Fargʻonada Janubiy Koreyada ishlash uchun malakali mutaxassislar tayyorlaydigan markaz ochildi

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Janubiy Koreyaning Ulsan metropoliten shahri meri Kim Du Gyom boshchiligidagi delegatsiya Fargʻona viloyatiga tashrif buyurib, hududlararo investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish boʻyicha yuzma-yuz muloqotlar oʻtkazildi.
Fargʻona viloyati hokimligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda qayd etilganidek, bugungi kunda viloyatda Janubiy Koreya kapitali ishtirokida 48 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda. 2024-yili ushbu mamlakat bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalarda 55,4 mln. dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi.
Oʻz navbatida, Ulsan metropoliten shahri meri Kim Du Gyom Fargʻona viloyati bilan migratsiya, sanoat, taʼlim va boshqa yoʻnalishlarda hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi. Mehnat, taʼlim vizalarini yoʻlga qoʻyish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun muhim tashabbuslar ilgari surildi. Shu yilning iyul oyida Ulsan shahri tadbirkorlaridan iborat delegatsiyaning amaliy tashrif bilan Fargʻonaga kelishiga kelishib olindi.
Uchrashuvda Fargʻona viloyati va Ulsan metropoliten shahri oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi anglashuv memorandumi imzolandi.
Muloqotlar davomida Fargʻona shahrida Ulsan shahriga malakali mutaxassislarni tayyorlash markazining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tantanali tadbirda Ulsan metropoliten shahri meri Kim Du Gyom, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev ushbu hamkorlik koʻlami yildan yilga kengayib borishiga ishonch bildirdi.
— Hamkorlik memorandumiga koʻra, nomzodlar Ulsan shahriga malakali mutaxassislarni tayyorlash markazida 3 oylik kasb va til oʻrganish kurslarida oʻqiydi, — deydi Migratsiya agentligi Fargʻona filiali bosh mutaxassisi Bahromjon Haydarov. — Oʻquv kursini tamomlagan yoshlarga Ulsan shahar hokimligi toʻgʻridan-toʻgʻri ishchi viza berishni yoʻlga qoʻyadi va “Hyundai” kemasozlik kompaniyasiga ishga joylashtiradi.
Loyiha doirasida “Hyundai” kemasozlik zavodida ishlash istagini bildirganlarning 365 nafari imtihonlarda qatnashdi va 202 nafari saralashdan muvaffaqiyatli oʻtdi. Birinchi bosqichda 105 nafari oʻqimoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring