Farzandlikka olishda bola huquqlarini toʻlaqonli taʼminlash zarur

13:20 02 Iyul 2021 Jamiyat
1142 0

Oʻzbek oilasida bola dunyoga kelishi juda katta quvonch bilan kutib olinadi. Zero, xalqimiz azaldan bolajon xalq. Lekin hayot har doim ham bir tekisda ketmaydi. Kimlargadir farzand koʻrish baxti nasib etmaydi. Tabiiyki koʻpchilik ahil oilalar farzand asrab olishga qaror qilishadi. Tahlillarga qaraganda ayni paytda mamlakatimizda farzandlikka olish istagini bildirgan shaxslar 4 mingdan ortiq ekan.

Tabiiyki, farzand asrab olish ham oʻz-oʻzidan sodir boʻlmaydi. Mazkur jarayonning ham oʻziga yarasha huquqiy talablari bor.

Ana shu talablarni soddalashtirish, farzandlikka oluvchilarga yengillik yaratish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi tomonidan “Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi atroflicha koʻrib chiqildi.

Bugungi kunda farzandlikka olish istagida navbatda turganlarning soni farzandlikka berilayotganlarga (har yili oʻrtacha 200 nafar bola) nisbatan ancha yuqoriligicha qolmoqda. Demak amaldagi qonunchilikda bu borada boʻshliqlar mavjud.

Misol uchun, doimiy daromadga ega boʻlmagan yoki sogʻligʻi holatiga koʻra ota-onalik huquq va majburiyatlarini bajara olmaydigan shaxslarning farzandlikka olish huquqlarini cheklash qonunda aniq belgilanmagan.

Oqibatda fuqarolar tomonidan noqonuniy yoʻllar bilan farzand asrab olish, shu jumladan bola savdosi kabi holatlarning kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda. Raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, 2017-2020-yillarda oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida chaqaloq savdosi bilan bogʻliq jami 185 ta jinoyat aniqlangan va ushbu jinoyatlar boʻyicha 286 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikka koʻra, qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilingan shaxslar voyaga yetmagan bolani farzandlikka olishlariga yoʻl qoʻyilmaydi deb belgilangan.

Koʻrinib turibdiki, bu borada yechimini kutayotgan masalalar koʻp. Shu bois, Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 176-bandida farzandlikka olish amaliyotini oʻrganish va bu boʻyicha huquqiy asoslarni qayta koʻrib chiqish belgilandi.

Unga koʻra, “Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Qonun loyihasida Oila kodeksining farzandlikka olishi mumkin boʻlgan shaxslar (152-moddasi) roʻyxatida muqaddam qasddan jinoyat sodir etgan shaxslar tomonidan farzandlikka olinishiga taqiq oʻrniga qilmishning ijtimoiy xavfliligi darajasiga qarab shaxsga farzandlikka olishni taqiqlash qoidasi joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, ogʻir (5 yildan 10 yilgacha) va oʻta ogʻir (10 yildan ortiq) turdagi jinoyatlarni sodir etgan, shuningdek, farzandlikka olish vaqtidan oldin 1 yil davomida doimiy daromadga ega boʻlmagan yoki oylik ish haqi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan oz boʻlgan daromad oladigan fuqarolarga, farzandlikka olishga monelik qiladigan kasalliklarga chalingan shaxslarga farzandlikka olish taʼqiqlanmoqda.

Shuningdek, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlar hamda jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar va harbiy mansabdorlik jinoyatlarini sodir etgan shaxslarga farzandlikka olish taʼqiqlanmoqda.

Mazkur qonunni qabul qilish va uning normalarini aniq bayon etishdan asosiy maqsad bitta. Yaʼni bola huquqlarining himoya qilinishini toʻlaqonli taʼminlash, bolalarni qonunga zid ravishda farzandlikka olish, ayniqsa bola savdosi holatlarining oldini olishga koʻmaklashishdan iboratdir.

Soddaroq aytganda qonun loyihasiga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar asrab olinayotgan bolaning maʼnan va jismonan sogʻlom oila aʼzosiga aylanishiga xizmat qiladi. Bu farzandlikka olinayotgan bolalarning kelajagi uchun ham muhimdir.

Shahnoza XOLMAXMATOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?