Fargʻonada ulugʻ mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi keng nishonlandi

12:27 09 Fevral 2026 Jamiyat
247 0

Fargʻona viloyatida buyuk mutafakkir, serqirra ijodkor, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi keng nishonlanmoqda.

Qutlugʻ sana munosabati bilan viloyat boʻylab turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilib, ijodiy muloqotlar, mushoira kechalari hamda adabiy uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.

Bugun erta tongda Fargʻona shahridagi Alisher Navoiy xiyobonida tantanali ehtirom tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda viloyatdagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, adabiyotshunos olimlar, ziyolilar, talaba-yoshlar hamda sheʼriyat ixlosmandlari ishtirok etdi.

Tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov soʻzga chiqib, ishtirokchilarni Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi bilan samimiy tabrikladi. Shuningdek, tadbirda nutq soʻzlaganlar hazrat Navoiy ilgari surgan insonparvarlik, adolat, maʼrifat va ezgulik gʻoyalari bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar mazmun-mohiyati bilan uygʻun ekanini taʼkidladilar.

Ayniqsa, bugungi murakkab va dolzarb zamonda ulugʻ shoirning tinchlik, bunyodkorlik va ezgulikka chorlovchi boqiy satrlari oʻz ahamiyatini yanada oshirayotgani qayd etildi.

Tantanali tadbir adabiy-badiiy dastur bilan davom etib, barkamol avlod vakillari ijrosida Alisher Navoiy gʻazallari yangradi, mumtoz kuy-qoʻshiqlar jarang sochdi.

— Fargʻona shahridagi eng katta koʻchalardan biriga Alisher Navoiy nomi berilgani, shahar markazida uning nomi bilan ataluvchi muazzam xiyobon qad rostlagani xalqimizning ulugʻ ajdodimizga boʻlgan chuqur hurmat va ehtiromining yorqin ifodasidir, — deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari Dilshoda Ergasheva. — Shuningdek, viloyat markazida Yoshlar ijod bogʻi barpo etilgani, Margʻilon shahrida ijod maktabining faoliyat koʻrsatayotgani mamlakatimizda adabiyot va sheʼriyatga qaratilayotgan yuksak eʼtiborning amaliy samarasidir.

Qayd etilishicha, joriy yilda ham ushbu sana munosabati bilan viloyat miqyosida koʻplab adabiy uchrashuvlar, ilmiy-amaliy anjumanlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlar orqali Alisher Navoiy ijodiy merosini yoshlar oʻrtasida keng targʻib etish maqsad qilingan.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?