Fargʻonada Turkiya tajribasi asosida “aqlli yoʻl” tizimi  joriy etiladi

17:45 16 Dekabr 2022 Jamiyat
851 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov turkiyalik investor, informatsion tizimlarga ixtisoslashgan “Streat” kompaniyasi rahbari Zeynep Yildirimni qabul qildi.

Uchrashuvda Fargʻona viloyati avtomobil yoʻllarida Turkiya investitsiyasi hisobiga “aqlli yoʻl” tizimi joriy etish masalasi muhokama qilindi.

Fargʻona viloyati hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, Fargʻona vodiysi viloyatlarida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan mazkur loyiha uchun 10 million dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritilishi rejalashtirilmoqda. Bu loyihadan koʻzlangan maqsad yoʻllarda avtomashinalar oqimini sifatli boshqarish, tirbandlikning oldini olish hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Yuzma-yuz muloqotda qayd etilishicha, “aqlli yoʻl” tizimi yoʻl harakati hodisalari, jarohat olish va oʻlim koʻrsatkichlarini 90 foizgacha kamaytirish imkonini beradi. Toʻliq inson omilisiz ishlovchi bu tizim quyosh energiyasidan quvvat oladi va radar, kamera, elektron tablolar bilan jihozlanadi. Yangi tizim voqea joyiga yoʻl harakati xavfsizligi, tez yordam va favqulodda vaziyatlar xizmatlarini chaqirish boʻyicha ham alohida qulayliklarga ega.

Eng muhimi, ushbu tizimni oʻrnatish xarajatlari kamligi va qulayligi bois istalgan hududda joriy etish mumkin. u tezlikni oshirish, qizil chiroqda oʻtish, piyodalarga yoʻl bermaslik kabi har qanday qoidabuzarlikni oʻz vaqtida aniqlaydi, barcha jarayon toʻliq nazorat qilinishini taʼminlaydi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?