Fargʻonada “Fidoyi yoshlar yetakchisi” koʻrik-tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

18:51 15 Iyul 2022 Jamiyat
700 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻonada “Fidoyi yoshlar yetakchisi” koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi gʻoliblari ragʻbatlantirildi.

Prezidentimizning joriy yil 19-yanvar kuni qabul qilingan “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida navqiron avlod manfaatlarini himoyalash, ularni barcha jabhada qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimi yaratildi. Yoshlar muammolarini bevosita mahallalarning oʻzida hal etish, taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlar samaradorligini yanada oshirish jarayoni yanada jadallashdi.

— Ayni paytda viloyatdagi 1 ming 62 ta mahalla fuqarolar yigʻinida yoshlar yetakchilari faoliyat koʻrsatmoqda, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Fargʻona viloyat boʻlimi boshligʻi Maʼsudjon Sulaymonov. — Shuningdek, bu boradagi hayotbaxsh islohotlar doirasida taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligi yaxshilanishiga erishilmoqda.

Tanlovning shahar-tuman bosqichida gʻolib boʻlgan 19 nafar yoshlar yetakchisi 4 ta shart boʻyicha bellashdi. Hakamlar hayʼati xulosasiga koʻra, Fargʻona shahridagi “Gulzor” MFY yoshlar yetakchisi Jahongir Isroilov birinchi oʻringa munosib topildi.

Buvayda tumanidagi “Yangiqadam” MFY yoshlar yetakchisi Bunyodjon Otaqulov, Qoʻqon shahar “Istiqlol” MFY vakili Irodaxon Qayumova keyingi oʻrinlarga sazovor boʻldi.

Gʻoliblarga tashkilotchilarning diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?