Fargʻonadagi bir maktabning 50 nafar bitiruvchisi muddatidan oldin nufuzli OTMlari talabasi boʻldi
Foto: «Xalq soʻzi»
Botir MADIYOROV / «Xalq soʻzi». Fargʻona shahrida joylashgan 21-umumtaʼlim maktabi xorijiy tillar va aniq fanlarni oʻqitishga ixtisoslashgan boʻlib, ayni paytda taʼlim dargohida 2 ming 400 nafardan ziyod oʻquvchi taʼlim-tarbiya olmoqda.
Quvonarlisi, joriy oʻquv yilida maktabni tamomlayotgan 131 nafar oʻgʻil-qizlarning 50 nafari turli tanlovlar gʻolibi sifatida hamda xalqaro sertifikatlarni qoʻlga kiritib muddatidan oldin deyarli yuz foiz xorijning nufuzli oliy taʼlim muassasalari talabasi boʻldi. Bir nafar oʻquvchi esa poytaxtimizda faoliyat koʻrsatayotgan Yangi Oʻzbekiston universitetida grant asosida oʻqish huquqini qoʻlga kiritdi.
— Oʻtgan oʻquv yilida ham 152 nafar bitiruvchilarimizning 110 nafarga yaqini oliy taʼlimga kirgan edi, — deydi maktab direktori Oʻktamjon Moʻydinov. — Shu bilan birga oʻtgan yilgi bitiruvchilarimizning deyarli 50 nafari oʻquvchilik davridayoq xalqaro sertifikatlarni qoʻlga kiritgan boʻlsa, sinovlar davom etayotgan jarayonda hozircha bu yilgi bitiruvchilarimizning 20 dan ortigʻi shunday sertifikatlarga munosib topildi.
Aytish joiz, 108 nafar tajribali oʻqituvchilar mehnat qilayotgan pedagogik jamoa oʻtgan yili «Xorijiy tillarni oʻqitayotgan eng yaxshi maktab» tanlovining shahar bosqichida faxrli 1-oʻrin, viloyatda 2-oʻrinni egallab, 300 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi. Bilim dargohi «Tashabbusli byudjet» loyihasining joriy yilgi birinchi bosqichida gʻolib boʻldi hamda mebel va IT jihozlari sotib olish uchun 1 milliard 200 million soʻm yutib oldi. Ahil-inoq jamoa «Tashabbusli byudjet» loyihasida faol ishtiroki orqali oʻtgan yili 250, ikki yil oldin 350 million soʻm yutib olgan edi.
Ayni paytda maktabda bir nafar oʻqituvchi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri ustamasi, 10 nafarga yaqin ustozlar esa 1000 dollar va undan koʻp ish haqi olmoqda. Shuningdek, 14 nafar ingliz tili oʻqituvchilarining barchasi xalqaro sertifikatlarga ega. Oʻz navbatida 20 nafar oʻqituvchi oliy toifali ustoz sifatida eʼtirof etilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Buyuk shoirning Samarqanddagi tabarruk izlari
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Urush, jasorat va sport: hafta davomida dunyo eʼtiborini tortgan 10 ta surat
- “Humans” Oʻzbekistondan yuzlab million dollar zararni qoplashni talab qilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring