Fargʻonada ilk bor “Istiqbolli davlat xizmatchisi – 2025” tanlovi boʻlib oʻtdi

13:34 17 Noyabr 2025 Jamiyat
168 0

Fargʻona viloyatida tajriba sifatida “Istiqbolli davlat xizmatchisi – 2025” tanlovi oʻtkazildi.

Tanlov Fargʻona viloyati hokimligi va Boshqaruv samaradorligi agentligi hamkorligida tashkil etilgan boʻlib, unda keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar samarasi alohida eʼtirof etildi. Bu yangilanish va oʻzgarishlar jarayonida davlat boshqaruvida bilimli, salohiyatli va Vatanga sadoqatli mutaxassislarga boʻlgan ehtiyoj ortib borayotganini koʻrsatadi.

— Bugun davlat xizmatchisi boʻlish — bu shunchaki oddiy ish emas. Bu — xalq ishonchini oqlash, Vatanga sidqidildan xizmat qilish demakdir, — dedi Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov. — Bu islohotlarga daxldorlik tuygʻusi, yuksak masʼuliyatini talab etadi.

Taʼkidlanishicha, inson resursi islohotlar drayveriga aylangan bugungi davrda har bir mutaxassis tinimsiz izlanishi, bilim olishi va kasb-hunar egallashga intilishi zarur.

— Viloyat miqyosida 700 nafar dan ziyod davlat xizmatchilari ishtirok etgan tanlov 5 bosqichda oʻtkazilib, ishtirokchilar orasidan 63 nafar munosib nomzod saralab olindi, — deydi Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari Ahadjon Akbarov. — Tanlov yakunlariga koʻra, Fargʻona viloyati iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi shoʻba boshligʻi Jamshidbek Jahbarov faxrli birinchi oʻrinni egalladi.

Shuningdek, Furqat tumani oila va xotin-qizlar boʻlimi bosh mutaxassisi Gulzoda Muxtorova hamda Fargʻona viloyati adliya boshqarmasi shoʻba boshligʻi Ziyodbek Halimjonov ikkinchi va uchinchi oʻringa munosib topildi. Gʻoliblar pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Tanlov yakunida barcha gʻoliblarga sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, tanlov qatnashchilari koʻrsatilayotgan eʼtibor va yaratilayotgan shart-sharoitlar uchun tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirib, kelgusida yanada samarali faoliyat olib borish va yurt ravnaq-rivojiga munosib hissa qoʻshishga vaʼda berdilar.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?