field” stadionida boʻlib oʻtadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?