Favqulodda vaziyatlar vaziri Markaziy Osiyo mamlakatlari favqulodda vaziyatlar idoralari rahbarlarining yigʻilishida ishtirok etdi

15:11 10 Noyabr 2023 Siyosat
153 0

Bugun, 10-noyabr kuni Qozogʻiston Respublikasining Almati shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari favqulodda vaziyatlar idoralari rahbarlarining yillik mintaqaviy forumi oʻz ishini boshladi.

Forum doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari favqulodda vaziyatlar idoralari rahbarlarining maʼruzalari, ekspert ishchi guruhining yigʻilishi, ofatlar xavfini kamaytirish boʻyicha Senday dasturi monitoringi borasida mintaqaviy treninglar, seminarlar, delegatsiyalar rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvlari kabi bir qator tadbirlar boʻlib oʻtdi. 

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qoʻldoshev oʻz nutqida mamlakatimiz rahbariyati tomonidan aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar haqida toʻxtalib oʻtdi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yaqinda qabul qilingan farmon va qarorlari, bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish, tizimli asosda amalga oshirilayotgan aniq amaliy ishlaridir.

Shuningdek, A.Qoʻldoshev transchegaraviy favqulodda vaziyatlarning oldini olishda mintaqaning barcha mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashning aniq misollarini keltirdi. Tezkor axborot almashishni yoʻlga qoʻyish, chegara daryolarida qirgʻoqlarni mustahkamlash ishlarini olib borish, qoʻshma mashgʻulotlar oʻtkazish, erta ogohlantirish tizimini keng joriy etish va boshqalar shular jumlasidandir.

Uchrashuvda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun tabiiy va texnogen transchegaraviy tahdidlarning Raqamli atlasini yaratish konsepsiyasi, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish boʻyicha Senday dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari va boshqa dolzarb mavzular muhokamasi va kelishuvi boʻlib oʻtdi.

Shuningdek, Forum doirasida Oʻzbekiston Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qoʻldoshev oʻz hamkasblari – Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston qutqaruv idoralari rahbarlari va bir qator xalqaro tashkilotlar vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi.

Taʼkidlash joizki, har yili oʻtkaziladigan forumning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo davlatlarining ixtisoslashgan tuzilmalari oʻrtasidagi yaqin hamkorlik orqali transchegaraviy xarakterdagi tabiiy ofatlar xavfini maksimal darajada kamaytirishga erishishdan iborat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?