Fargʻonada “Matiz” mashinasida yonib ketgan ayol fojiasining asosiy sababi nima edi?
Foto: Xalq so‘zi
2023-yilning 24-yanvar kuni soat taxminan 19-larda Fargʻona shahrida 29 yoshli Muhammadali Usmonov “Matiz” rusumli avtomashinasida homilador turmush oʻrtogʻi (sharʼiy nikoh asosida), 36 yoshli Mahliyo Haydarovani shifoxonadan yashash xonadoniga olib ketayotgan vaqtida rashk tufayli oʻrtada janjal kelib chiqadi.
Ushbu voqealar chizgisi Fargʻonada oʻtgan hafta sodir boʻlgan, aytish mumkinki, oʻta mashʼum hodisani qayta yodingizga solgandir. Darhaqiqat, M. Usmonov turmush oʻrtogʻi bilan gaplashib olish maqsadida avtomashinani “Neftchi” stadioni roʻparasida toʻxtatgani, kutilmaganda avtomashina orqa oʻrindigʻida oʻtirgan ayol oʻzi bilan uyidan olib chiqqan plastmassa idishdagi benzin yoqilgʻisini dastlab turmush oʻrtogʻi, keyinchalik oʻzi va avtomashina saloni ichiga sepgani, qoʻrqib ketgan erkak avtomashinadan tushib, tashqariga qochgan vaqtda ayol yondirgich bilan oʻzini va avtomashinani yoqib yuborgani chindan ham dahshatli. Yanada achinarlisi, chaqiruvga asosan hodisa joyiga yetib kelgan Fargʻona viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan yongʻin tezkorlik bilan oʻchirilib, shoshilinch tibbiy yordam xodimlari tomonidan avtomashina salonida boʻlgan marhumaning yongʻin natijasida tugʻilgan chaqalogʻi shifoxonada koʻrsatilgan zarur tibbiy yordamga qaramay, vafot etgani har qanday inson qalbini larzaga keltiradi.
Ayni paytda ushbu holat yuzasidan Fargʻona shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 103-moddasi 2-qismi “b” bandi (Oʻzini oʻzi oʻldirish darajasiga yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Xoʻsh, Internet tarmoqlari va OAV vositalari orqali turlicha talqin etilayotgan mazkur fojianing asl sababi nimada edi? Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Komila Kavlonova holatni oʻrganish maqsadida marhuma tugʻilib oʻsgan Margʻilon shahri “Ahmad Yassaviy” MFY Yoshlarobod koʻchasidagi xonadonda boʻldi.
Oilaning turmush tarzi bilan tanishib, tezkor ravishda ularga ijtimoiy va psixologik yordam koʻrsatish choralari koʻrildi. Bundan tashqari holat boʻyicha mutasaddi mansabdor shaxslar va jamoatchilik vakillari oʻrtasida muhokama tashkil etish chora-tadbiri rejalashtirildi.
Oʻz navbatida shu kunning oʻzida Muhammadali Usmonov istiqomat qilayotgan Fargʻona shahridagi “Huvaydo” MFYda joylashgan yashash xonadonida ham boʻldilar.
Maʼlum boʻlishicha, Muhammadali 2022-yilning 28-avgust kuni Rossiyadan kelib, 19-noyabr kuni fuqaro M. Homidova bilan Fargʻona shahar 2-sonli FHDYO orqali qonuniy nikohdan oʻtishgan.
Suhbat jarayonida aniqlanishicha, Muhammadali Rossiyada ishlab yurgan vaqtida Mahliyo ismli ayol bilan tanishib, oʻzidan 8 yosh katta va 1 nafar voyaga yetmagan farzandi boʻlishiga qaramay, sharʼiy nikoh orqali yashab yurishgan. Bu haqida Muhammadali Usmonov oila aʼzolarining umuman xabari boʻlmagan. Ammo Muhammadali va Mahliyo oʻrtasiga sovuqchilik tushib, Rossiyadayoq ularning munosabati buzilgan.
2022-yil 19-noyabr kuni Muhammadali oila qurganidan xabar topgan Mahliyo unga homilador ekanligi bois yana birga yashash taklifini bildirgan.
Muhammadali Usmonov yangi oila qurganligini aytib, rozi boʻlmagan. Shundan soʻng 202Z yil 12-yanvar kuni nomaʼlum shaxs tomonidan Muhammadali Usmonov yashash uyining koʻcha tomonidagi tabiiy gaz muhrlari oʻchirilib, shaxsiy avtomashinasining ballonlari teshib ketilgan. Yashirin kamera orqali bu ishni Mahliyo sodir etgani aniqlangan.
2023-yil 24-yanvar kuni Mahliyo Muhammadaliga telefon orqali bogʻlanib, ahvoli yomonlashganligi, tezda kelib Fargʻona shahar tugʻuruq boʻlimiga olib borishini aytgach, uni ijarada turgan manzilidan kasalxonaga olib kelayotganida yuqoridagi fojea yuz bergan.
Shu yilning 11-yanvar kuni Fargʻona shahar “Madaniyat” mahalla fuqarolar yigʻini ishchi guruhi aʼzolari xonadonma-xonadon kirib ayollar muammolarini oʻrganishi davomida Qoʻqon koʻchasining 60-uy, 18- xonadonda ijarada turgan Mahliyo Haydarova bilan yuzma-yuz muloqot oʻtkazishgan. M. Haydarova muloqot asnosida 2022-yilning noyabr oyidan buyon 2013-yilda tugʻilgan Malikaxon ismli qizi va turmush oʻrtogʻi bilan birga mazkur uyda ijarada yashayotganligini taʼkidlagan.
Suhbat chogʻida ayol Margʻilon shahridagi doimiy yashash hududida tabiiy gaz va elektr energiyasi yoʻqligi sababli qish mavsumini oʻtkazib, yaqin kunlarda ikkinchi farzandini dunyoga keltirishi va chillasi chiqishi bilan doimiy yashash xonadoniga ketishini aytgan.
— Baʼzan loqaydligimiz, muammoning asl ildiziga yetib borishga kech qolishimiz tufayli shu kabi ayanchli fojia kelib chiqayotgani achinarlidir, -deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Komila Kavlonova. — Bunday holatlar ikki oilaning emas, butun boshli jamiyatning muammosi sifatida qaralishi zarur. Afsus, onaga qoʻshilib chaqaloq ham nobud boʻldi. Xotin-qizlar, mahalla faollari, ota-onalar ishtirokida ushbu fojiani atroflicha oʻrganib, kelgusida bu kabi koʻngilsizliklar sodir boʻlmasligi uchun ayollar muammolari bilan ishlashda yangicha yondashuvlarga oʻtish zarurligini yana bir karra his qildik.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring